Matbuot sharhlari 04.11.2021

Turkiya gazetalaridan sharhlar...

1729298
Matbuot sharhlari 04.11.2021

 

Vatan gazetasi: “Parij kelishuvining kuchga kirishi 10 noyabr deb belgilandi” sarlavhasi bilan xabar berdi.

Xabarga ko’ra, rasmiy gazetada chop etilgan prezident qaroriga binoan Parij kelishuvining kuchga kirishi 2021 yil 10 noyabrga belgilandi. Prezident Rajap Tayyip Erdo’g’an 21 sentyabrda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasida so’zlagan nutqida Turkiya Parij kelishuvini ratifikatsiya qilishini va 2053-yil uchun aniq “nol emissiya” maqsadini qabul qilishini ma’lum qilgandi.

 

Xabar turk gazetasi: “THY joriy yilning 9 oylik davrida 6.2 mlrd turk lirasi miqdorida daromadga ega bo’ldi” sarlavhasi bilan xabar berdi.

Xabarga ko’ra,  Turk Havo Yo’llari 2021 yilning dastlabki 9 oyida 6.2 mlrd turk lirasi miqdorida foyda qo’lga kiritdi. 9 oylik davr mobaynida 31 mln yo’lovchi THY xizmatidan foydalandi. THY ayni vaqtda 9 oyda Yevropaga eng ko’p reys amalga oshirgan aviakompaniyaga aylandi.

 

Hurriyat gazetasi: “Avtomobil sanoati 2.6 mlrd dollarlik eksportni amalga oshirdi” sarlavhasi bilan xabar berdi.

Xabarga ko’ra, Turkiyaning avtomobil sanoati eksporti o'tgan oyda 2,6 milliard dollarni tashkil etdi. 2021-yilning yanvar-oktyabr davrida avtomobil eksporti o‘tgan yilning shu oylariga nisbatan 19 foizga oshib, 23,9 milliard dollarga yetdi. Bu jarayonda oylik o'rtacha 2,4 milliard dollarlik eksport bilan sektor Turkiyaning tashqi savdosida yana birinchi o'rinni egalladi.

 

Star gazetasi: “Mahalliy avtomobil loyihasi shaxdam qadamlar bilan ildamlamoqda” sarlavhasi bilan xabar berdi.

Xabarga ko’ra, Turkiya mahalliy avtomobil ishlab chiqarish bo’yicha ko’zlagan maqsadiga erishish yo’lida shaxdam qadam tashlamoqda. Turkiyaning mahalliy avtomobili 2022 yil yakunida tayyor bo’ladi. Elektromobillarning qalbi bo’lmish batareyalarni Turkiyada ishlab chiqarish xususida katta o’zgarishlar amalga oshirildi.

Turkiyaning Avtomobil korxonalari guruhi (TOGG) va FARASİS kompaniyasi hamkorligida yaqinda Gemlik viloyatida batareya ishlab chiqarish boshlanadi.

 

Yeni shafak gazetasi:“Ko’rkut Ota Turk dunyosi film festivali birinchi bor Istanbulda o’tkaziladi” sarlavhasi bilan xabar berdi.

Xabarga ko’ra, "Beyog'lu Madaniyat Yo'li Festivali" doirasida o'tkaziladigan "Qo'rqut Ota Turk Dunyosi Film Festivali" kino ixlosmandlari bilan uchrashishga tayyorlanmoqda. Madaniyat va turizm vaziri o'rinbosari Ahmet Misbah Demirjan ijtimoiy media orqali festivalning reklama filmini e’lon qildi.

Festivalda 13 davlatdan 42 film ishtirok etishini ma'lum qildi. Shuningdek, Turkiy Respublikalardan 200dan ortiq prodyusser, rejissyor va aktyorlar festivalda ishtirok etadi.

 


Tanlangan kalimalar: #gazeta , #matbuot , #Turkiya

Aloqador xabarlar