BMT:G‘azoda kamida 1,1 million odam ocharchilik xavfi ostida

Bu haqda BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish Nyu-Yorkda G‘azo masalasi bo‘yicha bo‘lib o‘tgan matbuot uchrashuvida ma'lum qildi.

2117045
BMT:G‘azoda kamida 1,1 million odam ocharchilik xavfi ostida

 

G‘azo sektoridagi kamida 1,1 million kishi oziq-ovqat zaxiralarini tugatgan va halokatli ocharchilik xavfi ostida qolgan.

Bu haqda BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish Nyu-Yorkda G‘azo masalasi bo‘yicha bo‘lib o‘tgan matbuot uchrashuvida ma'lum qildi.

Oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha dunyoning yetakchi mutaxassislarining fikricha, G‘azo shimolida ocharchilik muqarrar.

“G‘azodagi barcha falastinliklarning yarmidan ko‘pi, 1,1 million kishi oziq-ovqat zaxiralarini to‘liq tugatdi va bu halokatli ocharchilikka tahdid solmoqda. Xabarlarga ko‘ra, G‘azodagi falastinliklar dahshatli azob-uqubatlarni boshdan kechirmoqda”,- deydi Guterrish.

Shu bilan birga, Guterrish bu butunlay sun’iy ofat ekanini va uni to‘xtatish mumkinligini ta’kidlagan.

“Isroil hukumatini G‘azoga gumanitar yuklarning to‘liq va to‘siqsiz kirishini ta’minlashga, xalqaro hamjamiyatni esa insonparvarlik sa’y-harakatlarimizni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga chaqiraman”, - deya xulosa qilgan Guterrish.

"Biz aqlga sig'maydigan, qabul qilib bo'lmaydigan va oqlab bo'lmaydigan narsalarni oldini olish uchun hozir harakat qilishimiz kerak", deb qo'shimcha qiladi Guterrish.

BMTga qarashli tashkilotlar tomonidan tayyorlangan Integral oziq-ovqat xavfsizligi bosqichi tasnifi (IPC) hisobotida, G'azo shimolidagi aholining 70 foizi halokatli ochlik bilan yuzma-yuz bo'lganligi bildirilgandi.

BMT agentligining Jahon oziq-ovqat dasturi (WFP) ijrochi direktori Sindi Makkeyn, "G'azoda odamlar hozir ochlikdan qiynalmoqda. Ushbu sun'iy ochlik va to'yib ovqatlanmaslik inqirozining G'azoga ta'sir qilish tezligi dahshatli",-degandi.

Isroil 7-oktyabrdan beri hujum qilib kelayotgan G'azoda 2,3 million falastinlikni ochlikka mahkum qilgan vaziyatda.

Isroilning G'azo sektorida 7 oktyabrdan beri sodir etib kelayotgan hujumlarida kamida 31 ming 726 falastinlik hayotdan ko'z yumdi, 73 ming 792 kishi yaralandi.


Tanlangan kalimalar: #Isroil , #G'azo

Aloqador xabarlar