O'zbekistonda Turkiyaning “Turkpermit” tashkiloti bilan hamkorlik shartnomasi imzolandi

Imzolangan shartnomaga muvofiq, O‘zbekiston fuqarolarini tashkiliy tanlov asosida Turkiyaga vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirishga jalb etish bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.

1672694
O'zbekistonda Turkiyaning “Turkpermit” tashkiloti bilan hamkorlik shartnomasi imzolandi

 

Kecha, 8-iyul kuni O'zbekiston Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi va  Turkiyaning “Turkpermit” tashkiloti o‘rtasida O‘zbekiston fuqarolarini tashkiliy tanlov asosida ushbu mamlakatga vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun jalb qilish bo‘yicha hamkorlik shartnomasi imzolandi.

Uchrashuvda O'zbekiston Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari A.Ermatov, “Turkpermit” kompaniyasi raisi Murat Ershaxish va boshqa masʼul xodimlar ishtirok etdi.

Imzolangan shartnomaga muvofiq, O‘zbekiston fuqarolarini tashkiliy tanlov asosida Turkiyaga vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirishga jalb etish bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.

Eslatish joizki, kuni kecha O’zbekiston Tashqi mehnat migratsiyasi agentligida  Turkiyaning  “Turkpermit” kompaniyasi raisi Murat Ershaxish bilan uchrashuv bo‘lib o‘tgandi.

Anadolu axborot agentligi xabar berishicha, tadbirda O‘zbekiston fuqarolarini Turkiyaga qonuniy ishga jalb qilish hamda migratsiyaga oid boshqa masalalar muhokama qilingandi. Shuningdek, Turkiya tomoniga O‘zbekistondagi mehnat resurslari salohiyati, xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimidagi islohotlar haqida maʼlumot berildi.

Uchrashuvda Turkiyada ishchi vizasini olish va ishlash tartibi, mazkur davlatda ishlash istagida bo‘lgan fuqarolar uchun kasb-hunar va chet tillarini bilishi muhim ahamiyat kasb etishi taʼkidlandi.  

“Turkpermit” kompaniyasi raisi Murat Ershaxish mehnat migratsiyasi sohasida ikki tomonlama aloqalarni o‘rnatishdan manfaatdor ekanini, shuningdek, mehnat migratsiyasi sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash, O‘zbekiston mehnat bozorini o‘rganish maqsadida viloyatlarga tashrif buyurish istagini bildirgandi.


Tanlangan kalimalar: #Turkpermit , #Turkiya , #O'zbekiston

Aloqador xabarlar