Turk olamidan xabarlar 5- qism

Turkmanistonda prezidentlik saylovlariga sanoqli kunlar qoldi. Shu yilning 12 fevral kuni Turkmanistonda prezidentlik saylovi o’tkaziladi. Shu munosabat bilan mamlakatda saylov oldi tashviqotlar qizg’in davom etmoqda.

662636
Turk olamidan xabarlar 5- qism

                      

Dasturimizning bugungi bo’limini Turkmanistondan olingan xabar bilan boshlamoqchimiz.

Turkmanistonda prezidentlik saylovlariga sanoqli kunlar qoldi. Shu yilning 12 fevral kuni Turkmanistonda prezidentlik saylovi o’tkaziladi. Shu munosabat bilan mamlakatda saylov oldi tashviqotlar qizg’in davom etmoqda. 9 nomzod bellashadigan saylovlarda eng kuchli nomzod barchaga ma’lum bo’lganidek, Gurbanguli Berdimuhammedov.

Nomzodlar mamlakatning turli viloyatlariga borib xalq bilan uchrashmoqda. Agar saylovda g’alaba qozonsa, davlat ravnaqi uchun qanday ishlarni amalga oshirishi bo’yicha tushuntirish ishlarini olib bormoqdalar. Jumladan, Berdimuhammedov ham saylov oldi tashviqotlarini jadallik bilan olib bormoqda. O’tgan hafta Berdimuhammedov Bolqon viloyatidan so’ng, janubdagi Mari va Lebab viloyatlarida bo’ldi. U Lebab viloyatiga tashrifi chog’ida, Ko’ytendag’ tumanidagi ma’dan koni va o’g’it zavodi faoliyatini ko’zdan kechirdi.

Lebab viloyatidagi eng katta mahalliy sarmoyalaridan biri bo’lgan ushbu korxonalarga borish uchun temir yo’li tarmog’i yo’lga qo’yilgan. Gurbanguli Berdimuhammedovning aytishicha, mazkur korxona qurib bitkazilganda, yilda 1 mln 400 ming tonna o’g’it ishlab chiqariladi va mahsulotning katta qismi xorijga eksport qilinadi. Bundan tashqari, ushbu korxonada 1700 kishi ish bilan ta’minlanadi.

Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhammedov Lebab viloyatiga tashrifi chog’ida, O’rta Osiyoning eng katta daryosi bo’lgan Amudaryo ustida transport yo’li va temir yo’lini o’tkazish uchun qurilayotgan ko’prik loyihasini ko’zdan kechirdi.

Mazkur loyiha yakunlanganda, Eron orqali Turkmanistonga yo’l olgan turk yuk mashinalari ushbu ko’prik orqali O’zbekistonga va u yerdan esa, O’rta Osiyo bozoriga qulay borish imkoniyatiga ega bo’ladi.

Navbatdagi xabarimiz Qozog’istondan olingan. Qozog’istonning poytaxti Astana kuni kecha dunyo miqyosida katta ahamiyatga ega bo’lgan muzokaralarga mezbonlik qildi.

O’tgan hafta Qozog’istonning poytaxti Astanada Turkiya va Rossiya boshchiligida Suriyaga bag’ishlangan muzokaralar amalga oshirildi. Mazkur muzokaralarga Eron ham o’z hissasini qo’shdi.

Muzokaralar yakunida imzolangan Turkiya, Rossiya va Eron mushtarak bildiruvida, Suriyada ta’minlangan sulh bitimini mustahkamlashtirish va mazkur davlatlarning kafolati bilan nazoratni ta’minlash xususida kelishib olingani qayd etildi.

Qozog’istondan yana bir xabarni e’tiboringizga havola qilmoqchimiz. 

TURKSO’Y tashkilotining qarori bilan Turkiston shahri 2017 yili “Turk dunyosi madaniyat poytaxti” deb e’lon qilindi.

Shu munosabat bilan Turkistonda amalga oshiriladigan faoliyatlarni rejalashtirish maqsadida Chimkent shahrida marosim o’tkazildi.

Qozog’iston janubidagi viloyat hokimiyati matbuot xizmati ma’lum qilishicha, “Turkiston Turk dunyosi madaniyat poytaxti” loyihasi asosida amalga oshiriladigan faoliyatlar dasturi imzolandi.

Chimkent shahridagi marosimga Janubiy Qozog’iston hokimi Janseyit Tuymebayev, TURKSO’Y direktori Duysen Kaseyinov va Qozog’iston Madaniyat vazirligi madaniyat va san’at departamenti vakili Almaz Nuazxan ishtirok etdi.

