Turk olamidan xabarlar 21-qism

Ozarbayjonning poytaxti Bakuda 4-Islom birdamlik o’yinlarining tantanali ochilish marosimi o’tkazildi.

737084
Turk olamidan xabarlar 21-qism

          

Kuni kecha Ozarbayjonning poytaxti Bakuda 4-Islom birdamlik o’yinlarining tantanali ochilish marosimi o’tkazildi.

Islom birdamlik o’yinlarida 50dan ortiq musulmon davlatdan 3 mingdan ziyod sportchi ishtirok etdi.

Ular 21 ta sport turi bo’yicha musobaqalarga qatnashdilar.

Musobaqalarga 325 nafar ozarbayjonlik sportchi qatnashdi. Qolaversa, Turkiya jami 345 sportchi bilan musobaqalarga qatnashgan eng katta delegatsiya bo’lib hisoblandi.

Erondan esa, 300 sportchi musobaqalarda ishtirok etdi.

Islom birdamlik o’yinlarining navbatdagisi 2021 yili Turkiyada bo’lib o’tadi.

Turkiya Prezidenti R.T.Erdo’g’an Islom birdamlik o’yinlarida oltin medal sovrindori bo’lgan sportchilarni tabrikladi.

Prezidentlik matbuot xizmati ma’lum qilishicha, Turkiya Prezidenti R.T.Erdo’g’an turk sportchilar Meltem Xo’jao’g’li, Dilara Bo’zan, Metin Aydin, Xon Turker Ayar, Aleyna O’zkan, Yekaterina Avramova, Kayra Sait hamda suzish bo’yicha milliy jamoadan Sezin Eligul, Selen O’zbilen, Esra Kachmaz va Gizem Bo’zkurtga tabriknoma yo’lladi.

 

Turkmanistonning poytaxti Ashxabod shahrida Kaspiy dengizi sohilida joylashgan davlatlarning delegatsiyalari to’plandi.

Turkmaniston Tashqi ishlar vazirligida bo’lib o’tgan yig’ilishga Turkmaniston, Rossiya Federatsiyasi, Ozarbayjon, Qozog’iston va Eron tashqi ishlar vazirlari bilan transport vazirlari hamda qator mutahassislar ishtirok etdi.

2014 yilning sentyabr oyida Rossiyaning Astraxan shahrida o’tkazilgan Kaspiy dengizi davlatlari rahbarlarining 4-sammitida Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhammedov tomonidan savdo-iqtisodiy hamkorlik mavzuida shartnoma loyihasi taklif qilingan edi va bu loyiha ustida ishlash qarori olingandi.

Turkmaniston tomonidan tayyorlangan shartnoma matnida Kaspiy dengizi sohilida joylashgan davlatlar o’rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish maqsad qilingan.

Mazkur shartnoma matnida Kaspiy dengizining tabiiy manbalaridan oqilona foydalanish, qo’shni davlatlar o’rtasida energiya, sanoat va Kaspiy dengizi tranzit aloqa masalalarini o’z ichiga olgan bir qator tartibotlar o’rin olgan.

Yig’ilish doirasida delegatsiyalar “Kaspiy dengizida transport hamkorligi” mavzuidagi shartnoma matni ustida o’zaro muzokara o’tkazdilar.

Turkmaniston Tashqi ishlar vazirligidan olingan ma’lumotga ko’ra, shartnomaning to’liq variantini Kaspiy dengizi davlat rahbarlari sammitiga yetishtirish ko’zda tutilgan va shartnoma matni ustida olib borilgan muzokaralar yakunlanish arafasida.

Ushbu transport hamkorligi shartnomasi asosida Kaspiy dengizining sharq va g’arb, shimol va janub yo’nalishidagi qit’a yo’llari chorraxasidagi ijobiy imkoniyatlardan foydalanish, xalqaro tranzit imkoniyati, yo’lovchi va naqliyotchilik bilan logistika imkoniyatlarini ushbu shartnoma asosida amalga oshirish maqsad qilinmoqda.

 

Navbatdagi xabarimiz Turkiyadan olingan.

Shu yilning 15 - 20 may kunlari Turkiyaning Mersin shahrida turk dunyosi teatr kunlari o’tkazildi.

Tadbir Qirg’iz milliy akademik drama teatri aktyorlari ijrosidagi “Dada Qo’rqut” nomli asar bilan boshlandi.

Kongress va ko’rgazmalar zalida tashkil qilingan tantanali ochilish marosimiga Mersin shahar hokimi Burhaneddin Kojamaz, hokim o’rinbosari Sulaymon Deniz, Qirg’izistonning Turkiyadagi favqulodda va muhtor elchisi Ibragim Junusov, TURKSOY bosh kotibi Dusen Kaseinov, TURKSOYning Qirg’izistondagi vakolatxonasi direktori Kojageldi Kuluyev, Turkiya davlat xodimlari jamiyati “TURKAV”ning  Mersindagi bo’limi rahbari Mustafa Tekerek, Qirg’iziston milliy akademik drama teatri jamoasi yetakchisi Kayrat Imonaliyev bilan turli mamlakatlardan kelgan teatr jamoalari ishtirok etdi.

