Shavkat Mirziyoyev Turkiy kengashning ertangi sammitida ishtirok etadi

Shavkat Mirziyoyev ertaga videoanjuman shaklida o‘tadigan Turkiy kengashning norasmiy sammitida ishtirok etadi.

1611034
Shavkat Mirziyoyev Turkiy kengashning ertangi sammitida ishtirok etadi
Türk Konseyi 01.jpg

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 31-mart kuni Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining (Turkiy kengash) videoanjuman shaklida o‘tadigan norasmiy sammitida ishtirok etadi. Bu haqida Prezidentning rasmiy veb - saytida ma’lum qilindi.

Ushbu ma’lumotga ko‘ra Qozog‘iston tashabbusi bilan chaqirilayotgan bo‘lajak oliy darajadagi uchrashuvda Turkiy kengash doirasidagi ko‘p qirrali munosabatlarni yanada kengaytirish va mustahkamlash masalalarini muhokama qilish rejalashtirilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning o‘z nutqida birlashmaga a’zo mamlakatlarning savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-kommunikatsiya va madaniy-gumanitar sohalardagi o‘zaro manfaatli hamkorligini kengaytirishga doir tashabbuslarni ilgari surishi kutilmoqda.

2009-yil 3-oktabr kuni tashkil etilgan kengashga O‘zbekiston, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Turkiya a’zo. Bundan tashqari, Vengriya Turkiy kengash ishida kuzatuvchi mamlakat sifatida ishtirok etmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi bu kengashga 2019-yilda qo‘shilgan. O‘sha yili 15-oktabrda Bokuda bo‘lib o‘tgan sammitda O‘zbekiston ilk bor to‘la huquqli a’zo sifatida ishtirok etgan.

Turkiy tilliy mamlakatlar o‘rtasidagi aloqalar va ishonchni mustahkamlash, savdo, iqtisodiyot, transport, energetika, turizm va madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlikni rivojlantirish, mintaqada tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash borasidagi sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish tashkilotning asosiy maqsadlari hisoblanadi.

Turkiy kengashning oliy organi – Davlat rahbarlarining kengashi. Doimiy faoliyat yurituvchi ijro organi – Istanbul shahrida joylashgan Kotibiyat.

Bundan tashqari, TTDHK shafeligida Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti (TURKSOY), Turkiy tilli davlatlar Parlament assambleyasi (TurkPA) va Turkiy madaniyat va meros fondi, Xalqaro Turkiy akademiya va Ishbilarmonlar kengashi faoliyat yuritmoqda.

 

 


Tanlangan kalimalar: #Shavkat Mirziyoyev , #Turkiy kengash

Aloqador xabarlar