O‘zbekistonda “Teknofest”ni o‘tkazishga kelishib olindi

Joriy yilning 30 avgust – 4 sentyabr kunlari Turkiyaning Samsun shahrida “Teknofest Aero & Tech 2022” festivali bo‘lib o‘tdi. Festivalda O‘zbekiston paviloni ham qad rostladi. O‘zbekiston nomidan Prezidentning kenja kuyovi – Otabek Umarov ishtirok etdi.

1876180
O‘zbekistonda “Teknofest”ni o‘tkazishga kelishib olindi

 

O‘zbekistonda ham Turkiyadagi kabi aerokonmonavtika va texnologiya festivali – “Teknofest” o‘tkaziladi.

Bu haqda O'zbekiston Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev o‘zining Instagram’dagi sahifasi orqali xabar berdi. 

Ma’lumki, joriy yilning 30 avgust – 4 sentyabr kunlari Turkiyaning Samsun shahrida “Teknofest Aero & Tech 2022” festivali bo‘lib o‘tdi. Unda doimgidek, yuqori darajali texnologiyalar va aerokosmonavtika bo‘yicha texnologiyalar namoyish etildi.

Shuningdek, “Baykar Makina” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan yangi tovushdan tez uchuvchi uchuvchisiz havo vositasi – “Kizilelma” taqdimoti o‘tkazildi. U “Akinci” va “Bayraktar” dronlarining yangi avlodidir. 

Festivalda Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Tayyip Erdo‘g‘an ham qatnashdi. Festivalda O‘zbekiston paviloni ham qad rostladi. O‘zbekiston nomidan Prezidentning kenja kuyovi – Prezident xavfsizlik xizmati rahbari birinchi o‘rinbosari Otabek Umarov bilan Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev  ishtirok etdi. 

Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Tayyip Erdo‘g‘an va “Baykar Makina” kompaniyasi asoschisi Selchuk Bayraktar bilan muloqotlar davomida “Teknofest” kabi aerokonmonavtika va texnologiya festivalini 2024 yilda O‘zbekistonda o‘tkazishga kelishib olingan. 

“Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Tayyip Erdo‘g‘an va “Baykar Makina” kompaniyasi asoschisi Selchuk Bayraktar bilan texnika, aviatsiya va kosmos yo‘nalishidagi “Teknofest”ga o‘xshagan yirik festivalni 2024 yilda O‘zbekistonda o‘tkazish bo‘yicha muzokaralar olib bordik”, deydi Alisher Sa’dullayev. 

TEKNOFEST

Festival 2018 yilda ilk bor tashkil etilgan. 2019 yilda xorijiy davlatlardan 1,7 million shaxsan tashrif buyuruvchilar va yana ko‘plab qiziquvchilarga mezbonlik qilgan “Teknofest” joriy yilda dunyoning eng yirik aviatsiya ko‘rgazmasiga aylandi.

Turli davlatlar talabalari o‘rtasida konkurslar va mudofaa texnologiyalarini namoyish etish barobarida “Teknofest” ko‘plab mamlakatlar havo kuchlarining yer va havodagi imkoniyatlarini namoyish etish uchun ideal platforma bo‘lib ham xizmat qilmoqda. 



Aloqador xabarlar