Erdo‘g‘an Ukraina urushiga BMT Xavfsizlik Kengashining munosabatini qoraladi

“Xalqaro tuzilmalar, jumladan, BMT Xavfsizlik Kengashining munosabati faqat bayonotlar bilan cheklanmoqda. Bu uyat!”, degan Erdo‘g‘an Anqarada “Adolat va taraqqiyot” hukmron partiyasi yig‘ilishida.

1792970
Erdo‘g‘an Ukraina urushiga BMT Xavfsizlik Kengashining munosabatini qoraladi

 

Turkiya Prezidenti Rajab Tayyip Erdo‘g‘an Ukrainadagi voqealar fonida zamonaviy inqiroz va urushlarga qarshi tura olmaydigan xalqaro tuzilmalarni yana bir bor keskin qoraladi.

“Xalqaro tuzilmalar, jumladan, BMT Xavfsizlik Kengashining munosabati faqat bayonotlar bilan cheklanmoqda. Bu uyat!”, degan Erdo‘g‘an Anqarada “Adolat va taraqqiyot” hukmron partiyasi yig‘ilishida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, vazifasi dunyo xavfsizligi va barqarorligini himoya qilish bo‘lgan xalqaro tuzilmalar butun boshli xalqlarning fojialariga befarq bo‘lib qolmoqda. 

“O‘z manfaatlarini ko‘zlab shov-shuv ko‘tarayotganlar 11 yildan beri Turkiya joylashgan mintaqada (Suriya) sodir bo‘layotgan fojiali voqealarga e’tibor bermayapti”, degan Erdo‘g‘an.

Turkiya prezidenti Ukrainadagi voqealar “ikki xil standartlar” siyosatining yana bir ko‘rinishi bo‘lganini ta’kidladi.

“Turkiya Ukraina va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasidagi inqiroz fojiaga aylanib qolmasligi uchun qattiq harakat qildi. Shu bilan birga, Anqaraning davlatlar yaxlitligi va suverenitetini qo‘llab-quvvatlash kursi o‘zgarishsiz qolmoqda. Turkiya Ukrainadagi janglarni tugatish uchun harakat qilmoqda. Biz Ukrainada uzoq muddatli sulh bo‘lishini kutmoqdamiz. Anqara mutanosib siyosat yuritib, Moskva va Kiyev uchun muloqot kanallarini ochiq qoldirmoqda”, dedi Erdo‘g‘an.

Prezident Ukrainadagi jangovar harakatlar fonida qochqinlar soni 2 million kishiga yetganiga e’tibor qaratgan. Turkiya rahbari qon to‘kilishi davom etsa, Ukrainani 5-10 million kishi tark etishi haqida ogohlantirgan.

“Bugun harbiy harakatlarning 14-kuni. Ukrainada sodir bo‘layotgan voqealar vijdon yo‘qligini ko‘rsatmoqda. Ukrainadagi fojiaga qaramay, G‘arb davlatlari hech qanday real chora ko‘rmayapti. Ular faqat maslahat berishyapti. Ukraina ko‘maksiz qoldi”, dedi Erdo‘g‘an.

Bu urushda hech kim g‘olib bo‘lmasligini ta’kidlagan Erdo‘g‘an: “Masalani Ukraina va Rossiya diplomatiya yo‘li bilan hal qilishi kerak”, -dedi.

Prezident 10 mart kuni Antaliyada bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan Turkiya, Rossiya va Ukraina Tashqi ishlar vazirlarining uch tomonlama uchrashuvini “favqulodda ahamiyatga ega” deb atadi.

Erdo'g'an Antaliyada Dmitriy Kuleba va Sergey Lavrov o‘rtasidagi uchrashuv uzoq muddatli o‘t ochishni to‘xtatish uchun “eshikni ochishiga” umid bildirdi.


Tanlangan kalimalar: #Ukraina , #Erdo'g'an , #Turkiya

Aloqador xabarlar