Turkiy tilining sehrli dunyosi - 3
Dasturimizning bugungi sonida eski uyg‘ur tili, boshqacha qilib aytganda qadimgi uyg‘ur tilining davomchisi sifatida qabul qilingan yangi uyg‘ur tili haqida so‘z qilamiz.
Yangi uyg‘ur tili eski uyg‘ur tilining vaqt o‘tishi bilan turli rivoji va o‘zgarishi asosida shakllangan davomchisi hisoblanadi. Bugungi kunda turkolog va tilshunos olimlar tomonidan hozirgi turkiy tillar orasida, 6 – 9 asrlarda Koʻkturk - Uygʻur - Qoraxoniylar davlati davrida yagona adabiy yoki yozma til sifatida qoʻllanilgan turkiy tilga eng yaqinrogʻi sifatida qabul qilinmoqda. Bu jihatdan olib qaraganda uygʻur tili, chuvash tilidan tashqari boshqa turkiy tillar uchun ona tili mohiyatida desak mubolagʻa boʻlmaydi.
Shu nuqtai nazardan olib qaraganda hozirgi turkiy tillarining tarixi jihatidan alohida oʻringa ega boʻlgan uygʻur tili, dasturimizning ikkinchi sonida ham qayd etganimizdek, bugun asosan Sharqiy Turkistonda soʻzlashilmoqda. Uygʻur tili Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Oʻzbekiston, Turkmaniston, Afgʻoniston, Pokiston, Hindiston, Turkiya va Saudiya Arabistonida ham qoʻllaniladi.
Ma’lum boʻlganidek, 20 - asr boshlarigacha Turkistondagi turk qabilalari umumiy yozma til sifatida, koʻproq «chag‘atoy tili» degan nom bilan tanilgan turkiy adabiy tildan foydalanganlar. Mazkur davrdan e’tiboran Sovet ittifoqining til siyosati asosida, qabila tillaridan milliy tillar yaratila boshlandi. Shu doirada uygʻur turklari ham bugungi Urumchi shevasiga tayangan Markaziy diyalekt asosida adabiy til tashkil etdilar. Ushbu adabiy til bugungi kunda jugʻrofiy joylashuvi va oʻtmishi bilan boʻlgan aloqasi tufayli arab, fors, xitoy va rus tillari ta’sirida qoldi. Shunga qaramay ta’lim – tarbiya 1930 – yillardan beri xuddi shu tilda yuritilmoqtadir.
Sharqiy Turkistonda uygʻur tilidan foydalanish imkonlari bugungi kundagi Xitoyning til siyosati va ijtimoiy omillari tufayli zaiflashdi ammo bu til soʻzlashilgan boshqa mintaqalarda koʻproq universitetgacha boʻlgan ta’lim sohalarida foydalanilmoqda. Bunga koʻra, uygʻur turklarining oʻz ona tilida ta’lim olish imkoniyatlari hozircha cheklangan holatda desak mubolagʻa boʻlmaydi. Shunga qaramay, uygʻur tilining funksionalligi bu tilda soʻzlashuvchilarning kundalik muloqotda; madaniy tadbirlar, an’anaviy marosimlar va kundalik urf – odatlarda; ta’lim va ommaviy axborot vositalari hamda yozmacha asarlarda ham faol ravishda foydalanilishi kabi ijobiy munosabatlari tufayli saqlab qolinmoqda. Uygʻur tilining keng funksionallikka ega boʻlishi, uning yosh avlodlar tomonidan oʻrganilishi va kelajakda saqlanib qolinishi nafaqat uygʻur turklari, balki turkiy tillar tarixi jihatidan ham nihoyatda muhimdir.