Sadir Japarov Qirg‘iziston prezidenti vakolatlari o‘ziga o‘tganini ma'lum qildi

Bosh vazirlik binosi oldida to’plangan tarafdorlariga murojaat qilgan Sadir Japarov Sooronbay Jeenbekovning iste’fosidan so’ng, prezident vakolatlari o‘ziga o‘tganini ma'lum qildi.

1509915
Sadir Japarov Qirg‘iziston prezidenti vakolatlari o‘ziga o‘tganini ma'lum qildi

 

Qirg‘izistonda bosh vazirlik lavozimiga o’tkazilgan “Ota yurt”partiyasining sobiq deputati Sadir Japarov mamlakat prezidenti vakolatlari o‘ziga o‘tganini ma'lum qildi.

Bosh vazirlik binosi oldida to’plangan tarafdorlariga murojaat qilgan Sadir Japarov Sooronbay Jeenbekovning iste’fosidan so’ng, parlament raisi Kanat Isayev prezidentlik vazifasini bajarishga tayyor emasligi to’g’risida ariza yozganini ma’lum qildi.

“Hammasi joyida. Prezident Sooronbay Jeenbekov iste'foga chiqdi. Parlament raisi Kanat Isayev prezident funksiyalarini bajara olmasligi to‘g‘risida ariza yozdi. Shu tufayli, bugundan boshlab davlat rahbarining barcha vakolatlari, vazifasi va majburiyatlari shaxsan menga o‘tdi”, - deb aytgan Sadir Japarov o‘z tarafdorlariga murojaatida.

Japarovni ushbu g’alaba bilan tabriklagan tarafdorlari davlat gimni jo’rligiga tarqaldi.

Kecha, 15 oktyabr kuni prezident Sooronbay Jeenbekov mamlakatda qon to‘kilishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun prezidentlik lavozimini tark etayotganini e'lon qilgandi. Prezidentning iste'fosidan keyin, Konstitutsiyaga ko‘ra, davlat rahbarining barcha vakolatlari parlament raisi Kanat Isayevga o‘tishi belgilangandi.

Eslatish joizki, 4 oktyabr kuni Qirg‘izistonda o‘tkazilgan parlament saylovlaridan keyin parlamentga o‘ta olmagan partiyalar vakillari tomonidan Bishkekda tartibsizliklar uyushtirilgan, davlat idoralari binolari egallab olinib, talon-taroj qilingandi. Qamoqdagi bir qator siyosatchilar ozodlikka chiqarilgandi. Ular orasida “Ota yurt” partiyasi deputati Sadir Japarov ham bo’lgan. U 2017 yilda bir qator jinoyatlarda, xususan, davlat amaldorini garovga olish va noqonuniy miting tashkillashtirishda ayblanib qamoqqa olingandi.
Japarov o’sha kuni qamoqxonadan chiqarilib, bosh vazir lavozimiga o’tkazilgandi.

Natijada markaziy saylov komissiyasi saylov natijalarini bekor qilgandi. Tartibsizliklarda yuzdan ortiq kishi jarohat olgan, bir kishi halok bo‘lgandi.

6 oktyabr kuni parlament a'zolarining bir qismi bosh vazirlikka Sadir Japarov nomzodini ma'qullab ovoz berishgandi. Biroq, 13 oktyabr kuni prezident Sooronbay Jeenbekov parlament qarori yuridik kuchga ega bo‘lishi uchun deputatlarning soni yetarli darajada bo’lishi kerakligini aytib, Japarovni bosh vazir sifatida tan olmagandi.

14 oktyabr kuni Qirg‘iziston parlamenti Sadir Japarov nomzodini yana bir bor bosh vazirlikka tayinladi va bu safar prezident uning nomzodini tasdiqlashga majbur bo’ldi. Japarovning talabi bilan Sooronbay Jeenbekov kecha, 15 oktyabr kuni Qirg‘iziston prezidenti lavozimidan iste'fo etdi.



Aloqador xabarlar