O'zbekistondan xabarlar-53

Senatning xalqaro hamkorligi

2043990
O'zbekistondan xabarlar-53

 

Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva 26 sentyabr kuni yurtimizda rasmiy tashrif bilan bo‘lib turgan Qirg‘iz Respublikasi Jogorku Keneshi Torag‘asi Nurlanbek Shakiyev boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Suhbat avvalida O‘zbekiston bilan Qirg‘iziston o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik va keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlari jadal rivojlanib borayotgani alohida qayd etildi.

Muloqotda qardosh xalqlarimiz o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik rishtalariga asoslangan O‘zbekiston-Qirg‘iziston hamkorligining amaliy jihatlariga eʼtibor qaratildi.

Ikki mamlakat parlamentlari o‘rtasidagi, shu jumladan xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasidagi muntazam aloqalar izchillik kasb etib bormoqda. 2017-yil sentyabr oyida O‘zbekiston Prezidentining Qirg‘izistonga davlat tashrifi chog‘ida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va Qirg‘iz Respublikasi Jogorku Keneshi o‘rtasida parlamentlararo hamkorlik to‘g‘risidagi memorandumning imzolangani O‘zbekiston va Qirg‘iziston parlamentlari munosabatlarida yangi bosqichni boshlab berdi.

Oliy darajadagi kelishuvlar ijrosini taʼminlash, qonun ijodkorligi sohasida tajriba almashish, hududlararo hamkorlikni yana-da rivojlantirishni maqsad qilgan  O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va Qirg‘iz Respublikasi Jogorku Keneshi o‘rtasidagi hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo komissiyasi samarali faoliyat yuritmoqda.

Muzokaralar chog‘ida parlamentlarimiz hamkorligini yana-da kuchaytirish bo‘yicha 2024-yilga mo‘ljallangan “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish va imzolash, chegaraoldi viloyatlarning mahalliy Kengash deputatlari o‘rtasida hamkorlikni faollashtirish, parlament diplomatiyasini rivojlantirishga qaratilgan qo‘shma tadbirlarni o‘tkazish yuzasidan fikr almashildi.

Shuningdek, siyosiy muloqot va madaniy-gumanitar almashinuvni hamda savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish masalalari ham eʼtibor markazida bo‘ldi.

Taʼkidlanganidek, ikki tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlikning yuqori dinamikasi kuzatilmoqda. O‘tgan 6 yilda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 7 barobarga oshdi. 2023-yil yanvar-avgustida ushbu ko‘rsatkich - $ 700 mln. yetdi. Avtomobilsozlik, energetika, elektrotexnika va to‘qimachilik tarmoqlarida qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda.

Mamlakatlarimiz o‘rtasida savdo hajmini $ 2 mlrd.ga yetkazish uchun yetarli salohiyat va barcha imkoniyatlar mavjudligi alohida qayd etildi.

Suhbat davomida ikki davlat transport-logistika imkoniyatlarini kengaytiradigan loyihalarni amalga oshirishda saʼyi-harakatlarni birlashtirish,  Toshkent va Bishkek shaharlarida savdo uylarini ochish kabi amaliy jihatlar muhokama qilindi. 

Tomonlar ikki qardosh xalqlarni bir-biriga yaqinlashtirishda madaniy-gumanitar aloqalar alohida o‘rin tutishini alohida qayd etdilar.  O‘sh shahrida Bobur nomidagi akademik teatrning yangilangan binosi ochilgani, nafaqat qirg‘iz eli, ayni paytda, butun turkiy xalqlar uchun ham aziz va qadrli bo‘lgan mashhur yozuvchi Chingiz Aytmatovning 95 yilligi bilan bog‘liq qator tadbirlar O‘zbekistonda ham o‘tkazib kelinayotgani aytib o‘tildi.

Uchrashuv yakunida yaqin o‘zaro hamkorlikka va tajriba almashishga, turli darajadagi parlament delegatsiyalarining tashriflarini muntazam tashkil etishga, shuningdek, O‘zbekiston va Qirg‘iziston parlamentlari do‘stlik guruhlari va qo‘mitalari o‘rtasidagi aloqalarni faollashtirishga kelishib olindi.

Qirg‘iz Respublikasi Jogorku Keneshi Torag‘asi Nurlanbek Shakiyev Oliy Majlis Senatining faxriy mehmonlar kitobida dastxat yozib qoldirdi.

Shuningdek, 26-sentabr kuni Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev Parlamentlararo Ittifoqdagi Britaniya guruhi raisi Karen Bredli boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.

O‘zbekiston va Buyuk Britaniya siyosiy-diplomatik muloqotini kengaytirish, parlament diplomatiyasini faollashtirish, xalqaro maydonda konstruktiv hamkorlikni davom ettirish, xamda savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish va tovar ayirboshlash hajmini oshirish yuzasidan fikr almashildi.

Jumladan, Buyuk Britaniya O‘zbekistonga UK GSP Enhanced Framework Umumiy imtiyozlar tizimi bo‘yicha benefitsiar mamlakat maqomini taqdim qilganiga alohida eʼtibor qaratildi. Eslatib o‘tish joizki, ushbu tizim bo‘yicha o‘zbek tovarlariga imtiyozlar 2021-yil 1-noyabrdan boshlab qo‘llanilmoqda. Natijada 2022-yilda O‘zbekistondan Buyuk Britaniyaga eksport hajmi 35 foizga oshdi.

Imtiyozlar tizimining barcha afzalliklaridan samarali foydalanish savdo-iqtisodiy aloqalarni, hamda ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishga xizmat qilishiga alohida urg‘u berildi.

O‘zbekistonning yaqin kelajakda Jahon savdo tashkilotiga aʼzo bo‘lishi bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar ham muhokama qilindi. Taʼkidlanganidek, O‘zbekiston Buyuk Britaniyaning yirik korporatsiya va kompaniyalarini mamlakatda tog‘-kon sanoati, neft-gaz, telekommunikatsiya, infratuzilma, fintech, farmatsevtika va taʼlim kabi sohalarda loyihalarni amalga oshirishidan manfaatdor.

Tomonlar O‘zbekiston va Buyuk Britaniya o‘rtasidagi parlamentlararo aloqalar izchil rivojlanayotgani qayd etilib, o‘zaro aloqalar va yaqin muloqotni mustahkamlash uchun ikki mamlakat parlamentlari aʼzolarining tashriflarini faollashtirish zarurligiga eʼtibor qaratildi.

Bundan tashqari, ikki mamlakat o‘rtasidagi taʼlim va madaniy-gumanitar aloqalar sohasida hamkorlik qilish masalalari muhokama qilindi. Maʼlumki, hozirgi vaqtda Buyuk Britaniyaning yetakchi institutlari bilan kelishilgan holda ilmiy izlanishlar olib borish, mutaxassislarni qayta tayyorlash, qo‘lyozma va artefaktlar bilan ishlash bo‘yicha faol hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston va Buyuk Britaniya o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirishga kelishib olindi.

 


Tanlangan kalimalar: #Qirg'iziston , #O'zbekiston

Aloqador xabarlar