O'zbekistondan xabarlar-51

Kengash yig’ilishida ayollar masalasi muhokama etildi.

2037394
O'zbekistondan xabarlar-51

 

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Kengash aʼzolari 2030 yilga qadar O‘zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasini 2023 yilda amalga oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi ijrosini muhokama qildilar.

Joriy yilning birinchi yarim yilligida mazkur Dastur ijrosi bo‘yicha tegishli ishlar amalga oshirilganligi qayd etildi.

Taʼkidlanganidek, xotin-qizlarning siyosiy va ijtimoiy faolligini oshirish, ularni rahbarlik lavozimlariga tayyorlash, ilm-fanni rivojlantirish, ayollar malakasini oshirish maqsadida olima xotin-qizlar ishtirokida “PhD sari qadam” mavzusida o‘quv kursi, “Kelajak: ilmli qizlar hamjamiyati” taʼlim-almashinuv dasturi yo‘lga qo‘yilgan.

Inson huquqlari va gender tenglik masalalari bo‘yicha rahbar kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakaviy salohiyatini kuchaytirish bo‘yicha o‘quv kurslari joriy qilingan.

Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazlari tomonidan mehnat jamoalarida zo‘ravonlik turlari va ularning oldini olish bo‘yicha 
qisqa muddatli seminar-trening tashkil etilib, 2 mingdan ziyod ishtirokchi qamrab olingan.

Majlisda senatorlar tomonidan Gender tenglikka erishish strategiyasi doirasida belgilab berilgan vazifalar ijrosini taʼminlashdagi kamchiliklar tanqidiy muhokama etildi.

Xususan, zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarning xulq-atvorini o‘zgartirish bo‘yicha reabilitatsiya tadbirlarini o‘z ichiga olgan maxsus dastur ishlab chiqish vazifasi o‘z yakuniga yetkazilmaganligi qayd etildi.

Davlat ishtirokidagi korxonalarning kuzatuv kengashiga nomzodlar yuzasidan eʼlon qilingan tanlovlarga Milliy kadrlar zaxirasidagi xotin-qizlarning nomzodlarini jalb qilishga yetarlicha eʼtibor qaratilmaganligi tanqid qilindi.

Shuningdek, senatorlar tomonidan davlat organlari va tashkilotlarida, hududlardagi korxona, tashkilot va muassasalarda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni taʼminlash bo‘yicha maslahat kengashi organlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish borasidagi ishlarni jadallashtirish zarurligi taʼkidlandi.

Kengash mutasaddi idora va tashkilotlarni 2030 yilga qadar O‘zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasini 
2023 yilda amalga oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi doirasidagi vazifalarning o‘z vaqtida hamda sifatli bajarilishi masalalariga masʼuliyat bilan yondashishga chaqirdi.

Senat Kengashining majlisida Jahon bankining “Ayollar, biznes va qonun” indeksida O‘zbekiston Respublikasining o‘rnini yaxshilash masalasiga ham eʼtibor qaratildi.

Taʼkidlanganidek, Jahon bankining “Ayollar, biznes va qonun” indeksi O‘zbekiston Respublikasi uchun ustuvor bo‘lgan xalqaro reyting va indekslar ro‘yxatiga kiritilgan bo‘lib, Indeksda O‘zbekiston Respublikasining o‘rnini yaxshilash uchun Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi hamda Bandlik 
va mehnat munosabatlari vazirligi (hozirgi kunda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda uning huzuridagi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi)   masʼul etib belgilangan.

Indeksning 2021-yil natijalariga ko‘ra, mamlakatimiz ilk bor xotin-qizlar huquqlari va gender tenglik bo‘yicha ahamiyatga molik islohotlarni amalga oshirgan 27 ta davlat qatoriga kiritilgan hamda 70,6 ball bilan 5 pog‘onaga yuqorilab, 190 ta davlat orasidan 134-o‘rinni (2019-yilda 139-o‘rin) egallagan. Biroq so‘nggi ikki yilda ushbu ko‘rsatkich o‘zgarishsiz qolgan.

Indeksda O‘zbekistonning pozitsiyasini yaxshilash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda uning huzuridagi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasining axborotlari eshitildi.

O‘zbekiston uchun ustuvor xalqaro reytinglar bo‘yicha samaradorlikning eng muhim ko‘rsatkichlariga (KPI) ko‘ra Indeksda mamlakatimiz 2021-yilda 73,7 ball va 2022-yilda 88,1 ball to‘plashi belgilanganligi, biroq ushbu ko‘rsatkichlarga erishilmaganligi qayd etildi.

Majlis davomida Indeks doirasida muntazam past baholanib kelinayotgan tarkibiy indikatorlarida mamlakatimiz ko‘rsatkichlarini yaxshilash maqsadida chora-tadbirlar belgilab olindi.

Xususan, Indeks bilan ishlashda xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, shu jumladan hisobotni tuzishda ishtirok etuvchi xalqaro tashkilotlar hamda mahalliy ekspertlar bilan muloqot qilish, shuningdek, milliy qonunchilikni takomillashtirish kabi yo‘nalishlarda chora-tadbirlar tasdiqlandi.

Muhokamalardan so‘ng mazkur masala yuzasidan Senat Kengashining tegishli qarori qabul qilindi.

 


Tanlangan kalimalar: #O'zbekiston

Aloqador xabarlar