O‘zbekiston va Turkiya qishloq xo‘jaligi bo‘yicha munosabatlarni mustahkamlamoqda

Qishloq xo‘jaligi ta’limi bo‘yicha O‘zbekiston-Turkiya munosabatlari yanada mustahkamlanadi. O‘zbekiston -Turkiya o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalarining ko‘lami yil sayin kengayib bormoqda.

1687475
O‘zbekiston va Turkiya qishloq xo‘jaligi bo‘yicha munosabatlarni mustahkamlamoqda

 

Raqamlarga e’tibor  qiladigan bo‘lsak,  ikki davlat o‘rtasidagi mahsulot ayirboshlash hajmi 2020 yil yakunlariga ko‘ra, 2 milliard dollardan oshdi. Yaqin istiqbolda bu ko‘rsatkichni 5 milliard dollarga yetkazish mo‘ljallanmoqda.

Qayd etish kerakki, Turkiya nafaqat rivojlangan sanoati, turizm salohiyati, ulkan davlatchilik tajribasi, balki agrar tarmoqda erishgan ulkan yutuqlari bilan ham dunyoning ilg‘or davlatlari biri hisoblanadi.

Ushbu yo‘nalishlarda o‘zaro hamkorlik, xususan, ta’lim sohasidagi aloqalar har jihatdan rivojlanmoqda. Bu borada Toshkent davlat agrar universitetida olib borilayotgan hamkorlik aloqalari alohida ahamiyatga ega. Shu kunlarda bir guruh qishloq xo‘jaligi sohasi vakillaridan iborat delegatsiya xizmat safari bilan Turkiyada bo‘lib turibdi.  

Safar chog‘ida Toshkent davlat agrar universiteti rektori, akademik B.Sulaymonov, Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar  universiteti rektori K.Komilov Akdeniz universitetida uchrashuv o‘tkazdi.

Universitetning qishloq xo‘jaligi fakulteti bilan tanishuv asnosida rektor, professor o‘qituvchilar hamda mudirlar bilan muloqot o‘tkazildi. O‘zaro  hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida Toshkent davlat agrar universiteti, Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar universiteti bilan memorandum imzolandi.

– Maqsadimiz, ikki davlat o‘rtasida qishloq xo‘jaligi ta’limi sohasida o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash, ilmiy loyihalarni amalga oshirish va o‘zaro tajriba almashish bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishishdan iborat, – deydi ToshDAU rektori, akademik Botir Sulaymonov. – Akdeniz universiteti bizda katta taassurot qoldirdi. Uning qoshidagi “Bilimlar markazi”ni muvaffaqiyatli loyiha, deb atash mumkin. Markaz rahbariyati bilan o‘zaro muloqot davomida qo‘shma ta’lim dasturlari istiqbolini muhokama qildik va grant loyihalarida o‘zbekistonlik talabalar uchun o‘rinlar sonini ko‘paytirishni kelishib oldik. Ayni  vaqtda o‘zbekistonlik 4 nafar talaba (ikki bakalavr, ikki magistr) mazkur universitetda ta’lim olmoqda. Kelgusida qo‘shma ta’lim dasturlari doirasida qishloq xo‘jaligini raqamlashtirish, qayta ishlash, agrologistika, agrobiznes kabi yo‘nalishlarda kadrlar tayyorlanadi.

Shuningdek, safar chog‘ida sabzavot, poliz ekinlari urug‘chiligi, sitrus va subtropik ekinlar yetishtirish bo‘yicha ilmiy tadqiqot ishlari olib boriladigan Turkiyaning mashhur G‘arbiy qishloq xo‘jaligi ilmiy tadqiqot institutiga ham borildi. U yerdagi laboratoriyalar, anor bog‘i, meva yetishtirish tajribalari bilan tanishildi. O‘zbekistonda mazkur yo‘nalishda ilmiy tadqiqot olib borayotgan 10 nafar tadqiqotchini malaka oshirish uchun yuborish masalasi  muhokama qilindi.

Bundan tashqari, Qishloq xo‘jaligi bo‘yicha ilmiy maqolalarni birgalikda tayyorlash va yetakchi nashrlarda chop etish bo‘yicha kelishildi. Quvonarlisi, ilmiy tadqiqot institutiga qarashli Horticultural studies jurnalida birgalikda maqolalar berish taklifiga ijobiy javob berildi.

Delegatsiya a’zolari tashrif doirasida Grow Fide kompaniyasida ham bo‘lib, dunyoning eng yirik laboratoriyalaridan biri, 15 gektar maydonda joylashgan, 500 dan ortiq ishchi-xodimlar faoliyat olib boruvchi In vitro laboratoriyasida bo‘ldi. Laboratoriyada  banan, kivi, uzum, dorivor o‘simliklar, gilos, o‘rik kabi mevali ko‘chatlarni yetishtirish yo‘lga qo‘yilgan. Tanishuv asnosida mazkur yirik ilmiy laboratoriyaga amaliyot o‘tash uchun o‘zbekistonlik talabalarni yuborish, birgalikda ilmiy tadqiqot ishlarini olib borish bo‘yicha doimiy ilmiy hamkorlikka kelishildi.  


Tanlangan kalimalar: #Turkiya , #O'zbekiston

Aloqador xabarlar