Turkiya delegatsiyasi O'zbekiston Oliy Majlis Qonunchilik palatasida

Turkiya Buyuk millat majlisi Imkoniyatlarda gender tenglik komissiyasi raisi Fatma Aksal boshchiligidagi delegatsiya O'zbekistonga tashrifi doirasida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari Akmal Saidov bilan uchrashdi.

1775701
Turkiya delegatsiyasi O'zbekiston Oliy Majlis Qonunchilik palatasida

 

Turkiya Respublikasi Buyuk millat majlisi Imkoniyatlarda gender tenglik komissiyasi raisi Fatma Aksal boshchiligidagi delegatsiya O'zbekistonga tashrifi doirasida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari Akmal Saidov bilan uchrashdi.

Muloqot avvalida A.Saidov mazkur uchrashuv ikki davlat o‘rtasidagi parlamentlararo hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qilishini ta’kidladi. Mehmonlarga O'zbekistonda so‘nggi besh yilda amalga oshirilgan izchil islohotlar, har tomonlama puxta o‘ylangan, o‘zaro manfaatli va amaliy tashqi siyosatning ustuvor yo‘nalishlari haqida so‘zlab berildi.

Qayd etilganidek, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Turkiya parlamenti bilan har tomonlama muloqotni faollashtirish tarafdori. Shu ma’noda parlamentlararo munosabat muntazam rivojlanayotgani quvonarli.

Mamlakatlarni tarixiy aloqalar, madaniy va diniy rishtalar, uyg‘un an’analar va ma’naviy qadriyatlar bog‘lab turadi.

Joriy yil 4 mart kuni O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida diplomatik munosabat o‘rnatilganiga 30 yil to‘ladi. So‘nggi yillarda ikki va ko‘p tomonlama hamkorlik jarayonida shaklan va mazmunan sezilarli ijobiy o‘zgarish ko‘zga tashlandi. Mintaqalararo aloqa jonlanib, muntazamlik kasb etmoqda.

Suhbat davomida o‘zaro aloqani yanada mustahkamlash, jumladan, qonun ijodkorligi va parlament nazorati sohasida tajriba almashish qamrovini kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi.

Yakunda O‘zbekiston va Turkiya parlamentlararo hamkorligini yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha aniq takliflar bildirildi.


Tanlangan kalimalar: #Fatma Aksal , #Turkiya , #O'zbekiston

Aloqador xabarlar