O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida raqamli TIR loyihasi ishga tushirildi

O‘zbekistonda Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida O‘zbekiston va Qirg‘iziston davlat bojxona organlari va Xalqaro avtomobil transporti ittifoqi (MSAT) bilan hamkorlikda ikki davlat o‘rtasida raqamli TIR loyihasini ishga tushirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

1798981
O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida raqamli TIR loyihasi ishga tushirildi

 

18-mart kuni O‘zbekistonda Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) doirasida O‘zbekiston va Qirg‘iziston davlat bojxona organlari va Xalqaro avtomobil transporti ittifoqi (MSAT) bilan hamkorlikda ikki davlat o‘rtasida raqamli TIR (yo‘llarda xalqaro yuk tashuv) loyihasini ishga tushirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda O‘zbekiston Davlat bojxona qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Ilhom Muxtorov, Qirg‘iziston Davlat bojxona xizmati raisi o‘rinbosari Almaz Saliyev, Turkiy davlatlar tashkiloti bosh kotibi o‘rinbosari Mirvohid Azimov, MSAT katta maslahatchisi Vaxtang Zarandiya, shuningdek, O‘zbekiston va Qirg‘iziston xalqaro avtomobilda tashuvchilar uyushmalarining vakillari ishtirok etdilar.

Turkiy davlatlar tashkiloti bosh kotibi o‘rinbosari Mirvohid Azimov marosimda nutq so‘zlab, 2021 yil 12 noyabrda bo‘lib o‘tgan Istanbul sammitida davlat rahbarlari tomonidan a’zo mamlakatlarning tegishli organlariga Transkaspiy xalqaro Sharq-G‘arb o‘rta koridorini yanada samarali, barqaror va uzluksiz yo‘lakka aylantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishni davom ettirish bo‘yicha topshiriq berilganini qayd etdi.

Mirvoxid Azimov, shuningdek, Istanbul deklaratsiyasida Prezidentlar bojxona va transport tartib-qoidalarini, jumladan, raqamli vositalarni joriy etish orqali soddalashtirishga chaqirganliklarini ta’kidladi. Shuning munosabati bilan, Turkiy davlatlar tashkiloti butun TIR tizimini tez fursatlarda to‘liq kompyuterlashtirishni qo‘llab-quvvatlashi hamda raqamli TIRni boshqa a’zo va kuzatuvchi mamlakatlar hisobiga yanada kengaytirishni rag‘batlantirishi e’tirof etildi.

Tomonlar mazkur loyiha O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi ahil qo‘shnichilikni mustahkamlash, turkiy dunyo mamlakatlari o‘rtasidagi transport aloqalarini kengaytirish va mintaqaviy savdoni rivojlantirishga munosib hissa qo‘shishiga ishonch bildirdilar.

Tadbir so‘ngida ishtirokchilar O‘zbekistonning “Do‘stlik” chegara o‘tkazish punktida bojxona tartib-qoidalarini yengillashtirish va ikki davlat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmini oshirish imkonini beradigan yangi chegara bojxona terminalining ochilishiga ham guvoh bo‘ldilar. 

Mutaxassislarning fikricha, TIR jarayonlarini qo‘llaydigan 70 dan ortiq davlatlar orasida Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo besh davlatdan ikkitasi – Turkiya va O‘zbekiston foydalanilgan TIR karnet kitobchalari soni bo‘yicha top uchlikka kiradi. Shu bilan birga, O‘zbekistonda so‘nggi 3 yil ichida yuk tashishda TIR karnetdan foydalanish hajmi yiliga 30-40 foizga oshgan.



Aloqador xabarlar