Turkiya tashqi siyosatiga nazar 24-qism

Turkiya Respublikasining havo mudofaa tizimini rivojlantirish maqsadida Rossiya Federatsiyasidan S-400 zenit raketa tizimlarini sotib olish qarori xalqaro miqyosda muhokama qilinmoqda.

992372
Turkiya tashqi siyosatiga nazar 24-qism

 

Turkiya Respublikasining havo mudofaa tizimini rivojlantirish maqsadida Rossiya Federatsiyasidan S-400 zenit raketa tizimlarini sotib olish qarori ichki va tashqi jamoatchilikda qattiq muhokama qilinmoqda. Dasturimizning bugungi sonida Turkiyaning milliy mudofaa tizimi va buning tashqi siyosatda tutgan o’rni haqida mulohaza yuritamiz.

Turkiya Respublikasi harbiy va diplomatik tashabbuslari bilan mintaqaviy kuchini yanada mustahkamlab bormoqda. Ya’ni kelajakning global kuchiga aylanish yo’lida shaxdam qadam tashlamoqda.

Buni yanada takomillashtirish, mudofaa sanoatini rivojlantirish va milliylashtirish maqsadida Turkiya uzoq yillar mobaynida turli faoliyatlar olib bordi.

Suriyadagi ichki nizolarning urushga aylanishi, Iroq va Suriyada DAISh va PKK kabi terror tashkilotlarining paydo bo’lishi Turkiyaning mudofaa tizimini yanada rivojlantirishiga turtki bo’ldi. Qolaversa, Turkiya davr talabi bilan qo’shni davlatlardagi tahlikalar tufayli raketa tizimlari hamda kimyoviy qurollarga qarshi qattiq chora ko’rishga majbur bo’ldi. Turkiyaning Iroq hamda Suriyaga qaratilgan siyosati negizida ham ushbu tahlika yotadi. Suriyaga qaratilgan siyosatiga ba’zi o’zgarishlarni kiritishi, PKK-YPG terror tashkiloti tufayli AQSh bilan teskari bo’lishi va Rossiya bilan yaqin hamkorlikka kirishganiga ham ushbu masaladagi xavotirlar sabab bo’ldi.

Obama hukumati Suriya masalasida Turkiyani emas, balki PKK-PYD-YPG tarafdori sifatida siyosat yuritgan edi. Tramp hukumati ham xuddi ana shu siyosatni davom ettirmoqda. Turkiyaning Rossiya bilan iqtisodiy va harbiy hamkorligini rivojlantirishga ahamiyat berishi ham aslida AQShning  bu siyosatiga e’tiroz demakdir.

NATOning bir a’zosi bo’lgan Turkiya raketa tahlikasi ostida bo’lishiga qaramay, Patriot havo mudofaa tizimlari NATO tomonidan Turkiyaga juda kech olib kelindi. Ispaniyadan tashqari NATOga a’zo davlatlar ham zenit raketa mudofaa tizimlarini birinchi fursatdayoq qayta olib ketdi. Bugungi kunda PKK-PYD-YPGning qo’lida NATOga tegishli qurollar mavjud.

NATO ga oid bo’lgan portlovchi moddalar terroristlar tomonidan Istanbulda portlatildi. Fathulloh Gulen harakatining 15 iyulda sodir etgan davlatga qarshi to’ntarish tashabbusiga nisbatan g’arb mamlakatlari loqayd bo’ldilar. Bularning barchasi Turkiyani alternativ choralar izlashga undadi.

Turkiyaning mintaqaviy darajada havo mudofaasi anchadan beri tahlika ostida turibdi. Turkiyaning uzun masofali havo mudofaa tizimlarining modeli 2000 yillargacha Nike Hercules modeli edi. Bu model faqatgina eskirib qolgan sovet bombardimon samolyotlariga qarshi kurashadigan kuchga ega edi xalos. Ya’ni, dolzarb davr tahlikalariga qarshi kurashishga ojizlik qilar edi. Bu kamchilik Iroq urushi bilan Suriya inqirozi jarayonida Turkiyaning NATOdan yordam talab qilishiga sabab bo’ldi. Turkiyaga NATO tomonidan Patriot zenit raketa tizimlari keltirildi, biroq bu yetarsiz va vaqtinchalik chora bo’ldi.

Turkiya muammoni hal qilish uchun uzun masofali havo mudofaa tizimlariga doir loyihalar yuzasidan tender o’tkazishni rejalashtirdi. Tenderga AQSh, Rossiya, Xitoy va Fransiya-Italiya hamkorligidagi EvroSAM kompaniyasi qo’shildi.

Tenderda Turkiyaning shartlarini Xitoy qabul qildi. Bu jarayonda Turkiya bilan Xitoy kompaniyasi o’rtasida muzokaralar boshlandi. Xitoy kompaniyasi bilan shartnoma tuzish ehtimoli esa, Xitoyning NATOga a’zo emasligi, hamda kompaniyaning AQSh tomonidan sanksiya ro’yxatiga kiritilganligi sababli AQSh va NATOning e’tiroziga sabab bo’ldi. Buning natijasida Turkiya bilan Xitoy kompaniyasi o’rtasidagi muzokaralar o’tkazilishiga qaramay, bitim imzolanmadi. Tender ham bu shaklda bekor qilindi.

Bu jarayonda Rossiya o’z narxini arzonlashtirishi, Turkiya-Rossiya munosabatlarining yaxshilanishi va Turkiyaning g’arblik ittifoqdoshlar bilan nozik mavzularda ham kelisha olmaganligi kabi holatlar Turkiyaning Rossiyadan S-400 zenit raketa mudofaa tizimlarini sotib olishiga sabab bo’ldi.

Bu esa, NATOga a’zo ba’zi mamlakatlar tomonidan qoralandi. E’tirozlar natijasida, NATO balki S-400 tizimini shaxsiy tizimlariga moslashtirishga rozi bo’lmaydi. bunday bo’lgan taqdirda, Turkiya bu tizimni NATO tizimidan mustaqil ravishda faqatgina turgan joyini mudofaa qiladigan shaklda joylashtiradi. Lekin, xozirda Turkiyaning barcha havo mudofaa jarayoni va mudofaa strukturasi NATOga moslashganligi uchun ilk bosqichda ba’zi muammolar yuzaga kelishi ehtimoldan holi emas.

NATO va AQSh Turkiyaning bu shaklda qo’shimcha choralarni izlashidan bezovta bo’ladigan bo’lsa, mintaqada faol kuch muvozanatini tashkil qilish uchun Turkiyaning xavotirlarini to’g’ri tushunishi kerak va Turkiya bilan hamkorlik qilishi kerak.

Xulosa qilib aytadigan bo’lsak, havo mudofaasi biri-biri bilan chambarchas bog’liq jarayondir. Biron davlatning yakka o’zi hal qiladigan masala emas. Havo mudofaasi uchuvchisiz havo vositalari, vertolyotlar, samolyotlar, raketalar va ballistik raketalarga qarshi zenit raketa tizimlari va bularni boshqaradigan sistemalar bilan chambarchas bog’liqdir. Turkiyaning kuchli va milliy mudofaa tizimini barpo etish mintaqadagi tinchlik va xavfsizlik jihatidan juda muhim ahamiyat kasb etadi.

Otaturk Universiteti Xalqaro aloqalar bo’limi xodimi Jemil Do’g’ach Ipekning mavzuga doir mulohazalarini e’tiboringizga havola qildik.

 

 



Aloqador xabarlar