Mirziyoyev:"Falastin xalqi BMT rezolyusiyalari bilan tasdiqlangan huquqqa ega"

Bugun, 9-noyabr kuni Xalqaro kongress markazida Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining Toshkent sammiti o‘z ishini boshladi.

2062539
Mirziyoyev:"Falastin xalqi BMT rezolyusiyalari bilan tasdiqlangan huquqqa ega"

 

Bugun, 9-noyabr kuni Xalqaro kongress markazida Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining Toshkent sammiti o‘z ishini boshladi.

Sammitni mamlakat prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqi bilan ochib berdi.

O‘zbekiston rahbari o‘z nutqida, jumladan, hozirgi kunda Yaqin Sharq mintaqasida kuzatilayotgan notinchliklarga yana bir bor to‘xtaldi. Ushbu mojaroning global tinchlik va xavfsizlikka jiddiy tahdid solayotgani ta’kidlandi.

"Global tinchlik va xavfsizlikka jiddiy tahdid solayotgan Yaqin Sharqdagi Falastin-Isroil urushi barchamizda katta tashvish uyg‘otmoqda. Ming afsuski, bu qonli nizo oqibatida avvalo, tinch aholi vakillari, ayniqsa, ayollar, bolalar va keksalar ko‘plab qurbon bo‘lmoqda. Urushning mintaqa bo‘ylab yoyilib ketish xavfi tobora real tus olmoqda.

Qarama-qarshilikning keng ko‘lamli nizoga aylanib ketishiga aslo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Biz tomonlarni zudlik bilan harbiy harakatlarni to‘xtatishga, tinch muzokaralarni boshlash, oqilona murosaga kelishga chaqiramiz.

Falastin xalqi Birlashgan Millatlar Tashkiloti rezolyusiyalari bilan tasdiqlangan huquqqa, ya’ni, o‘zining mustaqil davlatini barpo etish huquqiga ega, degan qat’iy pozitsiyamizni yana bir bor bildiramiz", – deydi Mirziyoyev.

O‘zbekiston rahbari Afg‘oniston xalqiga insonparvarlik yordamini ko‘paytirishga chaqirdi.

“Shuningdek, bugungi sammit tashkilotimiz a’zolaridan biri bo‘lgan Afg‘oniston ishtirokisiz o‘tayotganiga diqqatingizni qaratmoqchiman.

Asrlar davomida bizga yon qo‘shni bo‘lgan ko‘pmillatli Afg‘oniston xalqini bugungi murakkab muammolari qarshisida yolg‘iz qoldirib bo‘lmaydi. Ushbu mamlakatni mintaqaviy integratsiya jarayonlariga faol jalb etish barqaror taraqqiyotimizning ajralmas va zaruriy shartidir.

Barchangizni afg‘on xalqiga gumanitar yordam ko‘rsatishni ko‘paytirishga, ushbu mamlakatdagi o‘tkir ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni jamoaviy mas’uliyat va maqbul mexanizmlar asosida hal etishga chaqiraman”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

 

 

 

 


Tanlangan kalimalar: #O'zbekiston , #IHT , #Shavkat Mirziyoyev

Aloqador xabarlar