Tadbirdan maqsad turk madaniyatini kelgusi nasllarga yetkazish va Mersin xalqining turk dunyosi teatrlaridan bahramand bo’lishini ta’minlashdir.

Turk dunyosi teatr kunlari davomida Qirg’iziston, Suriya, Gagauziya, Kipr, Iroq va Eron teatr jamoalari o’z navbati bilan sahnaga chiqdilar.

 

Navbatdagi xabarimiz O’zbekistondan olingan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 11 may kuni Xitoy Xalq Respublikasi prezidenti Si Szinpinning taklifiga binoan Xitoyga tashrif buyurdi.

Bu haqda O’zbekiston prezidentlik matbuot xizmati ma’lum qildi.

Ma’lumotga ko’ra, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Xitoy Xalq Respublikasi prezidenti Si Szinpinning ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokidagi muzokaralari bo‘lib o‘tdi. 

Xitoy prezidenti Shavkat Mirziyoyevni Xitoyga amalga oshirgan birinchi davlat tashrifi bilan samimiy qutladi. 

“Siz bilan Pekinda uchrashib turganimdan g‘oyat xursandman. Bu yil davlatlarimiz o‘rtasidagi diplomatik munosabatlar o‘rnatilganiga 25 yil to‘lgani hamkorligimizning bundan keyin ham jadal rivojlanishiga zamin yaratadi. 2016-yilda Buxoroda bo‘lganimda menga hamrohlik qilganingiz uchun samimiy minnatdorlik bildiraman. Bugun barcha sohalarda hamkorligimiz izchil rivojlanayotgani bizni quvontiradi”, dedi Si Szinpin. 

Xitoy prezidenti Si Szinpin Xitoy va O‘zbekiston munosabatlari yangi davrga, sifat jihatdan yangi bosqichga qadam qo‘yayotganini ta’kidladi. 

Shavkat Mirziyoyev taklif uchun Si Szinpinga minnatdorlik bildirdi va bugungi muzokaralar muntazamlik kasb etgan oliy darajadagi uchrashuvlarning mantiqiy davomi ekanini ta’kidladi. 

Muzokaralarda o‘zaro va ko‘p tomonlama munosabatlarga oid dolzarb masalalar, jumladan, siyosiy, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy va madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlikni yanada rivojlantirish xususida atroflicha fikr almashildi.

Aytib o’tish joizki, Xitoy O‘zbekiston iqtisodiyotiga eng ko‘p investitsiya kiritayotgan davlatlardan biridir. O‘zbekistonda Xitoy kapitali ishtirokidagi 700 dan ziyod kompaniya va korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. O‘tgan yillar davomida xitoylik sarmoyadorlar O‘zbekiston iqtisodiyotiga qariyb 7,8 milliard dollar miqdorida investitsiya kiritgan. 

2016-yil yakunlari bo‘yicha o‘zaro savdo aylanmasi hajmi 4,2 milliard dollarni tashkil qildi.

Xitoy bozorida O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan to‘qimachilik mahsulotlari, plastmassa buyumlar, qishloq xo‘jaligi va boshqa tovarlarga talab katta. 

Muzokaralar yakunida Shavkat Mirziyoyev va Si Szinpin O‘zbekiston Respublikasi bilan Xitoy Xalq Respublikasi o‘rtasidagi Qo‘shma bayonotni imzoladilar. Hukumatlararo texnikaviy hamkorlik to‘g‘risidagi, xalqaro avtomobil qatnovi to‘g‘risidagi bitimlar, umumta’lim maktablarida ta’lim sifatini oshirish, sog‘liqni saqlash sohasini asbob-uskunalar bilan jihozlashga doir loyihalarni moliyalashtirish to‘g‘risidagi hukumatlararo notalar almashinuvi hamda veterinariya va o‘simliklar inspeksiyasi karantini sohasida Anglashuv memorandumi, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari o‘rtasidagi hamkorlikni rag‘batlantirish bo‘yicha Anglashuv memorandumi, qishloq xo‘jaligi sohasida 2018-2020-yillarga mo‘ljallangan idoralararo almashinuv hamkorlik rejasi kabi qator muhim hujjatlar imzolandi. 

Bundan tashqari, ikki davlat o’rtasida energetika, poydevor, naqliyotchilik, qurilish, tekstil, farmatseftika, bankchilik va qishloq-xo’jaligi sohalarini o’z ichiga olgan jami qiymati 23 mlrd dollarga teng 100dan ortiq hamkorlik shartnomasi imzolandi.

O’zbekiston bilan Xitoy o’rtasida oliy darajali hamkorlik komitetini tashkil qilish xususida bitim imzolandi.



Aloqador xabarlar