Erdo'g'an bugun Afrika bo'ylab rasmiy ziyoratini boshladi

Prezident Erdo'g’an bugun, 20-fevral kuni Istanbul Otaturk aeroportidan Kongo Demokratik Respublikasi poytaxti Kinshasaga jo’nab ketdi.

1781657
Erdo'g'an bugun Afrika bo'ylab rasmiy ziyoratini boshladi

 

Turkiya Prezidenti Rajap Tayyip Erdo'g'an bugun, 20-fevral kuni Afrika bo'ylab rasmiy ziyoratini boshladi.

20-23 fevral kunlarini o'z ichiga olgan tashrif uch davlatni qamrab olgan bo'lib, ular Kongo Demokratik Respublikasi, Senegal va Gvineya-Bisau bo'lib hisoblanadi.

Prezident Erdo'g’an bugun, 20-fevral kuni Istanbul Otaturk aeroportidan Kongo Demokratik Respublikasi poytaxti Kinshasaga jo’nab ketdi.

Erdo'g'anga tashrif chog'ida Tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho'g'li, Ichki ishlar vaziri Sulaymon So'ylu, Milliy mudofaa vaziri Hulusi Akar, Savdo vaziri Mehmet Mush, Transport va infratuzilma vaziri Adil Karaismailog'lu, Yoshlar va sport vaziri Mehmet Muharrem Kasapog'lu, Axborot va kommunikatsiyalar departamenti rahbari Fahrettin Altun, Prezident matbuot kotibi Ibrohim Kalin va Mudofaa sanoati boshqarmasi rahbari Ismoil Demir hamrohlik qilmoqda.

Prezident Erdo'g'an Kongo Demokratik Respublikasiga tashrifini yakunlab, Senegal va Gvineya-Bisauga safar qiladi.

Tashriflar doirasida bo'lib o'tadigan rasmiy uchrashuv va muzokaralarda ikki tomonlama munosabatlarning bugungi holati va istiqbollari har tomonlama muhokama qilinadi, Turkiya bilan ushbu davlatlar o'rtasidagi hamkorlikni har sohada rivojlantirish imkoniyatlari ko'zdan kechiriladi.

Erdo'g’an Dakarga (Senegal poytaxti) tashrifi chog’ida bir turk shirkati tomonidan qurilgan 50 ming o’rinli Dakar Olimpiya stadionining rasmiy ochilish marosimida ishtirok etadi. Marosimda Senegal Prezidenti Makki Sall va marosimga taklif etilgan boshqa davlat rahbarlari ham ishtirok etadi. 

Shu doirada Erdo‘g‘anning ishtirokchi davlat rahbarlari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazishi ham rejalashtirilgan. Tashrif munosabati bilan prezident Erdo'g'an tomonidan Dakardagi Turkiya elchixonasining yangi binosining rasmiy ochilish marosimi o'tkaziladi.

Erdo'g'anning Gvineya Bisauga tashrifi Turkiyadan bu davlatga Prezidentlik darajasidagi ilk rasmiy ziyorat bo'ladi. 


Tanlangan kalimalar: #Erdo'g'an , #Afrika , #Turkiya

Aloqador xabarlar