Shavkat Mirziyoyev AQSh Davlat kotibi o’rinbosari Tomas Shennonni qabul qildi

Tomas Shennon boshchiligidagi AQSh delegatsiyasi 28-oktabr kuni Samarqandga borib, O’zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug’aniyevich Karimov qabrini ziyorat qilib, marhum xotirasiga hurmat bajo keltirgan edi.

599818
Shavkat Mirziyoyev AQSh Davlat kotibi o’rinbosari Tomas Shennonni qabul qildi

O’zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev 2016-yil 29-oktabr kuni AQSh Davlat kotibining siyosiy masalalar bo’yicha o’rinbosari Tomas Shennonni qabul qildi. Bu haqida O’zA axborot agentligi o’zining rasmiy portalida xabar tarqatdi.

Tomas Shennon boshchiligidagi AQSh delegatsiyasi bir kun oldin Samarqandga borib, O’zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug’aniyevich Karimov qabrini ziyorat qilib, marhum xotirasiga hurmat bajo keltirgan edi.

O’zA ma’lumotiga ko’ra Shavkat Mirziyoyev bilan Tomas Shennon suhbat davomida O’zbekiston-AQSh munosabatlari o’zaro hurmat va ishonch, bir-birining manfaatlarini inobatga olish tamoyillari asosida izchil, muvaffaqiyatli rivojlanayotgani va mustahkamlanib borayotganini ta’kidlaganlar. 

Suhbat chog’ida O’zbekiston va Amerika Qo’shma Shtatlari o’rtasidagi uzoq muddatli manfaatlariga mos keladigan barcha istiqbolli yo’nalishlarda sheriklik va hamkorlikni izchil mustahkamlab, kengaytirib borish uchun zarur imkoniyat va salohiyatga ega ekani qayd etilgan. 

Shuningdek AQSh delegatsiyasi rahbari O’zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko’lamli sotsial-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy islohotlarning, fuqarolik jamiyati asoslarini va demokratik qadriyatlarni mustahkamlashga qaratilgan ulkan o’zgarishlarning yorqin natijalarini yuksak baholagan. 

Tomas Shennon samimiy qabul uchun Shavkat Mirziyoyevga minnatdorlik bildirib, O’zbekiston bilan serqirra munosabatlarni izchil va barqaror rivojlantirishdan manfaatdor ekanligini ta’kidlagan. 

Suhbat davomida ikki va ko’p tomonlama ahamiyatga ega boshqa dolzarb masalalar ham ko’rib chiqilgan.

 

 

 

 

 



Aloqador xabarlar