Ozarbayjon xorijdagi elchixonalariga uyushtirilgan hujumga munosabat bildirdi

“Vandalizm va terrorizm unsurlarini o‘z ichiga olgan bu hujumlar diplomatlar va ularning mulkiga zarar yetkazishga qaratilgan bo‘lib, jinoiy harakatlar sifatida tavsiflanadi”, deyiladi Ozarbayjon TIV xabarida.

1882071
Ozarbayjon xorijdagi elchixonalariga uyushtirilgan hujumga munosabat bildirdi

 

Ozarbayjon hukumati mamlakatning xorij mamlakatlardagi elchixonalariga uyushtirilgan hujumga munosabat bildirdi.

Ozarbayjon arman diasporasi vakillarining Ozarbayjonning xorijiy davlatlardagi diplomatik vakolatxonalari binolariga uyushtirgan hujumidan jiddiy xavotirda.

Bu haqda Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligi bayonotida qayd etilgan.

“Vandalizm va terrorizm unsurlarini o‘z ichiga olgan bu hujumlar diplomatlar va ularning mulkiga zarar yetkazishga qaratilgan bo‘lib, jinoiy harakatlar sifatida tavsiflanadi”, deyiladi Ozarbayjon TIV xabarida.

Vazirlikning qayd etishicha, Ozarbayjon tomoni tegishli davlatlar huquq-tartibot idoralaridan arman radikallari tomonidan sodir etilgan vandalizm harakatlari tekshirilishini va ushbu jinoyatlarni sodir etgan shaxslarning harakatlariga huquqiy baho berilishini talab qiladi.

“Biz radikal arman guruhlarining jinoiy harakatlarini keskin qoralaymiz va tegishli mamlakatlarda bunday provokatsiyalarning oldini olishga mas’ul tuzilmalardan o‘z vazifalariga mas’uliyat bilan munosabatda bo‘lishini kutamiz”, deyiladi bayonotda.

Tashqi ishlar vazirligi 1961 yildagi Diplomatik munosabatlar to‘g‘risidagi Vena konvensiyasiga muvofiq, qabul qiluvchi davlat missiya binolarini har qanday bosqindan himoya qilish uchun barcha tegishli choralarni ko‘rish vazifasini, shuningdek, zarar yetkazish va missiya tinchligini buzish yoki uning qadr-qimmatiga tajovuz qilishning oldini olish majburiyatlarini eslatib o‘tgan.

Eslatma: 18 sentyabr kuni Ozarbayjonning Fransiyadagi elchixonasiga tajovuzkor kayfiyatdagi arman diasporasi vakillari hujum qildi.

Ijtimoiy tarmoqlarda arman guruhlari Ozarbayjonning AQSh, Fransiya va Livandagi elchixonalariga hujum uyushtirishga uringani haqidagi tasvirlar tarqatildi.

Ozarbayjonning Parijdagi elchisi Rahman Mustafoyev o‘zining Twitter sahifasida elchixona binosiga hujum uyushtirilganini ma’lum qildi.

Uning aytishicha, Fransiyadagi arman aqidaparastlari Ozarbayjonning Parijdagi elchixonasi binosiga hujum qilgan.

Mustafoyev Fransiya prezidenti Emmanuel Makronning Twitter sahifasini belgilab, "elchixonalarini himoya qilmayotgan va ularning xavfsizligi bo‘yicha haqli talablarini e'tiborsiz qoldirayotgan" Fransiyani tanqid qildi.

Mustafoyev bu holat Fransiya uchun sharmandalik ekanini ta'kidladi.

Ayni paytda Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligi, Arman guruhlari tomonidan uyushtirilgan hujum yuzasidan Ozarbayjonning Parij elchixonasiga norozilik notasi berilganini ma'lum qildi.

Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligiga chaqirilgan Fransiya elchisi Zachari Gros, Ozarbayjon elchixonasi bilan bog‘liq voqeadan afsusda ekanini aytib, voqeaga to‘g‘ri huquqiy baho berilishi uchun Ozarbayjon tomonining iltimosiga ko‘ra zarur choralar ko‘rilishini ta’kidladi.

Ozarbayjon hukumati Fransiyadan ushbu vandalizm bilan bog'liq tergov o'tkazilishini va elchixonaga yetkazilgan zararni qoplashini talab qildi.


Tanlangan kalimalar: #Ozarbayjon

Aloqador xabarlar