O'zbekistondagi “Kelajak liderlari” klubi a’zolari Turkiya tajribasini o‘rgandi

Yosh liderlar Turkiya Respublikasi Prezidenti huzuridagi Inson resurslari ofisi rahbari Salim Atay, bir qator vazirlik va idoralar, hududlar rahbarlari bilan uchrashdi.

1899149
O'zbekistondagi “Kelajak liderlari” klubi a’zolari Turkiya tajribasini o‘rgandi

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tashabbusi bilan tashkil etilgan “Kelajak liderlari” klubi a’zolari kuni kecha Turkiya Respublikasining davlat boshqaruvi sohasidagi ilg‘or tajribasi bilan tanishish maqsadida Anqara shahri va Nevshehir viloyatida bo‘ldi.

Yosh davlat xizmatchilarining bilim va kasbiy kompetensiyalarini oshirish, ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘rganish va amaliyotda joriy qilishga ko‘maklashish maqsadida tashkil etilgan safar davomida yosh liderlar Turkiya Respublikasi Prezidenti huzuridagi Inson resurslari ofisi rahbari Salim Atay, bir qator vazirlik va idoralar, hududlar rahbarlari bilan uchrashdi. 

– Bizdagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi singari Turkiyada Prezident huzurida Inson resurslari ofisi faoliyat olib borar ekan – deydi Samarqand “Kelajak liderlari” klubi rahbari Sheroz Abduvaliyev. – Mazkur ofis tomonidan amalga oshirilayotgan “Qobiliyatlar xaritasi” platformasi “To‘g‘ri xizmat qiladigan to‘g‘ri davlat xizmatchilari” tamoyili asosida mamlakatning 81 viloyati va 922 tumanida joriy qilingan. Bu orqali 8 million nafar talaba haqidagi ma’lumotlarni tahlil qilib borish, ular bilan doimiy aloqada bo‘lish mumkin. Turkiyadagi 204 ta davlat oliy ta’lim muassasasida “Karera markaz”i tashkil etilgan bo‘lib, u yerdagi xodimlarning talabalardagi qobiliyatni aniqlash, ularni o‘qish mobaynidagi ko‘rsatkichlarini monitoring qilib boradi va keyinchalik davlat xizmati va  xususiy sektorda iste’dodli yoshlarni ish bilan ta’minlashga yordam beradi. Respublika bo‘ylab vakant lavozimlar “Qobiliyatlar eshigi” platformasiga kiritib boriladi. Bundan tashqari, oliy ta’lim muassasalari talabalariga o‘qish davomida stajirovka qilish imkoniyati yaratilgan. Stajirovkada eng kam oylik ish haqi miqdori beriladi hamda amaliyotni muvaffaqiyatli tamomlaganlar ishga qabul qilinadi.

Nevshehir viloyatida turizm asosiy sohalardan biri ekan. Viloyat aholisi 327 ming nafarni tashkil qiladi. Ammo bu yerga keladigan sayyohlar soni bir yilda 4 million nafardan ortiq ekan. Albatta, buning uchun zarur infratuzilma, sharoit va imkoniyatlar yaratilgan. Viloyatda 664 ta mehmonxona mavjudligi turizm sohasining nechog‘lik rivojlanganligini ko‘rsatadi. 

Ma’lumotlarga ko‘ra, Turkiyada uch yil oldin bir turist kuniga o‘rtacha 47 AQSH dollari atrofida xarajat qilgan bo‘lsa, sohada amalga oshirilgan islohotlar natijasida bugungi kunda sayyohlarning kunlik xarajati 85 AQSH dollariga yetgan.

Safar davomida mamlakat vakillari Turkiyada davlat xizmati tizimining ijobiy tajribalarini uyg‘unlashtirgan holda ish olib borish yuzasidan takliflarini bildirdi.


Tanlangan kalimalar: #Turkiya , #O'zbekiston

Aloqador xabarlar