O‘zbekiston va Turkiya harbiylari o‘rtasida o‘quv mashg‘ulotlari boshlandi

Termiz dala-o‘quv maydonida O‘zbekiston va Turkiya mudofaa vazirliklari Qurolli kuchlarining maxsus bo‘linmalari bilan hamkorlikdagi maxsus-taktik o‘quvining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

1606561
O‘zbekiston va Turkiya harbiylari o‘rtasida o‘quv mashg‘ulotlari boshlandi

 

O’zbekiston va Turkiya mudofaa vazirliklarining ikki tomonlama harbiy hamkorlik to'g'risidagi kelishuviga muvofiq, O’zbekiston va Turkiya hamkorligida maxsus harbiy mashg’ulotlar boshlandi.

Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug Janubiy operativ qo‘mondonligi Termiz dala-o‘quv maydonida O‘zbekiston va Turkiya mudofaa vazirliklari Qurolli kuchlarining maxsus bo‘linmalari bilan hamkorlikdagi maxsus-taktik o‘quvining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi boshqarma boshlig‘i, polkovnik Lazizjon Usmonov, Janubiy operativ qo‘mondonligi boshlig‘i, polkovnik Po‘latjon Sativaldiyev va Turkiya Respublikasi maxsus operatsiya kuchlari brigadasi komandirining o‘rinbosari, polkovnik Rushtu To‘redi va ikki davlat harbiy xizmatchilari ishtirok etdi.

Tantanali marosimda so‘nggi yillarda mamlakatlarimiz o‘rtasida barcha sohalarda o‘zaro hamkorlik aloqalari, do‘stlik rishtalari yangi bosqichda rivojlanayotgani ta’kidlandi.

Hamkorlikdagi o‘quv mashg‘ulotlari oldidan saf maydonida Termiz garnizoni harbiy orkestri sadolari ostida ikki davlat harbiy xizmatchilari saf tortib o‘tdi.

Harbiy xizmatchilar tajriba almashish uchun 15 kilometr majmuaviy maxsus taktik yo‘lagidan o‘tish, jangovar ikkilik, uchlik va to‘rtlik tarkibida yaqin jang elementlari bo‘yicha ko‘rgazmali amaliy maxsus o‘q otish va qiyin sharoitlarda yashovchanlik holatlari bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlarga jalb etildi.

Shuningdek, poligonda ishtirokchilar maxsus-taktik o‘quvi savollari bo‘yicha mashg‘ulotlar olib bordi, harbiylar o‘rtasida sport musobaqalari o‘tkazildi.

Ma'lumotga ko'ra, Turkiya harbiy bosh shtab rahbari Yashar Guler 25-mart kuni ushbu mashg’ulotlarni kuzatish maqsadida Termiz shahriga tashrif buyuradi.  Maxsus-taktik o‘quv mashg‘ulotlari 27 mart kuniga qadar davom etadi.

 



Aloqador xabarlar