Qirg‘iziston prezidenti Sooronbay Jeenbekov iste'foga chiqdi

Qirg‘iziston prezidenti Sooronbay Jeenbekov o’zi uchun Qirg‘izistonda tinchlik, mamlakat yaxlitligi, xalqning birligi va jamiyatdagi osoyishtalik hamma narsadan ustun ekanligini ma’lum qilgan.

1509597
Qirg‘iziston prezidenti Sooronbay Jeenbekov iste'foga chiqdi

 

Qirg‘iziston prezidenti Sooronbay Jeenbekov o’z vazifasidan iste'fo etdi.

Bu haqda Qirg’iziston prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.

Xabarga ko’ra, Qirg‘iziston prezidenti Sooronbay Jeenbekov o’zi uchun Qirg‘izistonda tinchlik, mamlakat yaxlitligi, xalqning birligi va jamiyatdagi osoyishtalik hamma narsadan ustun ekanligini ma’lum qilgan.

Sooronbay Jeenbekov bugun, 15 oktyabr kuni qirg‘iz xalqiga murojaat bilan chiqish qildi.

“Aziz vatandoshlar! Mamlakatimiz poytaxti Bishkek shahrida ijtimoiy-siyosiy vaziyat keskinligicha qolmoqda. Kecha Jo‘qorg‘i Kengesh hukumat tarkibini tasdiqladi, men Qirg‘iziston Respublikasi prezidentining tegishli lavozimlarga tayinlash to‘g‘risidagi farmonlarini imzoladim. Ammo, bu keskinlikni yumshata olmadi.

Men uchun Qirg‘izistonda tinchlik, mamlakat yaxlitligi, xalqimizning birligi va jamiyatdagi osoyishtalik hamma narsadan ustundir. Men uchun har bir vatandoshimning hayotidan azizroq narsa yo‘q. Men hokimiyatni ushlab turmayapman. Men Qirg‘iziston tarixida qon to‘kib, o‘z fuqarolariga o‘q uzgan prezident sifatida qolishni istamayman. Shuning uchun men iste'foga chiqishga qaror qildim”.

Yangi tayinlangan bosh vazir Sadir Japarov va boshqa siyosatchilarni tarafdorlarini Bishkekdan chiqarishga va shahar aholisiga farovonlik yaratib berishga chaqirgan Jeenbekov:

“Afsuski, tajovuz pasaymayapti, zudlik bilan iste'foga chiqishim haqida talablar davom etmoqda. Hozirgi vaziyat ikki tomonlama ziddiyatga yaqin. Bir tomondan namoyishchilar, boshqa tomondan huquqni muhofaza qilish organlari. Harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish idoralari davlat qarorgohini himoya qilish uchun qurol ishlatishi shart hisoblanadi. Bunday holda, qon to‘kiladi, bu muqarrar. Ikkala tomonni ham fitnalarga berilmaslikka chaqiraman. Alloh barchamizni o’z panohida asrasin!”.

Eslatma: Kecha 14 oktyabr kuni bosh vazirlik lavozimini egallagan Sadir Japarov prezident Sooronbay Jeenbekovning iste’foni talab qilgandi. Ushbu iste’fo uning talabi bilan ro‘y berdi. Japarov 14 oktyabr kuni Jeenbekov bilan uchrashib, talabini bildirgandi, ammo Jeenbekov yangi bosh vazirning iste'fo to‘g‘risidagi talabini rad etgandi.

 



Aloqador xabarlar