Toshkent qo‘l jangi bo‘yicha jahon chempionatiga mezbonlik qiladi

Joriy yil 1-8 iyun kunlari O'zbekistonning Toshkent shahrida qo‘l jangi bo‘yicha erkaklar va ayollar o‘rtasida jahon chempionati bo‘lib o‘tadi.

1632505
Toshkent qo‘l jangi bo‘yicha jahon chempionatiga mezbonlik qiladi

 

Joriy yil 1-8 iyun kunlari O'zbekistonning Toshkent shahrida qo‘l jangi bo‘yicha erkaklar va ayollar o‘rtasida jahon chempionati bo‘lib o‘tadi.

2021 yilning mazkur sport turi bo‘yicha eng yirik musobaqalaridan biri bo‘lgan ochiq chempionatda 50 ga yaqin davlatdan sara qo‘l jangi ustalarining ishtiroki kutilmoqda.

Jahon chempionati paytaxtdagi "Sahovat sport service" sport majmuasida bo‘lib o‘tadi.

Qo‘l jangida O‘zbekiston terma jamoasi dunyoning eng kuchlilaridan biri hisoblanadi. O'zbekiston vakillari  jahon  va Osiyo chempionatlari, turli xalqaro musobaqalarda muntazam ravishda sovrindorlar qatoridan o‘rin  egallab kelmoqda.

Jahon chempionati sovrindorlari bo‘lgan ayollar terma jamoasi aʼzolari ham o‘z vaznlarida dunyoning kuchli sportchilari qatorida eʼtirof etiladi.

Mazkur yirik musobaqa mezbonligini O‘zbekistonga ishonib topshirilishida chuqur ramziy maʼno bor. Mazkur sport turi respublikada keng ommalashgan, shuningdek, yurtimizda xalqaro musobaqalarni o‘tkazish uchun barcha shart-sharoitlar mavjud. Bundan tashqari yirik sport tadbirlarini o‘tkazish bo‘yicha tajriba ham bu o‘rinda muhim ahamiyat kasb etadi. Ushbu jihatlar, albatta, Xalqaro qo‘l jangi federatsiyasi mutasaddilari nazaridan chetda qolmagan.

O‘zbekiston Vazirlar mahkamasi qaroriga binoan, mazkur jahon chempionatiga tayyorgarlik ko‘rish va uni yuqori saviyada o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy qo‘mita tarkibi va chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi.

Tashkiliy qo‘mita Turizm va sport vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi, Toshkent shahar hokimligi, O‘zbekiston huquqni muhofaza qilish organlari qo‘l jangi federatsiyasi bilan birgalikda Xalqaro qo‘l jangi federatsiyasining texnik reglamentlari talablarini bajarish bo‘yicha shart-sharoitlar yaratish tadbirlarini amalga oshiradi.

Jahon chempionatini yuqori saviyada tashkil etish maqsadida 2021 yil 2-8 iyun kunlari O‘zbekiston huquqni muhofaza qilish organlari qo‘l jangi federatsiyasi xodimlaridan iborat shtab tashkil etilishi belgilandi.

Bundan tashqari Sog‘liqni saqlash vazirligi epidemiologik barqarorlikni saqlash, koronavirus infeksiyasi tarqalishining yangi o‘choqlarini paydo bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun barcha zarur choralar ko‘radi.


Tanlangan kalimalar: #Toshkent , #jahon chempionati , #O'zbekiston

Aloqador xabarlar