O'zbekistondan xabarlar-59

O‘zbekistonda 5-Barqaror rivojlanish maqsadi doirasida “Gender tenglikni taʼminlash va xotin-qizlar huquq hamda imkoniyatlarini kengaytirish” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.

2066450
O'zbekistondan xabarlar-59

 

Joriy yilning 13-noyabr kuni Oliy Majlis palatalari qo‘mitalari,  BMTning O‘zbekistondagi agentliklari hamkorligida O‘zbekistonda 5-Barqaror rivojlanish maqsadi doirasida “Gender tenglikni taʼminlash va xotin-qizlar huquq hamda imkoniyatlarini kengaytirish” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
Unda mahalliy va xorijiy ekspertlar, xalqaro tashkilotlar vakillari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengash deputatlari, tegishli vazirlik va idoralar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Davra suhbatida barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalar ijrosi, gender tenglikni ta’minlash, BRMga erishishda davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari, jamoatchilikning sa’y-harakatlari va imkoniyatlarini birlashtirish masalalari muhokama etildi.
Shuningdek, ishtirokchilar tomonidan mamlakatimizda xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, davlat boshqaruvidagi ishtirokini kengaytirish, ular uchun teng huquq va imkoniyatlarni taʼminlash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganligi ta’kidlandi.
Ta’kilanganidek, davlat tuzilmalarida xizmat qilish uchun ijtimoiy, siyosiy faol ayollardan kadrlar zaxirasi shakllantirilgan. Xususan, Davlat boshqaruvi akademiyasida rahbar xotin-qizlarni tayyorlash bo‘yicha alohida “Rahbar ayollar maktabi” o‘quv kurslari tashkil etilib, har yili 100 nafar faol xotin-qiz o‘qitilyapti.
Xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, turli sohalarda o‘z qobiliyat va imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarishi uchun shart-sharoitlar yaratish, rag‘batlantirish borasida maxsus davlat mukofoti (Zulfiya nomidagi davlat mukofoti) ta’sis etilgan bo‘lib, mazkur mukofot bilan shu kunga qadar 424 nafar xotin-qiz taqdirlangan.
Har bir hududda tuzilgan Xotin-qizlar tadbirkorligi markazlari ko‘magida tadbirkor xotin-qizlar soni ortib bormoqda. Ular uchun hukumat maxsus jamg‘armasida va tijorat banklarida imtiyozli kredit liniyalari ochilgan bo‘lib, oxirgi 2,5 yil mobaynida 496 mingdan ziyod xotin-qizga tadbirkorlikni rivojlantirish uchun 9,7 trln so‘m kredit ajratilgan.
909 ta mahallada xotin-qizlar bandligini ta’minlash va salomatligini mustahkamlash markazlari barpo etilgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda 11 ming nafardan ziyod xotin-qizlar ishtirokida “Mening kashfiyotlarim Vatanim taraqqiyoti uchun xizmat qiladi”, “Yurt taraqqiyotiga mening hissam”, “Olim sifatida mening vazifam va jamoatchilik xabardorligini oshirishga hissa qo‘shish” mavzularida 437 ta fleshmob va chellenj tashkil etilgan.
BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlarini bajarishda parlament, hukumat va fuqarolik jamiyati institutlarining amaliy hamkorligini kuchaytirish, bu masalada muntazam ravishda parlament va jamoatchilik eshituvlarini tashkil etish masalasiga e’tibor qaratildi.
Ishtirokchilar mazkur yo‘nalishlarda bugungi kunga qadar amalga oshirilgan ishlar samaradorligiga ahamiyat berib, kelgusidagi ustuvor vazifalar bo‘yicha amaliy fikr va takliflarini bildirdilar.

BRM oyligi doirasida esa barcha joylarda manfaatdor idora va tashkilotlar, xorijiy ekspertlar ishtirokida tadbirlar, konferensiyalar, davra suhbatlari tashkil etilmoqda.
Kuni kecha Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “Barqaror rivojlanish maqsadlari va yoshlar” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi. Davra suhbatida Oliy Majlis Senati huzuridagi Yoshlar parlamenti, Qonunchilik palatasining Yoshlar masalalari bo‘yicha komissiyasi vakillari, Yoshlar ishlari agentligi mas’ullari hamda respublikamizning barcha oliy ta’lim muassasalaridan iqtidorli talabalar ishtirok etdi.
Tadbirdan ko‘zlangan maqsad talabalarga Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM) tamoyillari va g‘oyalari hamda ularga erishish mexanizmlari haqida ma’lumot berishdan iborat. Davra suhbatida ishtirokchilarga BRMning 17 ta maqsadi konsepsiyasi va ularni amalga oshirish yo‘llari haqida batafsil ma’lumot berildi. 
Ta’kidlanganidek, yoshlarning o‘zlari BRMlarni amalga oshirishda xabardorlikni oshirish, ma’lumotlarni to‘plash va ulardan foydalanish, mahalliy va milliy miqyosda tashabbus ko‘rsatish, monitoring va erishilgan ishlar bo‘yicha hisobot berish orqali ishtirok etmoqda.
Shu bilan birga, talabalar o‘rtasida yoshlarning moliyaviy, huquqiy va ekologik savodxonligini oshirish, volontyorlik, gender tenglik, xayriya, ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarga huquqiy yordam ko‘rsatish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, davra suhbati doirasida yoshlarning siyosiy bilimi va huquqiy madaniyatini yanada yuksaltirish, bilimli va iqtidorli yoshlarni aniqlashga qaratilgan “Konstitutsiya bilimdoni” intellektual viktorinasida talabalar onlayn tarzda qatnashdi.
Viktorinada yuqori ko‘rsatkichlarga erishgan, eng faol yoshlarga esdalik sovg‘alari topshirildi.


Tanlangan kalimalar: #O'zbekiston

Aloqador xabarlar