Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev TIKA direktori Serdar Chamni qabul qildi

Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi TIKA Oʻzbekistonda shu kungacha 23,6 million dollar miqdoridagi 700 ga yaqin grant loyihalarni amalga oshirgan.

872131
Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev TIKA direktori Serdar Chamni qabul qildi

Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 19 dekabr kuni Toshkentga tashrif buyurgan Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (TIKA) direktori Serdar Chamni qabul qildi.

Uchrashuv chogʻida iqtisodiy, madaniy, taʼlim, sogʻliqni saqlash, atrof-muhitni muhofaza qilish, turizm va ijtimoiy ahamiyatga molik boshqa qator sohalarda amalga oshirilayotgan loyiha va dasturlar hajmini bir necha barobar koʻpaytirish boʻyicha kelishib olindi.

Aytish joizki, Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (TIKA) Oʻzbekistonda shu kungacha 23,6 million dollar miqdoridagi 700 ga yaqin grant loyihalarni amalga oshirgan.

Shuningdek, Turkiya tomonining tashabbusi bilan Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdoʻgʻon oʻrtasida 11 dekabr dushanba kuni telefon orqali muloqot boʻlib oʻtgandi.

Muloqotda davlat rahbarlari joriy yil oktyabr oyida Turkiya Respublikasiga oliy darajadagi tashrif yakunlari boʻyicha erishilgan kelishuv va bitimlarni amalga oshirish muhimligini alohida taʼkidladi.

Savdo-iqtisodiy, texnologik, moliya-sarmoyaviy, transport, turizm va madaniyat sohalaridagi qoʻshma dastur va loyihalarni amalga oshirish borasida oʻzaro samarali aloqalarni davom ettirish zarurligi qayd etildi.

Eslatib oʻtamiz, joriy yil 25-26 oktyabr kunlari Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiyaga davlat tashrifini amalga oshirdi.

Muzokaralar yakunida Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasidagi hamkorlikning turli sohalariga doir 20 dan ziyod hujjat imzolandi.


 



Aloqador xabarlar