Istanbulda Turk dunyosi shaharlari ittifoqi Bosh Assambleyasi qurultoyi boʻlib oʻtdi

Tadbirda O’zbekiston “Yuksalish” umummilliy harakati raisi Bobur Bekmurodov boshchiligidagi Samarqand, Qoʻqon, Xiva shaharlari hokimlaridan iborat Oʻzbekiston delegatsiyasi ham ishtirok etdi.

1843867
Istanbulda Turk dunyosi shaharlari ittifoqi Bosh Assambleyasi qurultoyi boʻlib oʻtdi

 

Kuni kecha Istanbul shahrida Prezident Rajab Tayyip Erdoʻgʻan raisligida Turk dunyosi shaharlari ittifoqi Bosh Assambleyasining navbatdagi 6-qurultoyi boʻlib oʻtdi.

Tadbirda O’zbekiston “Yuksalish” umummilliy harakati raisi Bobur Bekmurodov boshchiligidagi Samarqand, Qoʻqon, Xiva shaharlari hokimlaridan iborat Oʻzbekiston delegatsiyasi ham ishtirok etdi.

Maʼlumot uchun: Turk dunyosi shaharlari ittifoqi (TDBB) 2003-yil 12-noyabrda umumiy geografik, tarixiy va madaniy qadriyatlarga ega boʻlgan turkiy tilli mamlakatlar shaharlari va viloyatlari bilan faoliyat olib borish maqsadida tashkil etilgan. Bu haqdagi qaror 2000-yilda Ozarbayjonda boʻlib oʻtgan Turkiy tilli davlatlar sammitida qabul qilingan. Ittifoqning bosh qarorgohi Istanbulda joylashgan. Turk dunyosi shaharlari ittifoqi 30 mamlakatdan 1 200 aʼzo-shahar oʻrtasida hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha dastur va loyihalarni amalga oshiradi.

Qurultoyda Ittifoqqa aʼzo mamlakatlar vakillari turkiyzabon davlatlar shaharlari oʻrtasida investitsiya, infratuzilmaviy va madaniy rivojlanish yoʻnalishlarida oʻzaro hamkorlikni kengaytirish jihatlarini muhokama qildi. Bir qator hokimlar oʻzlari faoliyat yuritayotgan hududlar farovonligini oshirish, turkiy tilli mamlakatlar va mintaqalarda shahar boshqaruvi faoliyatini kuchaytirish boʻyicha oʻz tajribasi va yondashuvlarini taqdim etdi.

Qurultoy doirasida Turk dunyosi shaharlari birligi ittifoqi Direktorlar kengashining yangi tarkibi tuzildi. Unga Oʻzbekistondan Qoʻqon shahar hokimi Maʼruf Usmonov ham uch yil muddatga saylandi. Bu Ittifoqda mahalliy hokimiyat organlari manfaatlarini ifodalash, Oʻzbekiston va Ittifoq oʻrtasida mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbariyati darajasida ustuvor yoʻnalishlar boʻyicha kelgusi hamkorlikni kuchaytirish imkonini beradi. Bundan tashqari, 27—30-sentyabr kunlari Oʻzbekistonda boʻlib oʻtadigan Oltoy hamjamiyatlarining 10-xalqaro simpoziumiga tayyorgarlik koʻrish masalalari muhokama etildi.

Joriy yilning 11-12-iyun kunlari Turkiyaning Bursa shahrida mahalliy oʻzini-oʻzi boshqarish organlarining xalqaro konferensiyasi boʻlib oʻtgandi. Unda mahalliy hokimiyat vakillari – Turk dunyosi shaharlari ittifoqi aʼzolari bitta maydonga yigʻilib, mahalliy boshqaruv sohasida erishilgan yutuqlarni muhokama etdi. Anjumanda Oʻzbekiston delegatsiyasi aʼzolarining chiqishlari ham oʻrin oldi.



Aloqador xabarlar