Turkiya matbuotida O‘zbekiston-Turkiya munosabatlariga bag'ishlangan maqola chop etildi

Uning muallifi Anqara inqirozlarni o‘rganish va siyosiy tadqiqotlar markazi rahbari, professor Sayfiddin Erol gazetxonlar e’tiborini O‘zbekiston-Turkiya diplomatik munosabatlarining 30 yilligi sanasiga qaratdi.

1788110
Turkiya matbuotida O‘zbekiston-Turkiya munosabatlariga bag'ishlangan maqola chop etildi

 

O‘zbekiston-Turkiya diplomatik munosabatlarining 30 yilligi sanasi arafasida Turkiyaning "Dünya" gazetasi sahifasida ushbu mavzuga bag‘ishlangan salmoqli maqola bosilib chiqdi.

Uning muallifi Anqara inqirozlarni o‘rganish va siyosiy tadqiqotlar markazi rahbari, professor Sayfiddin Erol gazetxonlar e’tiborini O‘zbekiston – Turkiya aloqalari rivojidagi ushbu muhim sanaga qaratar ekan, quyidagilarni yozadi.

“Bundan roppa-rosa 30 yil muqaddam – 1992 yil 4 mart kuni mamlakatlar o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilgan edi. O‘tgan 30 yil ichida mushtarak tamaddun va madaniyatning ikki bulog‘i bo‘lib kelgan rasmiy Toshkent va Anqara o‘zaro munosabatlarini zamonaviy dunyo tartibotiga muvofiq ravishda rivojlantirib, yaqin aloqalar o‘rnatishga erishdi. Bu borada 1996 yil 8 mayda O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida imzolangan “Abadiy do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risida”gi shartnoma alohida ahamiyatga molikdir. Ushbu bitim ikki davlat o‘rtasidagi mustahkam tarixiy rishtalarning istiqbolda ham izchil va bardavom bo‘lishini anglatadi.

“Uchinchi Renessans” jarayonini boshidan kechirayotgan O‘zbekiston 2016 yilda janob Shavkat Mirziyoyev Prezident bo‘lganidan so‘ng amalga oshirilgan islohotlar tufayli Anqara bilan munosabatlarini yanada yuqori bosqichga olib chiqdi. Aloqalar strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilar ekan, ko‘plab ikki tomonlama shartnomalar imzolandi. Munosabatlarning tashkiliy asoslari mustahkamlandi, ta’bir joiz bo‘lsa, qardoshlik huquqiga asoslangan aloqalar o‘rnatildi”. 

Maqolada iqtisodiy va madaniy sohalardagi o‘zaro munosabatlarning samaralari bilan bir qatorda mintaqaviy xavfsizlik, xususan, Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlik o‘rnatilishida birgalikdagi sa’y-harakatlar, bu borada amalga oshirilayotgan yirik sarmoyaviy va infratuzilmaviy loyihalar to‘g‘risida ham batafsil ma’lumot berilgan.  

Ikki tomonlama munosabatlarning eng muhim yo‘nalishi iqtisodiyot ekani alohida urg‘ulangan. “2020 yilda 2,1 milliard dollarni tashkil etgan o‘zaro savdo hajmi 2021 yilda 3,4 milliard dollardan oshdi. Birinchi bosqichda bu ko‘rsatkichni 5 milliard dollarga, keyinroq esa 10 milliard dollarga yetkazish ko‘zda tutilgan. Turkiya O‘zbekistonning tashqi savdosida Rossiya, Xitoy va Qozog‘istondan keyin to‘rtinchi o‘rinda turadi. Binobarin, iqtisodiy munosabatlarimiz mustahkam asosda rivojlanib bormoqda, deyish mumkin. Qolaversa, Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan liberallashuv jarayoni bu boradagi taraqqiyot uchun yangi imkoniyatlar yaratmoqda. O‘zbekiston jahon bilan integratsiyalashib borayotgan bir vaqtda, savdo munosabatlari har ikki tomonning manfaatlariga mos keladigan muvozanatli asosda rivoj topmoqda. Tomonlarning import va eksport raqamlari o‘zaro mutanosib ekani ham buni tasdiqlaydi. Bundan tashqari, 2021 yilda O‘zbekistonda turk kapitali ishtirokida 400 dan ziyod kompaniya tashkil etildi va Turkiya bu jihatdan mamlakatga eng ko‘p sarmoya kiritgan davlatlardan bo‘ldi”. 

O‘tgan yilning dekabr oyida Anqara va Istanbul shaharlarida o‘tkazilgan O‘zbekiston madaniyati kunlari, Istanbulda tashkil etilgan “Qo‘rqut Ota” kinofestivali doirasidagi “O‘zbekiston maxsus kuni”, respublikaning qadimiy shaharlaridan biri bo‘lgan Xiva 2020-2021 yillarda Xalqaro Turkiy madaniyat tashkiloti (TURKSOY) tomonidan Turk dunyosining madaniyat poytaxti etib tanlangani, 2022 yilda esa Turkiyaning Bursa shahri Turk dunyosining madaniy poytaxti, deb e’lon qilingani ikki tomonlama madaniy-gumanitar yo‘nalishdagi hamkorlikning samarali ekanligiga misol bo‘la oladi.  

Shu bilan birga, 2021 yil dekabr oyida Ispaniyada bo‘lib o‘tgan Jahon turizm tashkilotining 24-yig‘ilishida Samarqand shahriga 2023 yil Jahon turizm poytaxti maqomi berilishida Turkiyaning diplomatik ko‘magi katta rol o‘ynagani, ushbu dastak o‘zaro munosabatlarning adabiy do‘stlik ruhiga munosib ravishda rivojlanayotganining yorqin ifodasi ekanligi alohida ta’kidlangan.  

Maqolada Turkiy davlatlar tashkilotining tashkil topishi mamlakatlar o‘rtasidagi aloqalarning rivojiga yangi sur’at baxsh etishi urg‘ulangan.

“Bugungi kunda O‘zbekiston 35 millionlik aholisi va o‘sib borayotgan iqtisodiy qudrati bilan Tashkilotning eng muhim a’zolaridan biri hisoblanadi. Shavkat Mirziyoyevning 2021 yil 12 noyabr kuni Istanbulda bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkilotining Sakkizinchi sammitidagi tashabbuslari Turk dunyosi va O‘zbekiston-Turkiya munosabatlarining yaqin istiqboldagi ravnaqini ko‘rsatib berdi”, deb yozadi muallif.


Tanlangan kalimalar: #Turkiya , #O'zbekiston

Aloqador xabarlar