O'zbekistondan xabarlar 18-qism

O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev 23 avgust kuni ish tashrifi bilan Toshkentda bo'lgan Rossiya Federatsiyasi hukumati Raisining birinchi o`rinbosari Igor Shuvalovni qabul qildi.

807284
O'zbekistondan xabarlar 18-qism

Shavkat Mirziyoev Rossiya hukumati raisining birinchi o`rinbosari Igor Shuvalovni qabul qildi.

O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev 23 avgust kuni ish tashrifi bilan Toshkentda bo'lgan Rossiya Federatsiyasi hukumati Raisining birinchi o`rinbosari Igor Shuvalovni qabul qildi.

Bu xaqda O'zbekiston Prezidenti Matbuot xizmati xabar qildi.

Davlat rahbari mehmonni O`zbekistonga tashrifi bilan qutlar ekan, Igor Shuvalovni Iqtisodiy hamkorlik bo`yicha qo`shma hukumatlararo komissiyaning Rossiya tomonidan raisi etib tayinlangani bilan tabrikladi.

O`zbekiston Prezidentining shu yil 4-5 aprel kunlari Rossiya Federatsiyasiga davlat tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarni to`la amalga oshirish, shuningdek, iqtisodiyotning turli sohalaridagi o`zaro manfaatli hamkorlikning yangi dastur va loyihalarini hayotga samarali tatbiq etishda Komissiya muhim ahamiyat kasb etishi alohida ta`kidlandi.

Hozirgi paytda o`zaro munosabatlar jadal rivojlanayotgani qayd etildi.

Uchrashuvda ikki mamlakat o`rtasida amaliy hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, yuqori texnologiyali sohalardagi investitsion loyihalar va yangi istiqbolli dasturlar ijrosini jadallashtirish masalalari muhokama qilindi.

Igor Shuvalov samimiy qabul uchun davlat rahbariga minnatdorlik bildirib, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin va hukumati raisi Dmitriy Medvedevning salom va ezgu tilaklarini izhor etdi.

İgor Shuvalov, Rossiya O`zbekiston bilan keng ko`lamli hamkorlikni bundan buyon ham strategik sheriklik va ittifoqchilik ruhida rivojlantirib, mustahkamlab borishga tayyor ekanini ta`kidladi.      

O`zbekiston va Qozog`iston ilk bor harbiy hamkorlik rejasini imzolashdi.

Qozog`iston mudofaa vaziri Saken Jasuzakov o'tgan xaftada rasmiy tashrif bilan O`zbekistonda bo'ldi.

Saken Jasuzakov tashrif doirasida O'zbekiston Mudofaa vaziri Qobul Berdiev bilan uchrashdi.

Toshkentda bo`lib o`tgan uchrashuvda tomonlar hamkorlikning istiqbolli yo`nalishlarini hamda hudud xavfsizligiga tahdid solishi mumkin bo`lgan vaziyatlarda tezkor harakat qilish borasida o`zaro amaliy hamkorlik masalaarini muhokama qildi.

Ikki tomonlama uchrashuv yakunida vazirlar O`zbekiston va Qozog`iston Mudofaa vazirliklari ikki mamlakat tarixida birinchi bor harbiy hamkorlik rejasini imzolashdi.

Mazkur rejada, qo`shnlarni tezkor va jangovor harakatlarga birgalikda tayyorlash hamda harbiy ta`lim borasidagi tadbirlar kiritilgan.

Mazkur xujjat, O`zbekiston va Qozog`iston mudofaa vazirliklari tarixida hamkorlik borasida imzolangan birinchi hujjat bo`ldi.

Tashrif davomida Qozog`iston mudofaa vaziri Saken Jasuzakov O`zbekiston prezidenti tomonidan qabul qilindi.

Shavkat Mirziyoev ikki mamlakat harbiy muasasalari orasida o`zaro munosabatlar rivojlanayotganidan mamnunligini bildirdi va hudud xavfsizligi yo`lida hamkorlikni rivojlantirish kerakligini ta`kidladi.

Saken Jasuzakov O`zbekistonda Qurolli Kuchlar salohiyatini oshirish va mamlakat mudofaa qobiliyatini mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlarga yuksak baho berdi va Qozog`iston tomoni ikki davlat o`rtasida keng ko`lamli hamkorlikni rivojlantirishga tayyor ekanini ta`kidladi

O'zbekistonlik 72 nafar urush faxriylari Hajga bepul yuborildi.

Shu xaftada 72 nafar Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va ularga hamrohlik qiluvchilar haj safariga jo`nab ketdi.

O`zbekistonlik ziyoratchilarning 430 nafardan iborat so`nggi guruhlari haj ziyoratini amalga oshirish uchun Saudiya Arabistoni Podshohligiga kuzatildi.

Bu xaqda O'zbekiston Din ishlari qo`mitasi axborot xizmati xabar qildi.

