Turk dunyosiga bagʻishlangan umr - 21

Dasturimizning bu galgi sonida bugungi kunda butun dunyoga tanilgan, umrini turk dunyosiga bag‘ishlagan turk tarixchi, turkolog, sharqshunos va siyosatchi Zaki Validiy To‘g‘on haqida so‘z qilamiz.

2142521
Turk dunyosiga bagʻishlangan umr - 21

Zaki Validiy To‘g‘on, tadqiqotchilar tomonidan qomusiy olim sifatida baholangan olimlardan biridir. Asl ismi Ahmat - zaki Validov, 1890 - yilning 10 – dekabri kuni Boshqirdistonning Kuzen qishlog‘ida dunyoga keladi. Boshlang‘ich ta’limini Kuzendagi katta madrasadan olgan To‘g‘on, bir tomondan rus tilidan saboq oladi. Bunga qo‘shimcha ravishda o‘zi o‘qituvchi bo‘lgan onasidan fors tilini, otasidan esa arab tilini o‘rganadi. Katta amakisi Vali domlaning qo‘llab – quvvatlashi bilan tarix darsiga bo‘lgan qiziqishi ortadi. Undan eshitgan dostonlari asosida tarjimai hol va tarix kitoblarini o‘qiy boshlaydi. Ana shu davrlarda Istanbuldan kelgan kitoblarni ham kuzata boshlaydi. O‘rta ta’limini 1902 – yili qoʻshni qishloqdagi madrasada davom ettiradi. Otasi uni uylantirib, qishlog‘ida imom bo‘lishini istashidan boxabar bo‘lgach, hayotidagi burilish nuqtasi hisoblangan Qozonga qochib ketadi va o‘qishini Qosimiya madrasasida tamomlaydi. Shunday qilib u bolaligidan fors, arab, rus va turk tillarini puxta o‘rganib, har tomonlama rivojlangan barkamol yigit sifatida voyaga yetadi. U yerda mashhur Katanov va Ashmarin kabi rus sharqshunoslari bilan tanishadi. O‘zi o‘qigan Qosimiya madrasasida “Turk tarixi va arab adabiyoti tarixi”dan dars beradi. Ana shu paytda, 1911 - yil oxirida nashr etilgan “Turk va tatar tarixi” nomli kitobi bilan tanila boshlaydi. Shu ishi bilan tanilgan To‘g‘on, Qozon universiteti arxeologiya va tarix jamiyati a’zoligiga saylanadi. Akademik izlanishlarini davom ettirgan To‘g‘on, 1912 - yildan e’tiboran “Manas” dostonini, Ibn Xaldunni tadqiq qilib, Turkiyada nom qozonadi. To‘xtamay mehnat qilgan xususiyati bilan tanilgan olim ilmiy izlanishlar olib borish maqsadida 1913 - yili Farg‘onaga, 1914 - yili esa Buxoroga yuboriladi. Farg‘onada Yusuf Xos Hojibning “Qutadg‘u bilig” asari qo‘lyozmasini topishi bilan ilm – fan olamiga katta hissa qo‘shadi. 1915 - yili musulmon deputatlarga yordam berish maqsadida Ufa vakili etib saylanadi va Rossiyadagi musulmonlar ahvolini himoya qilishga kirishadi. 1917 - yilning 29 – noyabri kuni Boshqird hukumati tashkil etilganida To‘g‘on, milliy mudofaa vaziri boʻladi. Shundan so‘ng u Lenin, Stalin va Trotskiy bilan ko‘p marta uchrashuv o‘tkazadi ammo ijobiy natijaga erisha olmagach, Turkistonga borib, kurashni ana shu yerda davom ettirish haqida qaror qabul qiladi. Turkistonda bosmachi harakatida ishtirok etib, Turkiston xalqlarining ozodligi uchun kurashadi. Yana xuddi shu asnoda Anvar posho bilan Turkistonda uchrashgani ham ma’lum. U Turkistonda, “Turkiston milliy ittifoqi” deb nomlangan tashkilot tuzadi. 1922 - yili Anvar posho shahid bo‘lgach, Turkiston turklarining istagini tashqi dunyoga yetkazib berish uchun Yevropaga yo‘l oladi. Shu jarayonda Cambridge, Parij va Berlin universitetlarida ishlash ustidan takliflar oladi. Biroq Zaki Validiy, faoliyat olib boruvchi davlat sifatida Turkiyani tanlaydı. Yevropadan Istanbulga kelganida eng avvalo Fatih kutubxonasida boʻldi. Istanbul universitetida dars bera boshlaydi. U umumiy turk tarixi kafedrasini ochadi. 1925 - yili Turk fuqaroligini oladi. Turkiyadagi faoliyatlari 1932 – yilga qadar davom etadi. Oʻz davrining muhim jurnal va gazetalarida uning jiddiy maqolalari oʻrin oladi. Keyin u 7 yil Yevropada yashaydi. Takror Istanbulga qaytgan Zaki Validiy To‘g‘on, 1939 - yili yana Istanbul universitetida ishlay boshlaydi. Ko‘p o‘tmay, 1944 - yili Turonchilik harakatida ishtirok etgani uchun hibsga olinib, 15 oy qamoqda o‘tiradi. Ortidan, 1947 - yili oqlanib, 1948 - yili universitetdagi ishiga qaytadi. Ushbu vazifasini, 1970 - yilgacha munosib tarzda yuritadi. Hayoti davomida, 28 yil muhim xalqaro kongressda ma’ruza o‘qigan To‘g‘on Angliya, Eron, Italiya, Hindiston va Finlyandiya, xususan Germaniyada bo‘lib qaytadi. Oxirgi kuniga qadar ishlagan Zaki Validiy To‘g‘on, 1970 - yilning 26 - iyulida vafot etar ekan, olim, Karajaahmet qabristonida tuproqqa beriladi.

Zaki Validiy To‘g‘on ko‘plab shogirdlar yetishtirdi va ular bugungi kunda ham bebaho hisoblangan qimmatli asarlar qalamga oldilar. Umrini turk xalqining hamjihatligi uchun bag‘ishlagan inson ortida ikki nafar farzand, turk dunyosi uchun yetishtirgan talabalar bilan bebaho 337 ta asar qoldirdi. Eng muhimi, Zaki Validiy To‘g‘on qalamga olgan asarlar bugungi kungacha universitetlarda darslik sifatida o‘qitilmoqda.

***

TRT Turkiya ovozi radiosi uchun Nazgul Kadirova tomonidan tayyorlangan «Turk dunyosiga bag‘ishlangan umr» dasturini tingladingiz. Xayr, salomat bo‘ling.



Aloqador xabarlar