Farg‘ona viloyati delegatsiyasi Turkiyaga tashrif buyurdi

Tashrif doirasida Farg‘ona hokimligi, tadbirkorlar, qishloq xo‘jaligi klasterlari rahbarlaridan iborat delegatsiya a’zolarining Bursa viloyatida va Istanbulda rasmiy uchrashuvlar hamda ishbilarmon doiralari bilan muloqotlar o‘tkazishi rejalashtirilgan.

1780356
Farg‘ona viloyati delegatsiyasi Turkiyaga tashrif buyurdi

 

Shu kunlarda Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov boshchiligidagi Farg‘ona viloyati delegatsiyasi hududlararo investitsiyaviy, savdo-iqtisodiy, ijtimoiy sohalardagi hamkorlik aloqalarini kengaytirish maqsadida Turkiyaga tashrif buyurdi.

Tashrif doirasida Farg‘ona viloyati hokimligi, tadbirkorlar, qishloq xo‘jaligi klasterlari rahbarlaridan iborat delegatsiya a’zolarining Bursa viloyatida va Istanbulda rasmiy uchrashuvlar hamda ishbilarmon doiralari bilan muloqotlar o‘tkazishi rejalashtirilgan.

Bursa viloyati hokimi o‘rinbosari Mustafo Qilich, qishloq xo‘jaligi va o‘rmonchilik boshqarmasi boshlig‘i Hamit Aygul hamda qishloq xo‘jaligi sohasi mas’ullari ishtirokida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Bursaning bu sohada so‘nggi 30 yilda bosib o‘tgan rivojlanish yo‘li, oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini jahon bozorlariga olib chiqish, raqobatbardoshligini oshirish, eksport salohiyatini kengaytirish borasidagi tajribasini o‘rganishga e’tibor qaratildi. Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashda foydalanilayotgan samarali mexanizmlar hamda ajratilayotgan subsidiyalar xususida so‘z yuritildi.

Uchrashuvda Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov keyingi yillarda O'zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, yangilanish va o‘zgarishlar xususida ma’lumot berdi.

Yuzma-yuz muloqotda qishloq xo‘jaligi sohasida Bursadan malakali mutaxassislarni Farg‘ona viloyatiga jalb etish, farg‘onalik qishloq xo‘jaligi sohasi vakillarini tajriba almashish uchun Bursaga yuborish, fermerlar, chorvachilik, baliqchilik, bog‘dorchilik hamda dehqonchilik xo‘jaliklarini manzilli qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishida Turkiya tajribasini batafsil o‘rganish, urug‘chilik va ko‘chatchilik sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish borasida kelishib olindi.

Bursa viloyati voliysi (gubernatori) Yakub Janpolat bilan muloqotda ikki davlat rahbarlarining yuksak siyosiy irodasi bilan turk va o'zbek xalqlari o‘rtasida do‘stlik va qardoshlik rishtalari yangi bosqichga ko‘tarilgani qayd etilib, bu jarayonda Farg‘ona va Bursa o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri hududlararo hamkorlikni kengaytirish istiqbollari hamda imkoniyatlari muhokama qilindi. Yillik 16 milliard dollarlik eksport hajmiga ega bo‘lgan, avtomobilsozlik, tekstil, mebelsozlik hamda qishloq xo‘jaligida Turkiyaning eng rivojlangan viloyatlaridan biri bo‘lgan, hududida 17 ta erkin iqtisodiy zona joylashgan Bursa bilan Farg‘ona viloyati o‘rtasida ko‘p tomonlama amaliy hamkorlikning poydevori qo‘yildi.

Turkiyaning eng yirik mebelchilik markazlaridan biri bo‘lgan Bursaning Inego‘l tumani bilan Buvayda tumani, bolalar kiyimlari ishlab chiqarishda Turkiyaning markazi bo‘lgan Bursa shahridagi Yildirim tumani bilan Uchko‘prik tumani, chinnichilik hamda kulolchilik an’analari bilan mashhur Iznik tumani bilan Rishton tumani o‘rtasida bevosita hamkorlik o‘rnatish, shuningdek, qishloq xo‘jaligi, oliy ta’lim, mahalliy davlat boshqaruv tizimini samarali tashkil etish sohalarida ko‘p tomonlama hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga kelishib olindi.

Bursa Buyuk shahar hokimi Alinur Aktash bilan uchrashuvda Farg‘ona va Bursa viloyatlari o‘rtasida ikki tomonlama iqtisodiy, investitsion, madaniy aloqalarni yo‘lga qo‘yish, o‘zaro manfaatli yo‘nalishlarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari o‘rganildi. Uchrashuv yakunida Farg‘ona viloyati hamda Bursa viloyati o‘rtasida birodarlik aloqalarini o‘rnatish to‘g‘risida kelishuv imzolandi.

Turkiyaga tashrif dasturi doirasida Bursa Tijorat va Sanoat palatasida palata rahbari Ibrahim Burkay bilan o‘tkazilgan uchrashuv g‘oyatda samarali bo‘ldi. 50 mingdan ziyod tadbirkorlik sub’ekti, 22 mingdan ortiq ishlab chiqarish korxonalarini o‘zida jamlagan palatada bo‘lib o‘tgan muloqot chog‘ida Bursa ishbilarmonlari sarmoyasini, tajriba va bilimlarini Farg‘ona viloyatiga jalb etish, yirik dunyo bozorlarni hamkorlikda zabt etish istiqbollari muhokama qilindi. Farg‘ona viloyati delegatsiyasi hamda Bursa viloyati rasmiylari va ishbilarmon doiralari ishtirokida bo‘lib o‘tgan biznes-anjumanda Farg‘ona viloyatining investitsiyaviy, savdo-iqtisodiy, ijtimoiy sohalardagi imkoniyatlari bag‘ishlangan taqdimot o‘tkazildi. Taqdimot yakunida turkiyalik tadbirkorlarning o‘zaro hamkorlikni yanada kuchaytirish nuqtai nazaridan berilgan savollariga viloyat hokimi Xayrullo Bozorov batafsil javob berdi. Ikki viloyat tadbirkorlari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan B2B uchrashuvlar turli sohalarda yirik hamkorlik shartnomalarini imzolashga huquqiy asos yaratdi.

Shuningdek, Farg‘ona viloyati delegatsiyasining Uludag‘ Eksportchilar Assotsiatsiyasi tarkibiga kiruvchi Uludag‘ meva-sabzavot mahsulotlari eksportchilari uyushmasidagi uchrashuv, savdo, xizmat ko‘rsatish sohasi vakillari, tadbirkorlik sub’ektlari bilan muloqotlar amaliy kelishuvlarga boy bo‘ldi.

Farg‘ona viloyati delegatsiyasining Turkiyaga amaliy tashrifi davom etmoqda.


Tanlangan kalimalar: #Xayrullo Bozorov , #Turkiya , #Farg'ona

Aloqador xabarlar