Xaj ziyoratchilari qatorida 72 nafar Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va ularga hamrohlik qiluvchilar ham haj safariga jo`natildi.

Faxriylarni kuzatish ishlari O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Din ishlari bo`yicha qo`mita, O`zbekiston musulmonlari idorasi hamda "Nuroniy" jamg`armasi mas`ul xodimlari bilan hamkorlikda uyushqoqlik bilan amalga oshirildi.

Haj ziyoratiga ketayotgan faxriylar Toshkent va Namangan xalqaro aeroportlaridan to`g`ridan-to`g`ri Madina shahriga kuzatildi.

Malumki, O`zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoevning shu yil 4 apreldagi qaroriga asosan, ilgari haj ziyoratiga borolmagan yoki bunga imkoni bo`lmagan urush qatnashchilari prezident ajratgan mablag` hisobidan haj ziyoratiga yuborishga qaror qilingan edi.

O`zbekistonda 6155 kilogramlik ulkan palov tayyorlandi.

17 avgust kuni Olmaliq shahrida O`zbekistondagi eng katta palov  pishirildi.

Ekspertlar tomonidan qayd etilgan ushbu taomning og`irligi 6 tonnadan ziyodni tashkil qiladi.

Palov Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida maxsus tayyorlangan diametri 4,2 metrli va sig`imi 8 ming litrli qozonda pishirildi. Qozon o`rnatilgan o`choqning og`irligi deyarli 3 tonnaga teng edi.

Palov tayyorlash uchun 826 kilo mol go`shti, 825 kilo qo`y go`shti, 195 kilo dumba yog`i, 1650 kilo guruch ishlatildi. Ulkan qozonga 2,4 tonna sabzi, 185 kilo piyoz, 350 litr o`simlik moyi, 480 kilo tuz, 4,5 kilo zira, 165 kilo zirk, 90 kilo no`xat va 3 kilo qora murch solindi.

O`zbekistonning eng taniqli 50 dan ortiq oshpazi ushbu palovni pishirish uchun yig`ilishdi. Shohona taom uzunligi 2 metrdan ortiq bo`lgan kafgirlarda tayyorlandi.

Tayyor bo`lgan palov tadbir mehmonlari va Olmaliqning 22 ming nafardan ortiq aholisiga tarqatildi.

Tashkilotchilarga ko'ra, mazkur tadbir, jahondagi eng katta palov tayyorlash oldidan repetitsiya bo`lgan. 8 sentyabr kuni "O`zbegim" milliy qadriyatlar festivali doirasida dunyodagi eng katta palovni tayyorlab rekord o`rnatish va uni Ginnesning rekordlar kitobiga kiritish uchun rasman urinish bo`lib o`tadi

Dehlida O`zbekiston-Hindiston biznes-forumi bo`lib o`tdi.

Shu yilning 22 avgust kuni O`zbekiston Respublikasi delegatsiyasining Dehli shahriga tashrifi chog`ida ikki davlat ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokida O`zbekiston-Hindiston biznes-forumi bo`lib o`tdi.

Forumda O`zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov, Tashqi savdo vaziri Elyor G`aniev, Investitsiyalar bo`yicha davlat qo`mitasi raisining birinchi o`rinbosari Laziz Qudratov, Hindiston savdo va sanoat davlat vaziri Nirmala Sitharaman, "Hindiston-Mustaqil Davlatlar Hamdo'stligi" Savdo-sanoat palatasi faxriy prezidenti Rajan Madhu, O`zbekiston va Hindistonning etakchi kompaniyalari rahbarlari qatnashib nutq so`zlashdi.

Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov forumning ochilishida so`zlagan nutqida, O`zbekiston uchun Hindiston bilan savdo-iqtisodiy va investitsion hamkorlikni kengaytirish, ishbilarmon doiralari o`rtasida yanada yaqin munosabatlarni o`rnatish, respublikadagi ishlab chiqarish loyihalarida ishtirok etishga yangi hind kompaniyalarini jalb qilish muhim ahamiyat kasb etishini ta`kidladi.

Komilov Hindiston biznesi vakillariga O`zbekiston iqtisodiyoti, O`zbekistonda chet el investorlari uchun yaratilgan zarur sharoitlar, soliq va bojxona imtiyozlari, shingdek istiqbolli loyihalarni amalga oshirishga investitsiya kiritgandagi boshqa engilliklar xaqida malumot berdi.

Komilov, Hindistonlik investorlarini mazkur erkin iqtisodiy zonalarda ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirishda keng ishtirok etishga taklif etdi.

O`zbekiston delegatsiyasining Hindistonga tashrifi doirasida hamda biznes-forum yakunida umumiy hajmi 80 million dollardan ortiq bo`lgan 22 ta shartnoma hamda umumiy hajmi 70 million dollardan ortiq bo`lgan 20 ta investitsion bitim imzolandi.

      



Aloqador xabarlar