Qozog‘iston janubida olti davlat harbiy mashg‘ulot o'tkazdi

“Cheksiz birodarlik-III” o‘quv mashg‘ulotlarida Qozog‘iston, Ozarbayjon, Qatar, Pokiston, Turkiya va O‘zbekiston harbiylari qatnashgan.

2189600
Qozog‘iston janubida olti davlat harbiy mashg‘ulot o'tkazdi

 

Qozog‘iston janubidagi Turkiston viloyatida “Cheksiz birodarlik-III” o‘quv mashg‘ulotlari bo‘lib o‘tdi.

Unda Qozog‘iston, Ozarbayjon, Qatar, Pokiston, Turkiya va O‘zbekiston harbiylari qatnashgan. Mashqlarni barcha oltita davlat Qurolli kuchlari qo‘mondonligi vakillari nazorat qilib borgan. Bundan tashqari, Iordaniya va Qirg‘iziston Qurolli kuchlari vakillari kuzatuvchi sifatida ishtirok etgan.

“Olti davlat harbiy kontingentlarining birlashgan guruhlari oldiga chegarani yorib o‘tib, aholi gavjum hududda boshpana topgan noqonuniy qurolli tuzilmani to‘sish va yo‘q qilish vazifasi qo‘yildi. Jangarilarning uchuvchisiz samolyotlar yordamida qo‘shinlarning qo‘shma guruhini mag‘lub etishga urinishi elektron urush orqali bartaraf etildi”, deyiladi Qozog‘iston Mudofaa vazirligi xabarida.

Mashg‘ulotlar davomida shartli qo‘mondonlik balandliklarini egallash uchun birlashgan guruhning taktik havo hujumi amalga oshirilgan. Hujum kamikadze dronlari va aviatsiya havo zarbalari, shuningdek, mobil guruhlarning o‘q otishi bilan qo‘llab-quvvatlangan. Ma’muriy binoga bostirib kirilgandan so‘ng chekinayotgan dushman qo‘shinlari dronlar yordamida tunnelda yo‘q qilingan.

Mashg‘ulotlarda to‘rt yuz nafardan ortiq harbiy xizmatchilar ishtirok etgan.


Tanlangan kalimalar: #Qozog'iston

Aloqador xabarlar