Erdo‘g‘an Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan muloqot qildi

Turkiya Prezidenti ma’muriyati Matbuot xizmati ma'lum qilishicha, davlat rahbarlari suhbat chog'ida Rossiya hamda Ukraina o‘rtasidagi urushdagi so‘nggi o‘zgarishlar va gumanitar vaziyatni muhokama qilgan.

1797687
Erdo‘g‘an Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan muloqot qildi

 

Turkiya Prezidenti Rajab Tayyip Erdo‘g‘an Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qildi.

Bu haqda Turkiya Prezidenti ma’muriyati Matbuot xizmati xabar berdi.

Ta’kidlanishicha, davlat rahbarlari Rossiya hamda Ukraina o‘rtasidagi urushdagi so‘nggi o‘zgarishlar va gumanitar vaziyatni muhokama qilgan.

Turkiya prezidenti bir qator masalalarni kelishib olish uchun Rossiya Federatsiyasi va Ukraina yetakchilaririning shaxsiy uchrashuvi bo‘lishi kerakligini ta’kidlagan. Shu munosabat bilan Erdo‘g‘an yana bir bor Putin va Zelenskiyni Istanbul yoki Anqarada uchrashishni taklif qilgan.

Erdo‘g‘an, agar Ukrainada o‘t ochmaslik rejimi e’lon qilinsa, tomonlar qarama-qarshiliklarni hal qilish imkoniyati paydo bo‘lishiga ishonch bildirgan. 

Shuningdek, Turkiya prezidenti Ukrainadagi gumanitar yo‘laklardan ikki yo‘nalishda samarali foydalanish va vaziyatni joyida kuzatish muhimligini ta’kidlagan.

Avvalroq, Rajab Tayyip Erdo‘g‘an Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan telefon orqali muloqot qilib, mamlakatdagi vaziyatni muhokama qilgandi.  Muloqot chog‘ida Erdo‘g‘an  Rossiya va Ukraina o‘rtasida tinchlik o‘rnatish uchun jadal diplomatik sa’y-harakatlar olib borayotganini qayd etgandi.

Eslatish joizki, 10-mart kuni Turkiyaning Antaliya viloyatida Turkiya vositachiligida Ukraina Tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba va Rossiya Tashqi ishlar vazirlari Sergey Lavrov uchrashuvi o‘tkazildi. Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho‘g‘li  ham ishtirok etgan uch tomonlama muzokara yakunida aniq bir kelishuvga erishilmagan bo‘lsa-da, tomonlar bunday muzokaralarni o‘tkazish kerakligini ta’kidladi.


Tanlangan kalimalar: #Putin , #Erdo'g'an , #Rossiya , #Turkiya

Aloqador xabarlar