Turkiya va Qirg‘iziston Qurolli kuchlar hamkorligi bo‘yicha hujjat imzoladi

Turkiya Milliy mudofaa vaziri Hulusi Akar va Qirg‘iziston Mudofaa vaziri general-mayor Baktibek Bekbolotov kecha, 1-mart kuni Anqarada “Harbiy va harbiy-texnik hamkorlik bo‘yicha yo‘l xaritasi”ni imzoladilar.

1788281
Turkiya va Qirg‘iziston Qurolli kuchlar hamkorligi bo‘yicha hujjat imzoladi

 

Turkiya Qirg‘iziston bilan harbiy va harbiy-texnik hamkorlik bo‘yicha hujjatni qabul qildi.

Bu haqda “Anadolu” axborot agentligi xabar bermoqda. 

Qayd etilishicha, Turkiya Milliy mudofaa vaziri Hulusi Akar va Qirg‘iziston Mudofaa vaziri general-mayor Baktibek Bekbolotov kecha, 1-mart kuni Anqarada “Harbiy va harbiy-texnik hamkorlik bo‘yicha yo‘l xaritasi”ni imzoladilar. 

Akar va Bekbolotov o‘rtasida yakkama-yakka, so‘ng delegatsiyalar ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. 

Mudofaa vazirliklari rahbarlari qo‘shma matbuot anjumani o‘tkazgan. 

Akar o‘z nutqida Turkiya va Qirg‘iziston o‘rtasidagi mushtarak qadriyatlar, madaniy va tarixiy aloqalarga e’tibor qaratgan. 

“Qirg‘iziston barqarorligi va xavfsizligi Turkiya uchun ham, butun mintaqa uchun ham juda muhim. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar qardoshlik asosida jadal, har tomonlama rivojlanib bormoqda. “Yo‘l xaritasi”da Turkiya va Qirg‘iziston rahbarlari 2021 yil iyun oyida Oliy darajadagi Strategik hamkorlik kengashi yig‘ilishida e’lon qilgan mudofaa va xavfsizlik sohasidagi aniq qadamlarni belgilab berdik. Turkiya qirg‘iz birodarlar bilan texnik va maslahat masalalari bo‘yicha hamma narsani baham ko‘rishga tayyor”,- deb aytgan Akar. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, Turkiya Qirg‘iziston Qurolli kuchlari qudratiga hissa qo‘shishga tayyor. 

Akar, shuningdek, mudofaa sanoati sohasida hamkorlikni rivojlantirish muhimligini qayd etgan. 

Eslatma: Fevral oyi boshida Turkiya va Ozarbayjon parlamentlari ham Anqara va Baku o‘rtasida harbiy sohada hamkorlik qilish imkoniyatini ko‘zda tutuvchi qonun loyihasini ratifikatsiya qilgandi.

Deklaratsiya “tomonlardan birining xalqaro tan olingan chegaralarning mustaqilligi, suvereniteti, hududiy yaxlitligi, daxlsizligi yoki xavfsizligiga uchinchi davlat yoki davlatlar tomonidan tahdid yoki tajovuz sodir bo‘lgan taqdirda” BMT Nizomiga muvofiq Baku va Anqara tomonidan o‘zaro yordam ko‘rsatishni nazarda tutadi.  



Aloqador xabarlar