O‘zbekiston elchisi Qirg‘iziston yozuvchilar uyushmasi vakillari bilan uchrashdi

O‘zbekistonning Qirg’izistondagi Favqulodda va muhtor elchisi Xurshid Mirzohidov Qirg‘iziston Respublikasi Milliy yozuvchilar uyushmasi vakillari bilan uchrashdi.

1650303
O‘zbekiston elchisi Qirg‘iziston yozuvchilar uyushmasi vakillari bilan uchrashdi

 

O‘zbekistonning Qirg’izistondagi Favqulodda va muhtor elchisi Xurshid Mirzohidov Qirg‘iziston Respublikasi Milliy yozuvchilar uyushmasi vakillari bilan uchrashdi.

Uchrashuvda uyushma raisi, taniqli shoir va tarjimon Nurlanbek Kalibekov, Qirg‘iston xalq yozuvchisi Melis Abakirov, Qirg‘iziston xalq shoiri, “Ala-Too” jurnali bosh muharriri Markabay Aamatov, taniqli bolalar shoirasi Jildiz Akayeva, shoir Kerimbek Kadirakunov, Markaziy Osiyo yozuvchi va tarixchilarining "Yangi ovoz" uyushmasi raisi Joldoshbek Monoldorov, taniqli tarixchi va yozuvchi, uyushmaning o‘zbek tili va adabiyoti bo‘limi boshlig‘i, O‘zbek milliy madaniy markazi rayosati aʼzosi Begijon Ahmedov ishtirok etdi.

Tadbirda O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari, joriy yil yubiley sanalari nishonlanayotgan o‘zbek allomalari, yozuvchi hamda shoirlarining hayoti va ijodiga bag‘ishlangan tadbirlarni Qirg‘izistonda o‘tkazish bilan bog‘liq masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Qirg‘iziston Milliy yozuvchilar uyushmasi raisi N.Kalibekov O‘zbekiston diplomatiya vakolatxonasi rahbarining qirg‘iz adabiyoti namoyandalari bilan  uchrashuvi ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy-gumanitar va xalq diplomatiyasi sohasidagi o‘zaro hamkorlik munosabatlari rivojiga salmoqli hissa qo‘shishini qayd etdi.

U 2019 yil O‘zbekistonga amalga oshirgan safari haqida to‘xtalar ekan, O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi bilan yaqin hamkorlik aloqalari o‘rnatilgani hamda o‘zaro tashrif almashinuvlari yo‘lga qo‘yilganini alohida taʼkidladi. U so‘nggi yillarda qator o‘zbekistonlik yozuvchi va shoirlar Qirg‘iziston Respublikasi Milliy yozuvchilar uyushmasining faxriy aʼzoligiga qabul qilingani, shuningdek, qirg‘izistonlik adabiyot namoyandalari ham O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasining faxriy aʼzolari bo‘lgani qalblarga faxr bag‘ishlaganini qayd etdi.

N.Kalibekov hozirgi kunda o‘zbek adabiyoti namunalarini qirg‘iz tiliga tarjima qilish va chop etish, mamlakatda ijod qilayotgan o‘zbek hamjamiyati vakillariga har tomonlama amaliy yordam ko‘rsatish yuzasidan diqqatga sazovor ishlar amalga oshirilayotganini alohida taʼkidladi. Xususan, taniqli o‘zbek yozuvchisi Begijon Ahmedov boshchiligidagi ijodiy guruh tomonidan “Qirg‘izistondagi o‘zbek yozuvchi va shoirlari antologiyasi”ni tayyorlash yuzasidan tegishli saʼy-harakatlar olib borilmoqda. Shu o‘rinda 2020 yil yakuni bo‘yicha o‘zbek yozuvchisi B.Ahmedovning “Sayyoh” qissasi “Qirg‘izistonning eng yaxshi kitobi” deb eʼtirof etilgani maʼlum qilindi.

“Ushbu fursatdan foydalanib, “O‘zbekiston-Qirg‘iziston” do‘stlik jamiyati hamda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi taklifiga binoan, joriy yil may oyining so‘nggi haftasida Qirg‘izistonda yashab ijod qilayotgan bir guruh o‘zbek shoir va yozuvchilarining O‘zbekistonga safari yuqori darajada tashkil etilgani uchun o‘z minnatdorligimizni izhor etamiz”, - dedi N.Kalibekov.

Shuningdek, uyushma raisi ikki mamlakatning chegaraoldi hududlari adabiyot sohasi vakillarining uchrashuvlari, qo‘shma seminar va konferensiyalar o‘tkazish yuzasidan o‘z takliflarini bayon etdi.

Uchrashuv chog‘ida o‘zbek xalqining atoqli shoiri Abdulla Oripov qalamiga mansub “Qirg‘iz diyori. Chingiz Aytmatovga” sheʼrining qirg‘iz tiliga tarjima qilinayotgani, u Qirg‘izistonda chop etiladigan “Ala-Too” adabiy jurnali sahifalarida eʼlon qilinishi rejalashtirilgani ham bildirildi.

Shu bilan birga,  Markaziy Osiyo yozuvchi va tarixchilarining "Yangi ovoz" uyushmasi raisi, “O‘rta Osiyo oltin kitobi” muallifi Joldoshbek Monoldorov o‘tgan oyda O‘sh o‘zbek akademik musiqali drama teatrida Abdulla Oripov tavalludining 80 yilligiga bag‘ishlangan ijodiy kecha bo‘lib o‘tganini maʼlum qildi.

Tadbirda O‘zbekiston elchixonasi tomonidan Qirg‘iziston Respublikasi Milliy yozuvchilar uyushmasiga besh jildli “O‘zbek tili izohli lug‘ati”, Ch.Aytmatov qalamiga mansub ayrim asarlarning radio spektakl formatida O‘zbekistonda tayyorlangan CD disklari va boshqa turli adabiy asarlar to‘plami taqdim etildi.

 



Aloqador xabarlar