Erdo‘g‘an dunyoni Falastinning 1967 yildagi chegaralarini tan olishga chaqirdi

Erdo‘g‘an Yaqin Sharqda tinchlikka faqat Falastin mustaqilligi orqali erishish mumkinligini aytib, BMTning “1967 yilgi chegaralar doirasida mustaqil Falastin davlatini yaratish to‘g‘risida”gi rezolyutsiyasining amalga oshirilishiga ishora qildi.

2048265
Erdo‘g‘an dunyoni Falastinning 1967 yildagi chegaralarini tan olishga chaqirdi

 

Turkiya Prezidenti Rajab Tayyip Erdo‘g‘an Yaqin Sharqda tinchlikka faqat Falastin mustaqilligi orqali erishish mumkinligini aytib, BMTning 2012 yilda qabul qilingan “1967 yilgi chegaralar doirasida mustaqil Falastin davlatini yaratish to‘g‘risida”gi rezolyutsiyasining amalga oshirilishiga ishora qildi. 

Uning qayd etishicha, Turkiya bu masalaga munosabati va e’tirozini hamma vaqt bildirib kelgan. 

“Butun dunyo jim bo‘lib qolgan zamonlarda biz og‘riqli bo‘lsa ham haqiqatni, to‘g‘rini aytishdan tortinmadik. Falastinlik birodarlarimiz bilan har doim hamjihatlikda bo‘lsak ham, mintaqada taranglikni kuchaytiradigan va ko‘proq qon to‘kilishiga olib keladigan muammolarni chuqurlashtiradigan har qanday qadamlardan qochish kerakligini ta’kidlaymiz. G‘azo xalqining blokada tufayli azoblanishini yengillashtirish uchun tegishli idoralarimiz orqali bor kuchimizni sarfladik. Bugun biz adolatli tinchlikning yutqazuvchisi yo‘q, degan shior bilan harakat qilyapmiz”, deydi Erdo‘g‘an.

Erdo'g'an so‘zida davom etib, boshqa mamlakatlar rahbarlari va xalqarro tashkilotlar vakillari bilan bo‘lgan muloqotida eng ko‘p e’tibor qaratilgan mavzu – Falastin mojarosining xalqaro huquq asosida hal qilinishi va mintaqada tinchlik va doimiy barqarorlikka erishish ekanligini bildirdi.

Prezidentning qayd etishicha, adolatni o‘rnatishdagi kechikishlar uchun afsuski butun mintaqa – falastinliklar va isroilliklar badal to‘lamoqda. 

“Begunoh go‘daklarning, ayniqsa, hali beshikdagi norasidalarning o‘limi, iztiroblari qalbimizni ezmoqda. Olovga yog‘ quyish hech kimga, ayniqsa, ikki tarafdagi tinch aholiga yaxshilik keltirmaydi. Turkiya, to‘qnashuvlarni tezroq to‘xtatish va oxirgi voqealar bilan kuchaygan taranglikni kamaytirish uchun qo‘lidan kelganini qilishga tayyor. Biz osoyishtalikni tiklash uchun boshlagan diplomatik sa’y-harakatlarimizni davom ettirishga qat’iy qaror qildik. Mintaqada o‘z so‘zini bildirgan barcha ishtirokchilarni tinchlikka chin dildan hissa qo‘shishga taklif qilamiz”, deydi Turkiya rahbari.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 7 oktyabr kuni ertalab G‘azo sektoridan Isroil hududiga raketa hujumi boshlangandi. Keyinchalik HAMAS harakati Isroilga qarshi “Al-Aqso to‘foni” harbiy operatsiyasi boshlaganini e’lon qildi. Isroil Mudofaa kuchlari esa bunga javoban “Temir qilichlar” “aksilterror operatsiyasi”ni boshladi. 

Shundan so‘ng, Bosh vazir Binyamin Netanyaxu isroilliklarga murojaat bilan chiqib, mamlakatda sodir bo‘layotgan voqealar harbiy operatsiya emas, balki to‘laqonli urush ekanini aytdi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, mojaro qurbonlari soni mingdan oshgan. 


Tanlangan kalimalar: #Falastin , #Erdo'g'an

Aloqador xabarlar