Turkiya Ichki ishlar vazirligi saylovoldi xavfsizlik rejimini kuchaytirmoqda

Turkiya Ichki ishlar vazirligi joriy yilning 14 may kuni bo‘lib o‘tadigan umumxalq saylovlarida xavfsizlikni ta’minlashga mamlakat huquq-tartibot idoralarining 600 mingdan ortiq xodimini jalb etishni buyurdi.

1959173
Turkiya Ichki ishlar vazirligi saylovoldi xavfsizlik rejimini kuchaytirmoqda

 

Turkiya Ichki ishlar vazirligi joriy yilning 14 may kuni bo‘lib o‘tadigan umumxalq saylovlarida xavfsizlikni ta’minlashga mamlakat huquq-tartibot idoralarining 600 mingdan ortiq xodimini jalb etishni buyurdi. Bu haqda vazirlikning bugun, 13 mart kuni tarqatilgan sirkulyarida aytiladi.

Qayd etilishicha, saylov uchastkalarini qo‘riqlash uchun Turkiya Ichki ishlar vazirligidan 326 ming, Jandarmeriya oliy qo‘mondonligidan yana 200 mingga yaqin xodim yuboriladi. Xavfsizlikni ta’minlashga Sohil xavfsizlik qo‘mondonligi va xavfsizlik kompaniyalari xodimlari ham jalb qilinadi. Shu bilan birga ovoz berish kuni faqat saylov uchastkalari xavfsizligini ta’minlashda rasman ishlaydigan xodimlargina o‘zlari bilan qurol olib yurish huquqiga ega bo‘ladi.

Manbaga ko‘ra, ovoz berish jarayonida saylov uchastkalari atrofidagi hududlarda patrul xizmati kuchaytiriladi, ular yaqinida savdo qilish taqiqlanadi. 

Shuningdek, IIV ijtimoiy tarmoqlardagi ovoz berish jarayoni yoki nomzodlar, shuningdek, yaqinda sodir bo‘lgan zilzilalar bilan bog‘liq noto‘g‘ri ma’lumotlarni tarqatuvchi provokatsion postlarni diqqat bilan kuzatib borishi haqida ogohlantirgan. Bunday nashrlar noqonuniy deb topilishi, ularga darhol sud va ma’muriy ish qo‘zg‘atilishini ta’kidlangan.

Ma’lumot uchun, 14 may kuni prezidentlikka nomzodlar va parlament tarkibi bo‘yicha ovoz berish bir vaqtning o‘zida o‘tkaziladi. Agar birinchi turda oliy davlat lavozimiga nomzodlardan hech biri 50 foizdan ko‘p ovoz ololmasa, prezidentlik saylovining ikkinchi bosqichi 28 may kuni bo‘lib o‘tadi. Prezidentlik poygasida ayni damda Turkiyaning amaldagi Prezidenti Rajab Tayyip Erdo‘g‘an  va olti partiyali muxolifat alyansi tomonidan nomzodi ko‘rsatilgan “Jumhuriyat Xalq” partiyasi rahbari Kemal Kilichdaro‘g‘li o‘rin olgan. Boshqa siyosiy kuchlar ham prezidentlikka o‘z nomzodlarini ko‘rsatishi mumkin.


Tanlangan kalimalar: #saylov , #Turkiya

Aloqador xabarlar