O'zbekistondan xabarlar-52

O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva boshchiligidagi delegatsiya amaliy tashrif bilan Koreya Respublikasida bo‘lib turibdi.

2039874
O'zbekistondan xabarlar-52

 

Tashrifning birinchi kunida qator uchrashuvlar o‘tkazildi. Xususan,  Koreya-O‘zbekiston parlament do‘stlik assotsiatsiyasi raisi Pak Kvang On bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ikki tomonlama munosabatlarni yana-da mustahkamlashda parlamentlarning hamkorlikdagi saʼyi-harakatlarini kuchaytirish, uni amaliy mazmun bilan boyitish yuzasidan fikr almashildi.

Xususan, parlamentlararo hamkorlikni yana-da rivojlantirish maqsadida do‘stlik guruhlarining navbatdagi uchrashuvini 2024-yilda Seul shahrida o‘tkazish taklif qilindi. Shuningdek, oliy darajadagi kelishuvlar (“yo‘l xaritalari”) va O‘zbekiston-Koreya hamkorligining barcha yo‘nalishlari ijrosi ustidan parlament nazoratini taʼminlash maqsadida Senat Raisi boshchilik qiladigan Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi bilan hamkorlik bo‘yicha komissiya o‘rtasida aloqalarni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Shu bilan birga, ijtimoiy-iqtisodiy sohalar, jumladan, kambag‘allikni qisqartirish va yangi ish o‘rinlari yaratish, sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirish, Orol dengizi qurishining salbiy oqibatlarini yumshatish, Orolbo‘yi mintaqasi ekotizimini yaxshilash borasidagi loyihalar tomonlarning diqqat markazida bo‘ldi. 

Uchrashuv yakunida muhokama qilingan barcha masalalar yuzasidan hamkorlikni yana-da kuchaytirishga kelishib olindi. 

Delegatsiyaning amaliy tashrifi doirasida Koreya Respublikasidagi o‘qituvchilar, talabalar, tadbirkorlar, turli soha jumladan, IT kompaniyalari mutaxassislaridan iborat bir guruh vatandoshlarimiz bilan muloqot o‘tkazildi.

Uchrashuvda ijtimoiy-mehnat munosabatlarini rivojlantirish, xorijda taʼlim olib, mehnat qilayotgan vatandoshlarimiz uchun munosib sharoitlar yaratish, ularning qonuniy manfaatlarini ishonchli huquqiy himoya qilishni taʼminlash xususida so‘z bordi.

Shu bilan birga Senat Raisi vatandoshlarimizning keyinchalik O‘zbekistonda turli sohalarda tatbiq etilishi mumkin bo‘lgan ilmiy-tadqiqot yo‘nalishida olib borayotgan izlanishlari bilan qiziqdi. Bunda asosiy eʼtibor taʼlim, tibbiyot va innovatsiyalarga qaratildi.

Samimiy ruhda o‘tgan suhbat davomida ishtirokchilar tomonidan mamlakatimizda kadrlar tayyorlash, taʼlim, yoshlar va boshqa sohalarga doir qator masalalar ko‘tarilib, amaliy takliflar bildirildi.

Bolalar va yoshlar taʼlimi, kadrlar tayyorlash tizimi, shuningdek, ayollar universitetlarini tashkil etish bo‘yicha Koreya tajribasini yana-da batafsil o‘rganish, mamlakatimizdagi davlat organlari xodimlarini xorijiy davlatlar, xususan, Koreya Respublikasidagi oliy taʼlim muassasalarida bilim olishlari uchun tanlov tizimini takomillashtirish shuningdek, koreys tajribasi misolida o‘zbek tilining lug‘at bazasini muntazam yangilab borish va kengaytirish kabi takliflar shular jumlasidandir.

Uchrashuv yakunida Senat Raisi bildirilgan takliflarning amalda o‘z ifodasini topishi uchun zarur imkoniyatlarning barchasini ishga solishini aytib o‘tdi.

O‘z navbatida Koreya Respublikasida taʼlim olayotgan va o‘z kasbiy faoliyatini olib borayotgan mamlakatimiz fuqarolari bilim va tajribalarini kelajakda yurt ravnaqi va taraqqiyoti uchun qo‘llashga tayyor ekanliklarini bildirdi.

Tashrif doirasida Shuningdek Tanzila Narbayeva Milliy Assambleya Spikeri Kim Chjin Pxyo bilan muzokara o‘tkazdi.

O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasidagi do‘stlik hamda alohida strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy-gumanitar, ayniqsa parlamentlararo aloqalarni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Parlamentlararo hamkorlik samarali yo‘lga qo‘yilgani, parlament rahbarlarining o‘zaro tashriflari doirasida amaliy kelishuvlarga erishilgani, do‘stlik guruhlarining o‘zaro muloqot faollashgani mamnuniyat bilan qayd etildi. 

