Netanyaxu G'azodan askarlarini olib chiqish haqidagi taklifni rad etdi

Isroil Bosh vazirining so‘zlariga ko‘ra, G‘azo sektorida davom etayotgan janglar natijasi Isroil uchun “mutlaq g‘alaba” bo‘lishi kerak.

2095672
Netanyaxu G'azodan askarlarini olib chiqish haqidagi taklifni rad etdi

 

Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu HAMAS qo'lida ushlab turilgan mahbuslarni ozod qilish evaziga G'azodan askarlarini olib chiqishni o'z ichiga olgan kelishuvni qabul qilmasligini ma'lum qildi.

“Men har xil kelishuvlar haqidagi bayonotlarni eshityapman, shuning uchun buni aniq aytmoqchimanki, biz bu urushni barcha maqsadlarimizga erishmagunimizcha to’xtatmaymiz. Ya’ni HAMASni yo‘q qilish, barcha garovga olinganlarimizni qaytarish va G‘azo endilikda Isroilga tahdid solmasligini ta’minlashdir. Biz qo’shinni G‘azo sektoridan olib chiqmaymiz va minglab terrorchilarni ozod qilmaymiz. Bularning hech biri bo‘lmaydi. Lekin nima bo‘ladi? To‘liq g‘alaba bo’ladi”, deydi Netanyaxu. 

Isroil Bosh vazirining so‘zlariga ko‘ra, G‘azo sektorida davom etayotgan janglar natijasi Isroil uchun “mutlaq g‘alaba” bo‘lishi kerak. 

“Bizga mutlaq g‘alaba kerak. Bundan kami emas. Men bunga sodiqman, bizning jangchilarimiz va xalqimizning mutlaq ko‘pchiligi bunga sodiq. Biz mutlaq g‘alabadan kami bilan kifoyalanmaymiz”, deydi Netanyaxu.

Qayd etilishicha, 28 yanvar kuni Fransiya poytaxti Parijda AQSh, Misr va Qatar vositachiligida Hamas va Isroil o‘rtasida yangi mahbuslar almashinuvi va o‘t ochishni to‘xtatish masalasi muhokama qilingandi.

Misr razvedkasi HAMASga Misr, Isroil, AQSH razvedka xizmatlari rahbarlari va Qatar Bosh vazirining Parijdagi yig‘ilishida erishilgan garovdagilarni ozod qilish bo‘yicha dastlabki taklifni yetkazgandi.

Isroil bosh vazirligining xabar berishicha, uchrashuv “konstruktiv” o‘tgan, biroq tomonlar o‘rtasida hali ham jiddiy kelishmovchiliklar mavjud

Muzokarachilar umumiy ma’noda konsensusga erishgan bo‘lsa-da, kelishuvning aniq tafsilotlari bo‘yicha kelishib olish, katta ehtimol bilan, oson bo‘lmaydi.

Dastlabki shartlarga ko‘ra, garovga olinganlarni qaytarishning birinchi bosqichi jangovar harakatlar olib borishda olti haftalik tanaffusni nazarda tutadi.

Shu bilan birga, HAMAS qo‘l ostidagi har bir fuqaro Isroil qamoqxonalarida saqlanayotgan uch nafar falastinlik bilan almashtiriladi. Bu nisbat Isroil armiyasi xodimlarini almashish uchun oshirilishi mumkin va olti haftalik sulhdan keyin uzoqroq pauza bo‘lishi mumkin.

 


Tanlangan kalimalar: #Isroil , #Netanyaxu

Aloqador xabarlar