O‘zbekiston bilan Turkmaniston strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlamoqchi
Shavkat Mirziyoyev bugun turkmanistonlik hamkasbi Serdar Berdimuhamedov bilan telefon orqali muloqot qildi.
Shavkat Mirziyoyev 22 - sentabr kuni turkmanistonlik hamkasbi Serdar Berdimuhamedov bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot xizmati rasmiy veb – sayti orqali ma’lumot bo‘lishdi.
Ushbu ma’lumotga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkmaniston Prezidentini tavallud kuni bilan samimiy tabriklab, unga mustahkam sog‘lik, baxt - saodat va katta muvaffaqiyatlar, qardosh turkman xalqiga esa tinchlik va ravnaq tiladi.
Unda shuningdek O‘zbekiston - Turkmaniston do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi.
Faol siyosiy muloqot va samarali idoralararo aloqalar, jumladan, Hukumatlararo komissiya doirasidagi hamkorlik mamnuniyat bilan qayd etildi.
Muloqot yakunida o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi oshayotgani, «Shovot - Toshovuz» chegaraoldi savdo zonasi barpo etilayotgani, energetika va transport sohasidagi hamkorlik chuqurlashib borayotgani, hududlararo va madaniy - gumanitar almashinuv dasturlari amalga oshirilayotgani qayd etildi.
Davlat rahbarlari mintaqaviy kun tartibining dolzarb jihatlari va qo‘shma tadbirlar rejasini ham ko‘rib chiqdilar.