O‘zbekiston Prezidenti Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi sammitida ishtirok etdi

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kuni kecha Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining videoanjuman shaklida o‘tgan navbatdagi yig‘ilishida ishtirok etdi.

1746220
O‘zbekiston Prezidenti Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi sammitida ishtirok etdi

 

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kuni kecha Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining videoanjuman shaklida o‘tgan navbatdagi yig‘ilishida ishtirok etdi.

O‘zbekiston Prezidenti matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev raisligida o‘tgan sammitda Kengash Faxriy raisi, Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboyev, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin, Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenko, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov, Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan, YEOII huzuridagi kuzatuvchi mamlakat - Kuba Prezidenti Migel Bermudes va Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi Hayʼati raisi Mixail Myasnikovich qatnashdi.

Yig‘ilish kun tartibidan YEOII makonida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yana-da rivojlantirish va integratsiya jarayonlarini chuqurlashtirish, jumladan, iqtisodiyot, savdo, sanoat, transport, bojxona maʼmuriyatchiligi, raqamlashtirish va boshqa yo‘nalishlarda amaliy sheriklikni kengaytirish masalalari o‘rin oldi.

O‘zbekiston Prezidenti o‘z nutqining avvalida Qozog‘istonning YEOIIdagi raisligi muvaffaqiyatli bo‘lgani va uning tashabbusi bilan Birlashma doirasida muhim qarorlar qabul qilinganini taʼkidlab, Qozog‘iston mamlakatimiz va Tashkilot o‘rtasidagi konstruktiv hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan qo‘shma tadbirlarni qo‘llab-quvvatlaganini alohida qayd etdi.

O‘zbekiston YEOII faoliyatida kuzatuvchi davlat sifatidagi ishtirokini boshlaganidan o‘tgan bir yil mobaynida uch yillik Chora-tadbirlar rejasi doirasida Birlashmaning turli organlari, eng avvalo, Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi (YEIK) bilan samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilgani taʼkidlandi.

Milliy qonunchilikni YEOII normalariga, birinchi navbatda standartlashtirish va tashqi savdoni notarif tartibga solish sohalarida yaqinlashtirish ishlari izchil davom etmoqda. O'zbekiston “COVIDsiz sayohat qilaman” raqamli platformasiga ulandi. Yevroosiyo taraqqiyot bankiga qo‘shilish jarayoni boshlandi.

Bugungi davrning qiyinchiliklariga qaramay, murakkab sharoitlarga moslashish va yangi “o‘sish nuqtalari”ni topishga muvaffaq bo‘linayotgani qayd etildi. Xususan, O‘zbekistonning Tashkilot mamlakatlari bilan tovar ayirboshlash hajmi joriy yil boshidan 30 foizga, 2019 yilga nisbatan esa 11 foizga ortdi.

Prezident qo‘shma qarorlar qabul qilishni taqozo etayotgan eng dolzarb vazifalarni ko‘rsatib o‘tdi.

Iqtisodiy aloqalarni barqaror rivojlantirish uchun yondashuvlarni yana-da muvofiqlashtirish zarurligini qayd etib, O‘zbekiston yetakchisi o‘zaro savdoda to‘siq va cheklovlarni bartaraf etish muhim ekanini taʼkidladi. Shu munosabat bilan yurtimiz YEOII mamlakatlari bilan tovar ayirboshlashni ko‘paytirish uchun eng qulay sharoitlar yaratish borasidagi yondashuv va mexanizmlarni birgalikda ishlab chiqishga tayyorligi bildirildi.

Davlat rahbari sanoat kooperatsiyasini mustahkamlashning dolzarb ahamiyatini yana bir bor taʼkidlab, bu borada, shu jumladan Tashkilot doirasida Industriallashtirish onlayn xaritasini yaratishda ishtirok etish orqali hamkorlikni tizimli asosda yo‘lga qo‘yish taklifini ilgari surdi.

Prezident yangi transport yo‘laklarini yaratishga qaratilgan, mamlakatlar tranzit salohiyatini oshirishga xizmat qiladigan loyihalarni yana-da faolroq ilgari surishga chaqirdi.

O‘zbekiston yuk tashishlarni kuzatish uchun navigatsiya tamg‘alarini joriy qilish dasturiga qo‘shilishi mumkinligi qayd etildi. YEOII logistika zanjirlarini rivojlantirish raqamli ekotizimini yaratish to‘g‘risidagi tashabbus qo‘llab-quvvatlandi.

Ishtirokchilarning eʼtibori global iqlim kun tartibini hisobga olgan holda “yashil” energetika loyihalarini amalga oshirish borasidagi saʼy-harakatlarni birlashtirish zarurligiga qaratildi. Shu munosabat bilan davlatimiz rahbari O‘zbekiston yuqori darajadagi Ishchi guruhi faoliyatida ishtirok etishga tayyor ekanini bildirdi hamda uning doirasida “yashil” taraqqiyot sohasida Chora-tadbirlar rejasini tasdiqlashni taklif etdi.

IT sohasida tajriba almashish va ishbilarmonlik aloqalarini rivojlantirish muhimligi qayd etildi va shu munosabat bilan navbatdagi Yevroosiyo raqamli forumini O‘zbekistonda o‘tkazish tashabbusi ilgari surildi.

Kuzatuvchi davlatlarni Yevroosiyo makonidagi dolzarb tashabbuslar va kooperatsiya dasturlarini amalga oshirishga yana-da faol jalb etish, shuningdek, ilmiy-texnik va gumanitar almashinuvlarni rag‘batlantirish zarur ekani taʼkidlandi. Shu maqsadda davlatimiz rahbari YEOII Taraqqiyot markazi imkoniyatlaridan foydalanishni hamda kuzatuvchi mamlakatlarning Kengash va YEIK organlari ishida ishtirok etishini taklif etdi.

Mirziyoyev nutqining yakunida O‘zbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi mamlakatlari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlashga intilishi qatʼiy ekanini yana bir bor tasdiqladi.


Tanlangan kalimalar: #Shavkat Mirziyoyev , #O'zbekiston

Aloqador xabarlar