Oʻzbekiston delegatsiyasi Anqarada o'tkazilgan xalqaro simpoziumda ishtirok etdi

Shu yil 7-8-dekabr kunlari boʻlib oʻtgan va butun dunyodan 100dan ortiq ekspert qatnashgan ushbu tadbir Turkiya Inson huquqlari va tenglik boʻyicha instituti tomonidan tashkil etildi.

1919437
Oʻzbekiston delegatsiyasi Anqarada o'tkazilgan xalqaro simpoziumda ishtirok etdi

 

Turkiya poytaxti Anqara shahrida boʻlib oʻtgan “Iqlim oʻzgarishi va oziq-ovqatga boʻlgan huquq – inson huquqlari talqinida” mavzusidagi xalqaro simpoziumda Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi vakili ishtirok etdi.

Shu yil 7-8-dekabr kunlari boʻlib oʻtgan va butun dunyodan 100dan ortiq ekspert qatnashgan ushbu tadbir Turkiya Inson huquqlari va tenglik boʻyicha instituti tomonidan tashkil etildi.

Yalpi majlislarda Turkiya Inson huquqlari va tenglik boʻyicha instituti raisi professor Muharram Qilich, BMTning Oziq-ovqat huquqi boʻyicha sobiq (2014-2020-yillardagi) maxsus maʼruzachisi professor Hilol Elver, yana bir qator yirik ekspertlar va olimlar, shuningdek Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining birinchi oʻrinbosari Mirzatillo Tillabayev soʻzga chiqdi.

O'zbekiston vakili oʻz nutqida Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasi doirasida iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashish, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, “yashil” iqtisodiyotga oʻtish, Orol fojiasining salbiy oqibatlarini kamaytirish hamda “Yashil Makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish bilan bogʻliq istiqbolli chora-tadbirlar haqida toʻxtaldi.

Oʻzbekistonning xalqaro tashabbuslari, xususan, Jahon ekologik xaritasini ishlab chiqish gʻoyasi Simpozium ishtirokchilarida alohida qiziqish uygʻotdi. Shuningdek, amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlar toʻgʻrisida atroflicha maʼlumot berildi.

Simpozium qatnashchilari shu yil dekabr oyida Samarqand shahrida oʻtkazilgan “Inson huquqlari sohasidagi taʼlim” global forumi yakunlaridan ham xabardor etildi. Global forum Yakuniy hujjatida aks etgan tavsiyalar qatoridan bolalar va yoshlar oʻrtasida ekologik taʼlimni kuchaytirish, migrantlar huquqlarini himoya qilish masalalari ham joy olgani taʼkidlandi.

Xalqaro anjuman ishtirokchilarining taqdimotlarida iqlim oʻzgarishi oqibatlari millionlab insonlarning keng doiradagi huquqlaridan foydalanishiga salbiy taʼsir koʻrsatayotgani tashvish bilan qayd etildi. Bu oʻrinda, jumladan, insonning oziq-ovqat, ichimlik suv, sanitariya sharoitlari, sogʻliqni saqlash va uy-joyga oid huquqlari haqida soʻz bordi.

Iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashish usullaridan biri ekologiya xavfsizligiga tayangan qishloq xoʻjaligini joriy etishdir. Chunki, sanoatlashgan qishloq xoʻjaligi taʼsirida atrof-muhitning buzilishi iqlim oʻzgarishi bilan bogʻliq muammolarning yanada qaltislashishiga olib keladi.

Inson huquqlarini himoya qilishning samaradorligini taʼminlash uchun barcha davlatlar iqlim oʻzgarishi oqibatlarini yumshatish va havoga uglerod chiqarish hajmini kamaytirish boʻyicha tegishli choralarni koʻrishi kerak.

Simpozium ishi doirasida ekologiya va oziq-ovqat inqirozlari sharoitida inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi ilgʻor tajribalar almashildi.

 


Tanlangan kalimalar: #Turkiya , #O'zbekiston

Aloqador xabarlar