Qorabog‘da Mirzo Ulug‘bek nomidagi maktab ochildi

Shavkat Mirziyoyev, Ozarbayjonga bo‘lgan tashrifining ikkinchi kunida Fuzuliy va Shusha shaharlariga tashrif buyurdi.

2028805
Qorabog‘da Mirzo Ulug‘bek nomidagi maktab ochildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Ozarbayjonga bo‘lgan tashrifining ikkinchi kunida ikki davlat rahbarlari rafiqalari bilan birga Fuzuliy va Shusha shaharlariga tashrif buyurdilar. Bu haqida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot xizmati ma’lumot bo‘lishdi.

Ushbu ma’lumotda qayd etilishicha, o‘tgan qariyb 30 yilda Fuzuliy butkul vayron bo‘lib, “arvoh shahar”ga aylangan. Harbiy harakatlarga qadar bu yerda 18 ming nafarga yaqin aholi istiqomat qilgan.

2020-yilda qayta tiklash ishlari boshlangach, shaharga asta - sekin hayot qaytmoqda. Uy-joylar qurilib, ijtimoiy va transport infratuzilmasi bunyod etilmoqda.

Ushbu muhim va og‘ir pallada O‘zbekiston Ozarbayjon bilan birga. Zero, ikki xalq o‘rtasidagi munosabatlarning ildizlari uzoq o‘tmishga ega. O‘zbek va Ozarbayjon xalqini bir din, til va an’analar, ma’naviy qadriyatlar va madaniyat mushtarakligi birlashtirib turadi.

Mustahkam do‘stlik va birodarlik ifodasi sifatida Shavkat Mirziyoyev 2021-yil 3- mart kuni o‘tgan Turkiy kengashning norasmiy sammitida, “O‘zbekiston Qorabog‘ zaminidagi yodgorliklar, madaniyat va ma’rifat maskanlarini qayta tiklashga o‘z hissasini qo‘shishga tayyor” . – degan edi.

Fuzuliy shahrida 960 nafar o‘quvchiga mo‘ljallangan zamonaviy maktab qurilishi Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusining amaliy ifodasi bo‘ldi.

Ma’lum qilinishicha, Mirzo Ulug‘bek nomidagi 1-sonli maktabda 40 ta sinfxona, 6 ta laboratoriya, 2 ta informatika xonasi, 5 ta funksional o‘quv xonasi, majlislar va sport zallari, oshxona, kutubxona mavjud. Futbol maydoni, dam olish va tadbirlar o‘tkazish uchun joylar, yugurish yo‘laklari tashkil qilingan.

Yangi maktab ikki xalqni yanada yaqinlashtirish, o‘sib kelayotgan ozarbayjonlik o‘g‘il-qizlarni O‘zbekistonning boy tarixi va madaniyatiga, buyuk ajdodlar merosiga oshno qilishga xizmat qiladi.

Ikki mamlakat yetakchilari rafiqalari bilan birga bayramona tasmani kesib, maktabni tantanali ravishda ochib berganlar. 

Prezidentlar o‘quv binolari va maktab hududi bilan tanishib, o‘quvchilar bilan samimiy suhbatlashib, ularga o‘qishda muvaffaqiyat tilaganlar.

So‘ng davlat rahbarlari Fuzuliy shahrida barpo etilayotgan uy-joy majmuasiga tashrif buyurganlar.

Prezidentlar, majmuadagi xonadon egalari bilan uchrashganlar. O‘zbekiston Prezidenti, ularni yangi uyli bo‘lgani bilan tabriklagan.

Samimiy suhbat chog‘ida O‘zbekiston va Ozarbayjon xalqlarining mustahkam do‘stligi va qardoshlik aloqalari haqida so‘z borgan.

Shavkat Mirziyoyev, Fuzuliyda hayot barqaror holatga qaytayotganidan mamnunligini bildirgan. Prezident Ilhom Aliyev rahbarligida Qorabog‘ni qayta tiklash va rivojlantirish, aholining farovon turmushi uchun qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha olib borilayotgan bunyodkorlik ishlarini yuksak baholagan. Ozarbayjon xalqiga tinchlik, osoyishtalik va ravnaq tilagan.

Davlat rahbarlari yangi xonadonlarni kirib ko‘rganlar. So‘ng yetakchilar balandlikdan turib vayronagarchilik oqibatlarini va qurilish ishlari borishini kuzatganlar. Prezident Shavkat Mirziyoyevga, Fuzuliyni qayta tiklash rejalari to‘g‘risida so‘zlab berilgan.

 



Aloqador xabarlar