Yevrosiyo kun tartibi - 21 (2024)

Dasturimizning bugungi sonida, Markaziy Osiyo Respublikalari kun tartibidagi oxirgi vaziyatlar haqida so‘z qilamiz.

2143270
Yevrosiyo kun tartibi - 21 (2024)

2024 - yilning 13 - mayi kuni Samarqand shahrida Osiyo ayollar forumi boʻlib oʻtdi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy majlisi senati raisi Tanzila Narbayeva yetakchiligida uyushtirilgan mazkur forumda 100 nafar yuqori lavozimli ayol rahbarlar ishtirok etdi. Forum yakunida Samarqand deklaratsiyasi qabul qilindi.

O‘tgan hafta Xitoy Xalq Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Liu Guozhong rasmiy tashrif bilan O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘izistonda bo‘lib qaytdi. Bosh vazir o‘rinbosari Liu Guozhong 2024 - yilning 13 - mayi kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, 2024 - yilning 16 - mayi kuni Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim - Jo‘mart Toqayev, 18 - may kuni Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov tomonidan qabul qilindi. Liu Guozhongning tashrifi chog‘ida iqtisodiy masalalar muhokama qilindi.

Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohim o‘tgan hafta rasmiy tashrif bilan Qirg‘iziston, Qozog‘iston va O‘zbekistonda bo‘ldi. Anvar Ibrohim 2024 - yilning 15 - mayi kuni Bishkekda Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov bilan uchrashdi. Uchrashuvlar yakunida ikki davlat oʻrtasidagi munosabatlarni rivojlantirishni koʻzda tutuvchi qoʻshma deklaratsiya imzolandi.

Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohim 2024 - yilning 16 - mayi kuni Ostona shahrida Qozog‘iston Prezidenti Qasim - Jo‘mart Toqayev bilan o‘zaro va hay’atlararo uchrashuvlar o‘tkazdi. Ertasi kuni, 17 - mayda Qozog‘iston Bosh vaziri Oljas Bektenov va Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohim ishtirokida Qozog‘iston - Malayziya sarmoyaviy uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda, ikki davlat o‘rtasida 350 million dollarlik shartnoma imzolandi. Malayziya Bosh vazirini aeroportdan Qozog‘iston Prezidenti Qasim - Jo‘mart Toqayev shaxsan o‘zi kuzatib qo‘ydi.

Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohim Qozog‘istonga bo‘lgan tashrifi ortidan O‘zbekistonga borar ekan, u yerda, mamlakat prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashdi. Ertasi kuni, ya’ni, 18 – may kuni, Samarqand shahrida O‘zbekiston - Malayziya biznes forumi bo‘lib o‘tdi.

Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq maslahati raisi Gurbanguli Berdimuhamedov 2024 - yilning 16 - mayi kuni amaliy tashrif bilan Tataristonga bordi. Berdimuhamedov Qozonda Tataristonning amaldagi raisi Rustam Minnixanov va sobiq prezidenti Mintemir Shaymiyev bilan uchrashdi. Gurbanguli Berdimuhamedov “Rossiya - Islom dunyosi: Qozon forumi - 15” xalqaro iqtisodiy forumda faxriy mehmon sifatida ishtirok etdi va “Rossiya Halal Expo” yarmarkasiga tashrif buyurdi. Forumda 80 dan ortiq davlatdan vakillar ishtirok etdi.

***

2024 - yilning 16 - mayi kuni Qozog‘istonda Markaziy Osiyo davlatlari Milliy xavfsizlik kengashlari Bosh kotiblarining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda terrorizmga qarshi kurash, transchegaraviy suvlardan foydalanish, transport va energiya kabi mavzular muhokama qilindi. Yig‘ilishda ishtirok etgan mehmonlar, Qozog‘iston Prezidenti Qasim - Jo‘mart Toqayev tomonidan qabul qilindi. Prezident Toqayev joriy yilda mintaqa davlatlarini bir - biriga yaqinlashtiruvchi “Markaziy Osiyo - 2040” hujjatini qabul qilishni rejalashtirayotganliklarini bildirdi.

Xitoy Xalq Respublikasi Tashqi Ishlar vaziri Van I, 2024 - yilning 17 – 18 mayi kunlari rasmiy tashrif bilan Tojikistonda bo‘ldi. Van I shu doirada tojikistonlik hamkasbi Sirojiddin Muhriddin va Prezident Emomali Rahmon bilan uchrashdi.

Voqealar rivojidan ham ko‘rinib turganidek, dunyoning yetakchi davlatlari Markaziy Osiyo respublikalarini bir butun sifatida ko‘ra boshladilar.

 



Aloqador xabarlar