O‘zbekiston – Turkiya: Tibbiyotda yangi qo‘shma loyihalar amalga oshiriladi

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligida Turkiyaning O'zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Olgan Bekar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

1769897
O‘zbekiston – Turkiya: Tibbiyotda yangi qo‘shma loyihalar amalga oshiriladi

 

Turkiya — O‘zbekiston bilan ishonchli hamkor, strategik sherik. Ikki tomonlama aloqalar barcha yo‘nalishlar, xususan, tibbiyot sohasida ham yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Ayniqsa, koronavirus pandemiyasi davrida kasallikka qarshi kurashishda Turkiya O'zbekistonga yaqindan amaliy ko‘mak ko‘rsatmoqda.

Turk mutaxassislarining O'zbekistonga kelib davolash va profilaktika jarayonlarida ishtirok etishi, onlayn maslahatlashuvlar orqali bilim hamda tajriba almashishi, COVID-19ga qarshi himoya vositalari, tibbiy jihozlar, dori-darmonlar hamda 200 ming doza “Sinovac” vatsinasi taqdim etilishi shular jumlasidan.

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligida Turkiyaning O'zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Olgan Bekar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda o‘tgan davrda tibbiyot sohasidagi  o‘zaro hamkorlik natijalari hamda kelgusidagi rejalar muhokama etildi. Bu haqda SSV matbuot xizmati xabar berdi.  

Qayd etilganidek, sog‘liqni saqlash va farmatsevtika sohalarida O‘zbekiston-Turkiya forumi o‘tkazilib, tibbiyot muassasalari o‘rtasida hamkorlik bo‘yicha 10 ta shartnoma imzolangani bugun o‘z amaliy samaralarini bermoqda.

Qolaversa, Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (TIKA) ko‘magida joylarda bemorlar uchun tibbiy ko‘riklar tashkil etilib, ularda murakkab jarrohlik amaliyotlari o‘tkazilayotgani o‘zaro munosabatlarning yana bir muhim yo‘nalishidir.

Shuningdek, tibbiy ta’lim sohasida ham aloqalarimiz kengaymoqda. Mutaxassislar Turkiyaning nufuzli klinikalarida malaka oshirib qaytishmoqda. Buxoro tibbiyot instituti negizida Turkiya Tibbiyot fanlari universiteti bilan tashkil etilgan qo‘shma fakultet faoliyat ko‘rsatmoqda.

Uchrashuvda elchi janoblari Turkiya tomoni O‘zbekiston bilan sog‘liqni saqlash sohasida hamkorlikni yanada izchil va yuqori sur’atda davom ettirishga tayyor ekanligini qayd etib, yangi qo‘shma loyihalarni ro‘yobga chiqarishga doir taklif va mulohazalarini bayon etdi.


Tanlangan kalimalar: #Turkiya , #O'zbekiston

Aloqador xabarlar