O‘zbekiston va Koreya hududlararo hamkorligini kengaytirish, xususan mahalliy Kengashlar o‘rtasida aniq chora-tadbirlar ko‘rsatib o‘tilgan qo‘shma dasturni qabul qilish orqali hududlardagi deputatlar o‘rtasida yaqin aloqalar o‘rnatish yuzasidan fikr almashildi.

Koreya O‘zbekistonning Osiyo-Tinch okeani mintaqasidagi yetakchi savdo-iqtisodiy sheriklaridan biridir. Shu nuqtai nazardan savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish eng ustuvor vazifa hisoblanadi. Oxirgi 5 yilda tovar aylanmasi ikki baravar oshdi. 2022-yilda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 23,3 foizga o‘sdi va 2,34 mlrd dollarni tashkil qildi. 2025-yilga borib mazkur ko‘rsatkichni 5 mlrd dollarga yetkazish uchun katta imkoniyatlar mavjudligi aytib o‘tildi. 

Xususan, aniq maqsadlarga e’tibor qaratilib, qator qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, jumladan, ishlab chiqarish korxonalarini zarur infratuzilma bilan ta’minlash, noyob metallarni o‘zlashtirish, shuningdek, yuqori tezlikda harakatlanish imkonini beruvchi yo‘llar barpo etish borasida hamkorlikni kuchaytirish lozimligi ta’kidlandi.

Madaniy-gumanitar aloqalar ham tomonlarning diqqat markazida bo‘lib, ta’lim va kadrlar tayyorlash yo‘nalishlaridagi qo‘shma dasturlarni amaliy mazmun bilan boyitish  takliflari ilgari surildi.  

Mamlakatlarimiz pozitsiyalarining yaqinligidan kelib chiqib, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, jumladan, BMT institutlari va boshqa tuzilmalar doirasida bir-birini qo‘llab-quvvatlashga, ko‘p qirrali hamkorlikning ustuvor va istiqbolli yo‘nalishlari bo‘yicha ikki tomonlama munosabatlarni yangi darajaga olib chiqishga kelishib olindi. 

Shu bilan birga, ushbu mamlakatning bandlik va mehnat vaziri Li Jung Sik bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Davlatlarimiz o‘rtasidagi ikki tomonlama aloqalarda mehnat munosabatlari bilan bog‘liq yo‘nalish muhim ahamiyat kasb etishi, bu boradagi loyihalarni hayotga tatbiq etishning huquqiy asoslarini birgalikda ishlab chiqish, munosib mehnat, qulay va xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratish kabi masalalar muhokama markazida bo‘ldi.

Mehnat migratsiyasining uyushgan shakllarini kengaytirish, respublikadan tashqariga ishlash uchun chiqayotgan fuqarolarning mehnat va ijtimoiy huquqlarini himoya qilishni taʼminlash, xorijdan qaytgan mehnat migrantlarini tadbirkorlik va mehnat faoliyatiga keng jalb etish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish muhimligi qayd etildi.

Har yili O‘zbekiston mehnat bozoriga 600 ming nafar yoshlarning kirib kelishini hisobga olgan holda ular ishsizligini bartaraf etish va ish o‘rinlari istiqbollarini o‘zgartirish, ularni o‘qitish va kasbga manzilli tayyorlash yo‘nalishida hamkorlikdagi loyihalarni amalga oshirish yuzasidan fikr almashildi.

Bunda O‘zbekistonda kasb-hunar taʼlimida, o‘zbekistonlik ishchilarning mehnat bozorida raqobatbardoshligini oshirishda ko‘maklashib kelayotgan “KOICA” xalqaro hamkorlik agentligining o‘rniga alohida urg‘u berildi.

Koreya Respublikasi Bandlik va mehnat vaziri Li Jung Sikning iyul oyida O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuvlarni, xususan, O‘zbekiston Respublikasi va Janubiy Koreyaning tegishli vazirliklari o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi memorandumning imzolanishi ikki tomonlama munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqishi taʼkidlandi.

Uchrashuv yakunida ushbu memorandumni amalga oshirish bo‘yicha bosqichma-bosqich “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish, jumladan, qo‘shma treninglar o‘tkazish, statistik maʼlumotlar va mutaxassislar almashinuvini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Tashrif doirasida mamlakatimiz delegatsiyasi Seul shahrida Markaziy Osiyo davlatlari va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi hamkorlik bo‘yicha parlament spikerlari yig‘ilishida ishtirok etdi.

Shuningdek, uning ishida Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi Spikeri Kim Chjin Pxyo, Qozog‘iston Respublikasi Parlamenti Majlisi raisi Yerlan Koshanov, Qirg‘iziston Respublikasi Jogorku Keneshi Torag‘asi Nurlanbek Shakiyev, Tojikiston Respublikasi Majlisi Namoyanadagon Majlisi Oli raisi Maxmadtoir Zokirzoda va Turkmaniston Milliy Gengesh Majlisi raisi Dunyagozel Gulmanovalar, shuningdek, deputatlar va  boshqa siyosiy arboblar  qatnashdi.

