Bugun Ozarbayjonda prezidentlik saylovlari bo’lib o’tmoqda

Saylovda amaldagi prezident Ilhom Aliyev bilan bir qatorda, jami 8 nomzod bellashmoqda.

948822
Bugun Ozarbayjonda prezidentlik saylovlari bo’lib o’tmoqda

Bugun, 11 aprel chorshanba kuni Ozarbayjonda prezidentlik saylovlari bo’lib o’tmoqda.

Saylovda ovoz berish jarayoni mahalliy vaqt bilan soat 08:00da boshlandi.

Saylovda amaldagi prezident Ilhom Aliyev bilan bir qatorda, jami 8 nomzod bellashmoqda. So’ngi ma’lumotga ko’ra, mamlakatda 5 mln 309 ming saylovchi mavjud.

Mamlakat bo’ylab va xorijdagi Ozarbayjon diplomatik vakolatxonalarida jami 5641 nafar saylov uchastkasi tashkil qilingan.

Xorij mamlakatlarda yashagan Ozarbayjon fuqarolari yashagan davlatlaridagi Ozarbayjon elchixonalariga borib ovoz berishi mumkin. Saylovni 58175 nafar mahalliy mutahassis kuzatib bormoqda.

Qolaversa, 59 davlat va 60 nafar xalqaro tashkilotdan jami 890 nafar mutahassis hamda 21 davlatdan jami 118 jurnalist saylov jarayonini yaqindan kuzatib bormoqda.

Ovoz berish jarayoni mahalliy vaqt bilan soat 19:00da yakunlanadi.

Saylovda amaldagi prezident Ilhom Aliyev “Yangi Ozarbayjon partiyasi”dan nomzod bo’ldi, shuningdek, Birlashgan Ozarbayjon Xalq jabhasi partiyasidan nomzod Qudrat Hasanguliyev, Ijtimoiy demokrat partiyasi nomzodi Araz Alizoda, Ozarbayjon Milliy uyg’onish harakati partiyasi nomzodi Ferej Quliyev, Ozarbayjon Xalq jabhasidagi muxoliflarning nomzodi Ro’zi Nurullayev, "Musavat" partiyasi nomzodi Hofiz Hojiyev, mustaqil nomzod Zohid O’ruch va Demokrat partiya nomzodi Sardor Memmedov bellashmoqda.

Ilhom Aliyev 2003-yildan buyon Ozarbayjonga rahbarlik qilib keladi. U 2008 va 2013-yilda qayta saylangan.

2016-yilda mamlakat konstitutsiyasiga kiritilgan o‘zgartirishga ko‘ra, mamlakat prezidenti yetti yil muddatga saylanadi.



Aloqador xabarlar