Shavkat Mirziyoyev bilan Almazbek Atambayev o‘rtasida telefon orqali muloqot bo‘lib o‘tdi

Almazbek Atambayev davlatlar o‘rtasidagi do‘stona qo‘shnichilik aloqalarini mustahkamlash bo‘yicha chora-tadbirlarni qo‘llab-quvvatlayotgan Shavkat Mirziyoyevga minnatdorchilik bildirib, qardosh o'zbek xalqiga tinchlik-farovonlik va ravnaq tiladi.

597679
Shavkat Mirziyoyev bilan Almazbek Atambayev o‘rtasida telefon orqali muloqot bo‘lib o‘tdi

Bugun 26-oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev hamda Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Almazbek Atambayev o‘rtasida telefon orqali muloqot bo‘lib o‘tdi.

Bu haqda Qirg‘iziston hukumati matbuot xizmati xabar beradi.

Tomonlar ikki mamlakat o‘rtasidagi har tomonlama munosabatlarning holati va istiqbollarini muhokama qildi.

Almazbek Atambayev Shavkat Mirziyoyevga O‘zbekiston rahbariyatining ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalariga qaratilayotgan e’tibor, davlatlar o‘rtasidagi do‘stona qo‘shnichilik aloqalarini mustahkamlash bo‘yicha chora-tadbirlarni qo‘llab-quvvatlayotgani uchun minnatdorchilik bildirib, qardosh O‘zbekiston xalqiga tinchlik-farovonlik va ravnaq tiladi.

Qayd etish joizki, muloqot bosh vazir o‘rinbosari Adham Ikramov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasining Qirg‘izistonga tashrifi kuni bo‘lib o‘tdi.

Qirg‘iziston hukumati matbuot xizmati ma'lumotlariga ko‘ra, davlat chegarasidagi “Dostuk” nazorat-o‘tkazish punktida delegatsiyani bosh vazir o‘rinbosari Muxammetkaliy Abulgaziyev, bosh vazir o‘rinbosari Jenish Razakov, Qirg‘izistonning O‘zbekistondagi elchisi Daniyar Sidikov, O‘sh, Jalolobod va Batken viloyatlari rahbarlari, shuningdek, oqsoqollar, jamoat va madaniyat vakillari kutib oldi.

O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibidan Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyati rahbarlari, davlat organlari, madaniyat, sport vakillari, diniy ulamolar o‘rin olgan.

Tashrif doirasida qator madaniy-ommaviy tadbirlar o‘tkazish rejalashtirilgan. Uchrashuvlar yakuni bo‘yicha ikki tomonlama hujjatlar imzolanadi.



Aloqador xabarlar