“Turkiston Turk dunyosi madaniyat poytaxti” loyihasi asosida  mart oyida Turkistonda matbuot xodimlariga TURKSO’Y tomonidan mukofot topshirish marosimi va Navro’z bayramini o’tkazish hamda turli madaniy tadbirlarni amalga oshirish rejalandi.

Bu bilan bir qatorda, Turkiston hokimiyati tomonidan qadimgi Turkiston shahrining loyihasi ishlab chiqilib, bu asosda shahar maketi barpo etiladi.

Navbatdagi xabarimiz Ozarbayjondan olingan.

Ozarbayjonning poytaxti Baku shahrida Kaspiy dengizining huquqiy mavqeyini belgilash uchun tuzilgan komissiyaning 48-yig’ilishi bo’lib o’tdi.

Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirining o’rinbosari Halef Halefov boshchiligidagi yig’ilishga Rossiya, Eron, Turkmaniston va Qozog’iston ishtirok etdi.

Halefov yig’ilishda so’zlagan nutqida, Kaspiy dengizining huquqiy mavqeyini belgilash maqsadida katta ishlar amalga oshirilganini aytdi.

Uning aytishicha, bugungacha Ashxabod, Tehron, Baku va Astraxanda davlat rahbarlari ishtirokida 4 marta yig’ilish o’tkazildi.

Baku va Astraxandagi yig’ilishda davlatlarga oid bo’ladigan dengiz chegarasini belgilash va Kaspiy dengizidagi hamkorlik tamoyillari belgilab olindi.

“Navbatdagi yig’ilishda esa, sohildosh davlatlarning Kaspiy dengizi orqali boshqa dengiz va okeanlarga erkin o’ta olishi, harbiy kemalarning boshqa davlatlarga oid dengiz chegarasidan o’tish huquqi, dengiz ostidan kabel va quvurlarni olib o’tish, Kaspiy dengizining tubini bo’lish kabi xususlar bo’yicha bitim imzolanishi zarur”,-deydi Halefov so’zlagan nutqida.

Sovet Ittifoqi tarqalgach, Kaspiy dengizi sohilida joylashgan davlatlar Rossiya, Qozog’iston, Turkmaniston, Ozarbayjon va Eron Kaspiy dengizining vaziyatini belgilash uchun muzokara o’tkazdi.

Davlat rahbarlari dastlab, 2002 yili Ashxabodda, 5 yil o’tgach Tehronda, keyingisi 2010 yili Bakuda, navbatdagisi esa, 2014 yili Astraxan shahrida bo’lib, jami 4 marta yig’ilish o’tkazdi.

Tomonlar Kaspiy dengizida harbiy kuchning muvozanatini saqlash va bu yerda mazkur 5 davlatdan tashqari biron davlatning harbiy faoliyat ko’rsatmasligi xususida kelishib oldi. Shuningdek, Kaspiy dengizi mintaqasining xavfsizligini saqlash uchun hamkorlikni davom ettirish kerakligi bo’yicha hamfikr bo’ldilar.

Navbatdagi xabarimiz Tataristondan olingan.

Turizm sohasida Tataristonga bo’lgan e’tibor Qozon shahrining havo transporti qatnovida o’z aksini topdi. 2016 yili Xalqaro Qozon aeroportidan 1.9 mln yo’lovchi foydalandi. Bu raqam 2015 yilga nisbatan 7 marta ko’p.

O’tgan yili Tataristonning poytaxtidan Rossiyaning turli hududlari bilan bir qatorda, jami 60 hududga havo reyslari amalga oshirildi.

Rossiyaning turli shaharlariga samolyot reyslari 2015 yilga nisbatan 133%, Qozon-Ufa-Surgut yo’nalishida esa 90.3% ortish ko’rsatdi.

Rossiyaning Simferopol va Sochi kabi dam olish maskanlariga amalga oshirilgan reyslar soni 71.5% dan 167.5% gacha ortish ko’rsatdi.

Xalqaro Qozon aeroportidan xorij yo’nalishi bo’yicha havo reyslari sonida ortish kuzatildi.

 Jumladan, Janubiy Kiprning Larnaka, Goa, Phuket, Vyetnamning Kamran, Yunonistonning Rodos shaharlariga samolyot reyslari ko’paytirildi.

Tunisning Monastur shahriga samolyot reyslari 5 barobarga ortdi.

 

 

 


Tanlangan kalimalar: #Turk , #Respublika , #Yangiliklar , #Turk Olami

Aloqador xabarlar