O‘zbekiston elchisi Qirg‘iziston Prezidentiga ishonch yorliqlarini topshirdi

O‘zbekistonning Qirg’izistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Xurshid Mirzohidov 17-may kuni Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarovga ishonch yorliqlarini topshirdi.

1641775
O‘zbekiston elchisi Qirg‘iziston Prezidentiga ishonch yorliqlarini topshirdi

 

O‘zbekistonning Qirg’izistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Xurshid Mirzohidov 17-may kuni Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarovga ishonch yorliqlarini topshirdi.

Tantanali marosim “Ala-Archa” davlat qarorgohida bo‘lib o‘tdi.

Tadbirdan so‘ng bo‘lib o‘tgan suhbat chog‘ida Qirg‘iziston rahbari o‘zining joriy yil mart oyida O‘zbekistonga amalga oshirgan davlat tashrifi va Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan muzokaralari muvaffaqiyatli o‘tganiga, buning natijasida muhim kelishuvlarga erishilgani va har ikki tomon manfaatlariga javob beradigan qator hujjatlarning imzolanganiga alohida urg‘u berdi.

Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlarning hozirgi yuqori dinamikasi nafaqat ikki mamlakat qardosh xalqlarining yana-da farovonligiga, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasi xavfsizligi va barqarorligini mustahkamlashga xizmat qilishi qayd etildi.

Har ikki tomon “Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston” temir yo‘li qurilishi loyihasini amalga oshirish, shuningdek, iqtisodiy foydali yo‘nalishlar bo‘ylab multimodal tashuvlarga katta ahamiyat bermoqda.

Qirg‘iziston Prezidenti koronavirus pandemiyasi vaqtida gumanitar va texnikaviy yordam ko‘rsatgani uchun qardosh O‘zbekiston rahbariyati va xalqiga minnatdorlik bildirdi.

Eslatib o‘tamiz, elchi Xurshid Mirzohidov 2020 yil 31 may kuni Bishkekka o’z faoliyatini boshlagandi. U  15 iyun kuni Qirg‘iziston tashqi ishlar vaziriga ishonch yorliqlarining nusxasini topshirgandi.

Xurshid Mirzohidov bunga qadar O‘zbekiston axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri, Milliy teleradiokompaniyasi raisi, Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi raisining o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan.

Undan oldin O’zbekistonning Qirg‘izistondagi elchisi lavozimida Komil Rashidov faoliyat ko‘rsatgan.



Aloqador xabarlar