Turkiya Liviyada harbiy baza qurish bo'yicha kelishuv imzoladi

Kelishuv Milliy kelishuv hukumatiga bo‘ysunuvchi harbiy bo‘linmalarning jangovar qobiliyatini oshirish maqsadida qabul qilingan.

1474922
Turkiya Liviyada harbiy baza qurish bo'yicha kelishuv imzoladi

 

Turkiya Liviyada harbiy baza quradi.
Turkiya, Qatar va Liviyaning Milliy kelishuv hukumati Liviyaning Misurata shahrida turk harbiy-dengiz bazasini tashkil etish bo‘yicha kelishuvni imzoladi.
Kelishuvga binoan, Misuratada uch tomonlama harbiy muvofiqlashtirish markazi tashkil etiladi.
“Bundan tashqari, tomonlar qatarlik harbiy maslahatchilarni liviyalik harbiylarning malakasini oshirish uchun Liviyaga yuborishi hamda Liviyaga Turkiya va Qatardagi harbiy o‘quv yurtlarida joylar taqdim qilish bo‘yicha kelishib oldi”,-deyiladi ma’lumotda.
Kelishuv Milliy kelishuv hukumatiga bo‘ysunuvchi harbiy bo‘linmalarning jangovar qobiliyatini oshirish maqsadida qabul qilingan.       
Kecha, 17 avgust kuni Turkiya milliy mudofaa vaziri Hulusi Akar Liviya poytaxti Tripoliga tashrif buyurdi.
Tashrif doirasida Hulusi Akar, Qatar davlat mudofaa vaziri Xolid bin Muhammad al-Attiyya va Milliy kelishuv hukumati rahbari Fayz Sarroj o’rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.  

Liviyada uzoq vaqtdan beri qo‘shhokimlik hukm surib kelmoqda.
Tripolida Milliy kelishuv hukumati, mamlakat sharqida esa Halifa Xaftar boshchiligidagi Liviya milliy armiyasi tomonidan qo‘llab-quvvatlanuvchi muvaqqat vazirlar mahkamasi faoliyat yuritmoqda.
O‘zaro qarama-qarshi bo‘lgan bu tomonlar bir yil avval mamlakatning bosh shahri – Tripoli uchun jangga kirishgan. Shundan keyin Milliy kelishuv hukumati Turkiyadan yordam so‘ragan va uning faol qo‘llab-quvvatlovi ostida Liviya milliy armiyasi tomonidan bosib olingan hududlarning bir qismi ustidan nazoratni qo’lga olgan.

Tanlangan kalimalar: #Turkiya , #Liviya , #Hulusi Akar

Aloqador xabarlar