Turkiyaning Istanbul aeroportidan barcha aviaqatnovlar to'xtatildi

"Olingan qarorga muvofiq, Istanbul aeroportida bugun, 25-yanvar kuni tungi soat 00.00 ga qadar aviaqatnovlar to'xtatildi",- deb ma'lum qilgan THYning matbuot kotibi Yahya Ustun.

1768008
Turkiyaning Istanbul aeroportidan barcha aviaqatnovlar to'xtatildi

 

Turkiyaning Istanbul aeroportidan barcha aviaqatnovlar kuchli qor bo‘roni tufayli bugun, 25-yanvar kuni Turkiya vaqti bilan soat 00.00 gacha to'xtatildi.

"Olingan qarorga muvofiq, Istanbul aeroportida bugun, 25-yanvar kuni tungi soat 00.00 ga qadar aviaqatnovlar to'xtatildi",- deb ma'lum qilgan THYning matbuot kotibi Yahya Ustun.

Ma'lumotga ko'ra, THY kecha, 24-yanvar kuni noqulay ob-havo sharoiti tufayli 83 ta reysini bekor qilgandi.

Yahya Ustun o'zining Twitter sahifasida aeroportlar va transport yo'llarini yana parvozlarga tayyor holga keltirish ustida ish olib borayotganini bildirdi.

O‘zbekistonning Istanbuldagi bosh konsulxonasi ham Turkiyada yashab kelayotgan fuqarolarini aeroportga bormaslikka chaqirdi.

Ma’lumotga ko’ra,  aeroportga borish avtomobil yo‘llari ham kuchli qor sababli yopilgan.

“Bosh konsulxona fuqarolarimizdan vaziyat ijobiy o‘zgarishiga qadar aeroportga bormaslikni iltimos qiladi. Reyslarning o‘zgargan vaqtini aniqlab borish tavsiya qilinadi”, – deyiladi diplomatik vakolatxona e’lonida.

Turkiyaning aksar hududlarida o‘tgan haftadan buyon kuchli qor yog‘moqda. Natijada yo‘llarda harakatlanish qiyinlashgan.

Mamlakat favqulodda holatlar idorasi ma’lum qilishicha, ob-havo sharoiti tufayli Turkiya bo‘ylab 4600ga yaqin kishi yo‘llarda qolib ketgan, 6700dan ortiq kishi vaqtinchalik boshpanalarga joylashtirilgan. Zarurat tufayli minglab odamlarga oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berilgan.

Istanbul meri Akrom Imamo‘glu OAVga bergan intervyusida, kuchli qor harakatlanish bilan bog‘liq muammolar tug‘dirayotgan bo‘lsa-da, umuman olganda ijobiy hodisa ekanini tilga olgan. Uning aytishicha, o‘tgan yili Turkiyadagi suv omborlarida suv hajmi keskin pasayib ketgandi.


Tanlangan kalimalar: #Istanbul , #THY

Aloqador xabarlar