Parlamentlararo hamkorlikning “5+1” formatida tashkil etilgan mazkur platformadan ko‘zlangan maqsad   - mamlakatlar o‘rtasidagi ko‘p qirrali muloqotni yana-da mustahkamlashga yangi surʼat va mazmun berishdan iborat.

Tadbirning asosiy sessiyasi “Markaziy Osiyo mamlakatlari va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi mintaqaviy hamkorlik istiqbollari va ustuvor yo‘nalishlar: keyingi 30 yil uchun shiddatli harakat” mavzusiga bag‘ishlandi.

Unda so‘zga chiqqanlar so‘nggi yillarda Markaziy Osiyo davlatlari va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik kun tartibidagi anʼanaviy masalalar bilan bir qatorda oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirish va amaliy hamkorlikni kengaytirishda parlamentlararo muloqot muhim ahamiyat kasb etayotganini taʼkidladilar.

Senat Raisi o‘z so‘zida 15 yildan ortiq davr davomida investitsiyalar, innovatsiyalar, transport, sog‘liqni saqlash, taʼlim va madaniyat hamda boshqa sohalarda o‘zaro hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha yangi tashabbus va g‘oyalarni ilgari surish bo‘yicha ish olib borayotgan “Markaziy Osiyo + Koreya” hamkorlik formatining (2007 yildan beri) o‘rni muhimligini alohida taʼkidladi.

Shuningdek, mazkur xalqaro muloqot davomida bir qator takliflar ham ilgari surildi. Xususan, texnologiyalar, innovatsiyalar va yashil iqtisodiyot sohasida parlamentlararo hamkorlikni chuqurlashtirish, muqobil energiya va “yashil” vodorod ishlab chiqarish sohasida Koreya sarmoyalarini jalb qilish va yangi texnologiyalarni joriy etish kabi masalalar shular jumlasidandir.

Kunning ikkinchi yarmida yig‘ilish ikki sessiyaga bo‘lingan xolda o‘z ishini davom ettirdi. “Markaziy Osiyo mamlakatlari va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik” mavzusiga bag‘ishlangan sessiyada bugungi kunda dunyoda tobora kuchayib borayotgan qarama-qarshilik va nizolar, jahon iqtisodiyotidagi salbiy tendensiyalar, beqaror xalqaro savdo-iqtisodiy munosabatlar sharoitida ko‘p qirrali va o‘zaro manfaatli hamkorlikni, jumladan, parlamentlararo muloqot orqali saʼy-harakatlarni birlashtirish masalalariga eʼtibor qaratildi.

Sessiyada Senat Raisi o‘z fikrlarini bildirib, Markaziy Osiyo mamlakatlari va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni yana-da rivojlantirish mintaqaviy hamkorlikning asosiy drayveri bo‘la olishi, savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy aloqalarni mustahkamlash bo‘yicha amaliy hamkorlikni rivojlantirish uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratishda parlament ko‘magi muhimligini qayd etdi.

Taʼkidlab o‘tilganidek, hozirgi vaqtda muammo va ziddiyatlarni aniqlash uchun transport va logistika faoliyatini tartibga soluvchi amaldagi meʼyoriy hujjatlarni o‘rganish va tahlil qilish talab etiladi. Mavjud standartlar va talablarni, shuningdek, barcha manfaatdor tomonlarning ehtiyojlarini hisobga olgan holda loyihalarni ishlab chiqish zarurligiga urg‘u berildi.

“Markaziy Osiyo mamlakatlari va Koreya Respublikasi o‘rtasida raqamli transformatsiya sohasidagi hamkorlik” mavzusidagi sessiyada esa ishtirokchilar eʼtibori iqtisodiy taraqqiyot va Markaziy Osiyoning jahon miqyosidagi mavqeini mustahkamlashda raqamlashtirish jarayonlarining muvaffaqiyati va iqtisodiyotning turli tarmoqlariga sunʼiy intellektning keng joriy etilishi masalalariga qaratildi.

Sessiyada Oliy Majlis Senati Raisi Koreya Respublikasi ko‘magida Toshkent shahrida ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish, malakali kadrlar tayyorlash va mintaqadagi barcha mamlakatlar ehtiyojlari uchun ommabop IT-mahsulotlarni ishlab chiqishga yo‘naltirilgan sunʼiy intellektni o‘rganish va rivojlantirish bo‘yicha Markaziy Osiyo markazini tashkil etish hamda raqamlashtirish sohasida Koreyaning yetakchi universitetlari bilan ushbu sohada malakali kadrlar tayyorlash bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish takliflarini ilgari surdi.

Yig‘ilishda “Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi” parlamentlararo hamkorlikning navbatdagi yig‘ilishini 2024 yilda Ashxobodda o‘tkazish taklifi qo‘llab-quvvatlandi.

Tadbir so‘nggida Markaziy Osiyo davlatlari va Koreya Respublikasi parlamentlari spikerlarining birinchi yig‘ilishining Qo‘shma deklaratsiyasi qabul qilindi.

 


Tanlangan kalimalar: #O'zbekiston

Aloqador xabarlar